Sahifa yuklanmoqda . . .


Yaxshi bo‘ldi, sendan ayrildim...

«Ortiq sig‘dirmadi meni bu dargoh»

G. Otaboeva

 

Yaxshi bo‘ldi, sendan ayrildim,

Ketmog‘im chun topib berding yo‘l.

Bu dunyoda seni topdim deb,

Yo‘qotibman o‘zimni butkul.

 

Yaxshi bo‘ldi, yechildi bugun,

Oyog‘imdan bu zanjir, bu g‘ul.

Ikki dunyo seni shohim deb,

Qul qilibman, o‘zimni butkul.

 

Yaxshi bo‘ldi, yomon bo‘lsa ham,

Yuragimni ezsa ham darding.

Men aqlini topgan telbaday,

Poylaringdan boshim ko‘tardim.

 

Kechir, ozor berib mehrim-la,

Zeriktirdim, men sodda, men go‘l.

Bu dunyoda seni borsan deb,

Boshqalardan kechibman butkul.

 

Xudoyimning jazosi qutlug‘,

Sendan ketdim, ey qahrli gul.

Shukr, shukr seni yod etib,

Unutmabman Xudoni butkul.

 

Shuning chun ham omon bo‘l endi,

Men bariga silkib qo‘ydim, qo‘l.

Angladimki, seni yo‘qotsam,

Xudoyimni topaman butkul.

 

Endi xayr, endi alvido!

Bari ro‘yo, bari sarob, kul.

Dargohingga sig‘maganimday,

Yuragimga sig‘massan butkul.

 

Men mehrmand, telba go‘dakday,

Ko‘z yoshimga yomon toyrildim.

Yaxshi edi... seni topganim,

Yaxshi bo‘ldi... Sendan ayrildim.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 05-Aprelda yuklangan

123 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ayriliq muhabbat yo'l sevgi ishq dunyo topmoq yo'qotmoq zanjir g'ul shoh qul yaxshi yomon yurak dard aql telba poy bosh ozor mehr jazo qahr gul yod xudo omon qo'l ro'yo sarob kul dargoh go'dak yosh
Muallif
Guljamol Asqarova

Guljamol Asqarova

Guljamol Asqarova 1978-yil 5-mart kuni Samarqand viloyati, Kattaqo’rg’on tumani, Beshdarg’at qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, 2001 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining adabiyot yo’nalishi sohibasi. "Dil fasli", "Ro’shnolik", "Bedor qo’ng’iroq","Baxt dastxati" nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Guljamol Asqarova She'rlari Guljamol Asqarova asarlari