Sahifa yuklanmoqda . . .


Chiroq haqida ballada

Kunduzlari bedardlik yomon,
Kechalari beomon og‘riq.
Eshikni och, turibman vayron
Derazada sollangan yorug‘.

Boshlarimga yomg‘irlar yog‘di,
Erimadi yelkamdan qorlar.
Tovushimdan shamollar oqdi,
Bo‘g‘zimda uzildi torlar.

Izg‘ib tunning tig‘izligida
Kichiraydi, ezildi yurak.
Kir to‘fonlar to‘ng‘izligidan
Toldim. Menga boshpana kerak.

Derazangni chertgan yomg‘irmas,
Tepgani yo‘q darchangni shamol.
Ular — menman. Men — betoqat g‘am,
Eshigingni, yorug‘, ocha qol!

Xonadoning naqadar ravshan...
Salom, chiroq! Azizim, chiroq...
Men yashayman endi sen bilan
Bu eshikdan ketmayman yiroq.

CHo‘chimayman falak qahridan,
Bulutlardan qo‘rqmayman zarra.
Zulumotning sokin zahridan
Asrar men yorug‘ boshpana.

Aylanadi tomdan narida
Alam ichra qorong‘u ofat.
Navoiyning uzun bahrida
Men g‘azallar qilgum tilovat.

So‘zlar endi ko‘nglimga cho‘ri,
Kun ko‘raman qalbimni yozib.
CHiroq... Jonim... Bu nima ko‘rim
Seni shiftga kim qo‘ydi osib?

U xonaga qo‘rqib ko‘z tashlar,
Porlashida nursiz bir hadik.
Qiynalaru kulib so‘z boshlar:
— Menga kerak... Boshpanasizlik...

Tepasida turar buralib,
Ip ichida nihon simarqon.
— Osilgancha turibman qotib,
Boshlana hech kerakmas... Ishon!

Bu to‘rt devor aylagay asir
Qayda bo‘lsa bir tolim ziyo.
Umidvorsan yonishdan, axir,
Bir lahza ham bunda qolma, oh!

...Bir alamli yig‘i tig‘ida
Tomog‘imga tiqiladi she’r...
Tortish kuchi asirligida
Tun qo‘ynida uchib borar Er.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

74 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
chiroq yorug'lik yolg'izlik nur boshpana eshik tovush shamol
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari