Sahifa yuklanmoqda . . .


Surat

O’limlardan xatlab…

Na oltin, na javohir edim…
Armonli bir yosh shoir edim.
Zuhro bo’lmasang ham chiroyda,
Men ishqingda naq Tohir edim.
Toshlon o’ldi, degan kim axir?
Gulday so’ldi, degan kim axir?
Nihot poymol qutlug' ishq ahdi,
Bol bo’lurmi shunchalar taxir?
Barchinoyday kutganing qani?
Zardob-u qon yutganiig qani?
Umr yo’lida to yumguncha ko’z,
Birga-birga ketganing qani?
Gunohim ne?—Jangda bo’lganim,
Qon kechganim, yuz bor o’lganim.
Diydoringni unutolmayin,
O’limlardan hatlab ketganim…

Surat, surat!

Och nazarim tushar suratga…
Surat, surat! Nega sen tilsiz?
Termulaman suratda xatga…
Janglarda yor eding-ku, o, qiz!
Surat, surat! Nega sen tilsiz?..
Ko’zlarimga boqasan qiyg’och,
Kulasanu, ko’zlaringda yosh.
Halqa-halqa, tarqoq sumbul soch,
Zap qiyilgan bir juft qalam qosh
Kulasanu, ko’zlaringda yosh…
Esingdami so’nggi bo’salar,
Senga toqat tilaganlarim,
Yuz ochganda ayoz bir sahar,
Xayr! — deb soching silaganlarim,
Senga toqat tilaganlarim?
Surat, surat! Nega sen tilsiz?
Seni asrab to’rt yil qo’ynimda…
Topinardim, o’pardim… esiz!
Evoh, qanday zil yuk bo’ynimda,
Seni asrab to’rt yil qo’ynimda…

Ilk bag’ishlovlardan…

I

Oqshom tushar… o’ng-u so’lda
Oppoq-oppoq xirmonlar;
Tinmay o’tar katta yo’lda
Xirmon yukli karvonlar.
To’lib ketar ko’kka yulduz…
Kelinlar soch tarashur;
Sen ham horg’in, sochi qunduz,
Senga hordiq yarashur…
Ko’z tashla oqshomning so’lim chog’iga,
Kel sen ham Oysuluv,
Kel sen ham Oysuluv —
Soy qirg’og’iga…
Tun sochidan tutib sho’x yel
Tortar olis tog’larga.
Asta-asta taralur el
Soya-salqin bog’larga..
Quyib o’tdi bemahal sel,
Ko’k charog’on kechqurun;
Qo’shiq yangrar: «Jononim, kel!—
Oydin, yorug’ bo’lar tun».
Ko’z tashla oqshomning so’lim chog’iga,
Kel sen ham Oysuluv,
Kel sen ham Oysuluv —
Soy qirg’og’iga…

II

O’xshatma

Sen kelgin tong chog’ida,
Sen kelgin naq tong misol,
Tong bolqib yonog’ingda,
Ko’zlarim o’ynata ol!..
Sen kel tush paytida ham,
Daryoda epkin misol;
Sochlarim to’zg’it bir dam,
Dilni ham qo’zg’ata ol!
Sen kelgin oqshom, mayli,
Oqshom qo’shig’i misol;
Go’yo sahnada Layli,
Zavqimni uyg’ota ol!
Sen kelgin oydin tunda,
Albatta kel oy misol;
Quchog’imga afsunday,
To’lin oyday to’la qol…

III

Dilim ranjitsa ham do’q-u dag’dag’a,
Bog’imda bu oqshom jonon o’ynasin.
Gulday chiroyidan bo’lay sadag’a,
Ochilib-sochilib, chunon o’ynasin.
Jo’r bo’lsin bulbullar chalgan torimga,
Qo’shiqlar kuylayin vafodorimga,
Suqlanay Oysuluv otli yorimga,
Sho’x ohudan aylab javlon o’ynasin.

Xipcha belga bog’lab yashil rang kamar,
Gullar-chechaklardan taqsin gulchambar,
Tengi kam o’yinchi, tengi kam dilbar,
Tomoshaga kelib, osmon o’ynasin.

Tovusday tovlangin, ey qoshi kamon,
Visol chamanida bo’laylik omon;
Ayriliq g’ussasi o’limdan yomon…
Qolmayin zarracha armon o’ynasin.

IV

Qo’shiqlar to’qisam — no’noq bo’lmasa,
Sendan o’zga dilga qo’noq bo’lmasa!
Kuylasam tun-u kun suluvlaringni,
Kuylash mumkinmi dil qaynoq bo’lmasa?
Ko’nglim o’ksinadi, ko’nglim sinadi
Ko’nglim bilan ko’ngling inoq bo’lmasa!
Ko’nglim o’ksinadi uchrashganimda
Oysuluvjon sho’x-u quvnoq bo’lmasa!

Sening har maqoming…

Yana tolpinishing ko’rdim sahnada…
Sening har maqoming — nechog’liq tanish!
U kez uchratardim seni panada,
Dilda yonish bordi, yonish va yonish.

Keyin, toqatlar-toq, kutardik visol,
Keyin mangulikka berishdik va’da.
Keyin, quchog’imga to’lding baxt misol —
Innaykin… innaykin… men bo’ldim dada.

Innaykin, ayriliq jafo toshini
Bizning peshonaga urdi ayovsiz.
Innaykin, yiroqda qalam qoshlimni —
Sog’indim, sog’indim, sog’indim… Esiz!

Esiz, ayoz tunlar, uyqusiz tunlar!..
Jang va burch… Yor hajri… Qatma-qat jafo.
Nahot, men seni deb bo’ldim tutunlar?
Nahot, shundoq dilbar beburd, bevafo?

Yana tolpinishing ko’rdim sahnada…
Sening har maqoming menga oshino.
Hozir men ko’rmasam seni panada,
Shukurlar qilaman ming marta, inon!

Ikki dard

Tushlarimda duch kelganda ham
Sho’xligingni aslo qo’ymaysan.
Dam qah-qahu, dam ko’zingda nam,
Bu kulfatdan nechun to’ymaysan!
Ham nafratim, ham ayanchim bor,
Yurak — ikki dardga mubtalo.
G’amzalar… oh bekor-ku, bekor…
Qayta og’ir bo’ldi bu balo!
(Ko’rmay desam, ko’zim ko’r emas,
Yurmay desam, oyog’im butun.
Ammo yurak ortiq jo’r emas,
Xayollarda bo’laman tutun.
Tug’ilmagan bo’lsaydim, koshki,
Bo’lur eding baxtli, ehtimol.
Ering bilan, mayli, yarashki,
Ering axir… Uvol-ku, uvol!

Xat…

Xating, jonon, obdan beta’sir,
Uzilgan ip nechuk bog’lanur?
O’zing axir, saqlayapsan sir,
O’z aybingdan qalbing dog’lanur.
Muncha uzun, muncha oh-u voh,
Pushaymonga qoldimi o’rin
Agar senda bo’lmasa gunoh,
Bildirmading nega sal burun?
Bazmlarning guli bo’lganing —
Yolg’on bo’lsa, boq-chi ko’zimga.
Maqtovlarning quli bo’lganing —
Yolg’on bo’lsa ayt-chi o’zimga!
Qani ular? Soxta muhabbat?..
Nega fahming yetmaydi avval?
Sog’inishga qoldimmi faqat?
Dunyo ishi shundoq… Galma-gal…

Taqillatsam…

Kichik uyda o’chmagan chiroq,
Bilamanki, sen hali uyg’oq,
Parishonsan, xayollar tarqoq,
Tun yarimdan ancha o’tgan choq,
Bilamanki, sen hali uyg’oq.
Bilamanki, o’qiysan kitob,
She’rim seni etadi kabob.
Oh chekasan, bitar toqat-tob,
Bilamanki, yod bo’lgan bir bob,
She’rim seni etadi kabob.
Yuragingda uyg’onur u soz,
Taqillatsam berasan ovoz,
Xayolingda qishing bo’lur yoz,
Ammo, qaytib ketaman… Ayoz…
Taqillatsam, berasan ovoz.
Bilamanki, chiqmas ko’nglingdan,
Ne yomonlik ko’rding sen mendan?
Shu vajdanki har kun singlimdan —
So’roqlaysan ahvolimni san…
Ne yomonlik ko’rding sen mendan?..

Bugun yo’lda…

Bugun yo’lda duch kelganingda,
Nega birdan to’xtading, jonon?
Ering kelar edi yoningda,
Sal qoldiki chaqirsang: «Toshlon!»
Men panaga oldim o’zimni,
Sen yo’lingga tushding haytovur.
Ko’rmaganga soldim o’zimni,
Janjal bo’lur albatta bir qur.
Sho’rlik Toshlon, bechora Toshlon!
G’amdiyda, hey ko’zlarim, yoshlan!..

Amon!..

Xuddi shunday erta bahorda
Uchrashgandik ikkov kechqurun.
Ayrilgandik erta saharda,
Hali issiq ko’rinur o’rin…
Hamon o’sha chinor — yam-yashil,
Daryo bo’yi — zumrad soyabon…
Bezovta bo’ldi-ku andak dil,
Amon, xayol! Amon, al-amon!..

Bolajon

Ey… Ko’zlaring muncha ham qiyiq,
Muncha qiyiq, muncha betiyiq,
Kipriklaring muncha ham quyuq,
O’g’limga o’xshaysan, bolajon!
Bilmas hatto yaqin hamxonang,
Ocharmidi yuragin onang?
Men-chi… Men-chi… Men-chi, begonang…
O’g’limga o’xshaysan, bolajon!

Haftada, oyda…

Amaki de, xafa bo’lmayman,
Ota dema, yuz berur balo.
Haftada kel, mayli, o’lmayman.
Fahm etarsan axir bir yo’la.
Haftada kel, mayli, oyda kel,
Amaki de, aka de, mayli…
Ammo qolmay albat mayda kel,
Uzoqmas-ku, hozir Kegayli!..

Ertak…

… Qissamizni yoyma olamga,
Yuragimiz bo’lsin jim makon.
Ertak kabi so’yla bolamga,
Ma’lum bo’lsin unga bu doston…
Muhabbatning gavhar donasin —
O’g’irlatgan tentaklar, desin.
Har kun, har kun qistab onasin:
— Ertak, ertak, ertaklar!—desin!

Yana bahor, shovillar anhor,
Boshlaringda nega yo’q chambar?
Yana bog’da kezasan tanho,
To’lib-to’lib yig’laysan magar.
Boshlaringda nega yo’q chambar?
Gul yuzingda g’am ko’lankasi,
So’zladingmi suvga tushingni?
Adashganlik bo’ldi hammasi,
Yaltiroq rang oldi hushingni?
So’zladingmi suvga tushingni?
Nega ko’zing bezovta, betinch,
Boqishlaring bu qadar mungli?
Barin unut, pushaymoning kech,
Og’rimasin yangi yor ko’ngli…
Boqishlaring bu qadar mungli?
Balki, esga tushdi may tuni,
Tabiatning to’lin oy tuni,
Muhabbatga joyli-joy tuni,
Vafolarga mo’l va boy tuni.
Tabiatning to’lin oy tuni…
Balki esda u ilk muhabbat,
Muhabbatga qanot bo’lgan xat?
Marmar toshga o’yilgan kabi,
Ko’z oldingdan ketmas u fursat
Muhabbatga qanot bo’lgan xat…

Yor deguncha…

Oylar, yillar qiynadi jafong,
Jon ayading, bo’lmadi vafong.
Yor deguncha, do’st ataguncha,
Desang yaxshi: «Aylansin onang…»
Opa deyman, yor atamayman;
Hayhot!.. Opa, ayaga boyman,
Murdor ekan yurak naqadar,
Ba’zan tanho achchiq yig’layman.

Dilda qoldi…

Qaydan chiqdi bu balo surat,
Balolarga mubtalo surat,
Xotirimga tushdi yigitlik,
Kayfim oldi ajdaho surat…
Dudoqlari yarqiroq la’li,
Pari desam yarashur, bali.
Shahlo ko’zlar, qasdi jon ko’zlar,
Yonarmisan shu xilda hali?
So’ldi butun ishqim bog’lari,
Yigitlikning bahor chog’lari.
Sen yonasan, men o’rtanaman,
Dilda qoldi hijron dog’lari…

Sen dildorsan unga noiloj,
Suyuk yorsan unga noiloj…
Ikki yillik shirin umrdan —
Qoldikmi shu kunga noiloj?

Faqat!

Nega ko’nglim, bo’lding betoqat?
Tinchlan, dedim senga necha qat.
So’narmidi g’ussa otashi —
Yozgan bilan menga ba’zan xat?
U — yoshlikni sog’inar faqat,
Esdaliklar jon qiynar faqat.
Yoshlikdagi muhabbat o’chmas,
Ajal kelsa, u tinar faqat…

Yana surat…

Siynang toza oq marmar kabi,
Marmar emas, yumshoq par kabi.
Marmar sovuq ammo bu siyna —
Do’zax kabi, yo’q, battar kabi…
Siynang shundoq… Yuraging-chi, tosh
Ko’zlaring-chi, beayov — bebosh.
Shahlo emish… Shahlo nimasi?
Oh, u ko’zlar bir parcha quyosh.
Tasviringga no’noqman, nochor…
Menga qoldi surat yodgor…
O’xshashingni topolmayman hech,
Bu malohat faqat senda bor.
Hammasidan — kulishing yaxshi.
Dilkash, munis turishing yaxshi.
Ko’kragimga boshingni qo’yib,
Taslim bo’lib turishing yaxshi.

1956—57, Qoraqalpog’iston.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 14-Fevralda yuklangan

524 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
surat muhabbat armon o'lim xat o'xshatma bag'ishlov tong tush oqshom tun qo'shiq maqom dard xayol nafrat ayanch uy chiroq bola dada er o'g'il bazm maqtov gul jonon hafta oy amaki aka yor ona opa dil
Muallif
Mirtemir

Mirtemir

Millat turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-intilishlarining betakror qirralarini o’zga ijodlardan farqli xalqona bir yo’sinda o’zbek badiiyatiga olib kirgan hassos, donishmand shoir. She’riyatida so’zning inja ma’no nozikliklari, qadim va turkiyona mavqelari qad rostlab, shoirning fusunkor, zakiy hikmatlariga xizmat qiladi.

Batafsil


Yangi She'rlar Mirtemir She'rlari Mirtemir asarlari