Sahifa yuklanmoqda . . .


Qaldirg'ochlar bahorda keladi

(hikoya)

Bu voqea Toshkentda yer qimirlagan o‘sha dahshatli unutilmas yilda bo‘lib o‘tgandi. Biz, yer qimirlashning qoq markazida, mashhur Qashqar mahallasida istiqomat qilardik. Yuz bergan tabiiy ofat tufayli uyimizning hamma yog‘i buzilib-yorilib ketib, bunday qaraganda xonalar but-butun turgan bo‘lsa-da, lekin yashash uchun mutlaqo yaroqsiz holga kelib qolgandi. Yaxshiyam, baxtimizga o‘sha kezlari iliq-issiq kunlar boshlanib ketdi, chodir tikib hovliga chiqa qoldik.

Albatta, odatdan tashqari bunday yashash sharoiti romantikaga ishqiboz bolalarga juda qo‘l keldi. Ayniqsa, ko‘ch-ko‘ronlarimizni yig‘ib hovliga chiqib olganimiz qizimiz Nodirada alohida qiziqish uyg‘otdi. Lekin qizig‘i shundaki, endigina oltinchi sinfga o‘tgan, har turli sarguzasht hikoyalarga qiziquvchi, biror gap bo‘lsa tagiga yetmasdan tinchimaydigan bu sersavol qiz avvaliga hazil-huzul qilib yurdi-yu, keyin el boshiga chinakamiga katta tashvish tushganligini tushunib, o‘zini xuddi kattalardek jiddiy tutadigan bo‘lib qoldi. Buning boshqa sabablari ham bor ekanki, unisi bizga keyin ma’lum bo‘ldi.

Esimda, uyimizning o‘rtadagi katta xonasining shiftiga qaldirg‘ochlar uya qo‘yishgandi. Bu ajoyib qushchalar har yili bahor faslining ma’lum kunlarida biznikiga uchib kelishar, o‘zlari qurgan inlarining u yoq-buyog‘ini «tuzatib», keyin o‘sha uyada yoz bo‘yi bemalol «istiqomat» qilishardi. Biz butun oilamiz bilan qaldirg‘ochlarga judayam o‘rganib qolgandik, ayniqsa, yakka-yu yagona qizimiz Nodira ularni juda sevar, bahor boshlandi deguncha qaldirg‘ochlar kelishini orziqib kutardi. Ba’zan qish cho‘zilib ketsa, kechikib qolayotgan vafodor do‘stlarini qo‘msab, havoning tezroq yurishib ketishini o‘zicha iltijo qilardi. Yer qimirlab, hamma narsa hovlida ochiq-sochiq yotgan, oilada besaranjomlik hukm surgan bir sharoitda Nodira o‘z qaldirg‘ochlarining taqdiri haqida o‘ylayotgan bo‘lsa ham ajab emas.

Mana, hamma narsani qish uyqusidan uyg‘otib, elga olam-olam gul, chechak, go‘zallik hadya etib ko‘klam boshlandi. Bahor uchun turli tabiiy ofatlar, yer qimirlash degan narsalar baribir, aloqasizdek...

Bir kuni tong bilan to‘satdan bahor jarchilari — qaldirg‘ochlar ham paydo bo‘lib qolishdi, go‘yo xonadonimiz to‘lib ketgandek, boshimizdagi tashvish biroz bo‘lsa ham kamaygandek tuyuldi bizga. Nodiraning esa quvonchi cheksiz edi.

Qaldirg‘ochlar kela solib shoshilgancha o‘z xonalariga kirib ketishdi, keyin tezda qaytib chiqib nimalardir deb chug‘urlasha boshladi. Goho eshikdan, goh ochiq derazadan kirib, butun xonada girdikapalak bo‘lib aylanishar, nima uchundir bezovta bo‘lib vijirlashardi. Xullas, o‘zaro «muhokama» bir necha daqiqa davom etdi-da, keyin qaldirg‘ochlar birpasda qayergadir g‘oyib bo‘lishdi, xonadonga jimlik cho‘kib, hamma yoq suv quygandek huvillab qoldi.

Biz, qaldirg‘ochlar tezda qaytib kelar, deb o‘yladik, ammo bir necha daqiqa o‘tgan bo‘lsa-da, ulardan darak bo‘lmadi. Nodiraning ruhi tushib ketdi, quvonchi tugab, ko‘ngli buzildi. Axir, shuncha yillardan beri bir xonadonda turib, bir-birovlariga o‘rganishib qolgan vafodor «do‘stlari» ketib qolgandi-da. Qiz qalbi ezilib, ginaxonlik qilgandek ham bo‘ldi: «Nahotki, boshimizga tashvish tushib, uylarimiz buzilib yotgan sharoitda qaldirg‘ochlar bizni tashlab ketishsa», o‘yladi Nodira. Oshxonada ovqat tayyorlayotgan onasining yoniga borib, arz-dodini ayta ketdi:

      — Oyijon, menga qarang, axir endi nima qilamiz-a, qaldirg‘ochlar ketib qolishdi-ku...

     — Voy qizim-ey, qayerga ham ketishardi, hozir qaytib kelishadi, — dedi onasi beparvo.

     — Yo‘q, kelishmaydi, so‘zlashganlarini o‘zim eshitdim... - qizining gapiga onasi birdan xandon tashlab kulib yubordi:

     — Voy qizim tushmagur-ey, gapiga qarang-a, qaldirg‘ochlar so‘zlashgan emish. Xo‘sh, ularning gaplarini qanday tushunding?

     — Tushundim-da, o‘zim bilaman, ilgarigi yillardagidan ancha boshqacharoq chug‘urlashdi. Bilasizmi, oyijon, ular juda bezovta bo‘lishdi, ha, ishonavering...

     — Uylarimiz ahvolini ko‘rib achinishgandir, qushlar juda ham sezgir bo‘lishadi.

     —    Balki shundaydir...

Shu vaqt qaldirg‘ochlar qaytib kelib qolishdi. Endi ular uyga kirmay, ayvonda aylana boshlashdi. Keyin bilsak, ular o‘z rejalarini o‘zgartirib, uy masalasini boshqacharoq hal etishgan ekan. Katta tashlab, birdaniga ayvonning shiftiga in qurishga kirishib ketishgandi. Qarabsizki, «qurilish» ishlari tez sur’atlar bilan boshlanib ketdi, mohir «quruvchilar» charchash nimaligini bilmay, tong sahardan to kech qorong‘isigacha tinimsiz ishlashardi, arxitektor ham, quruvchi ham, shuvoqchi ham o‘zlari... Qaldirg‘ochlarning shunchalik jafokash, mehnatkash-ligiga tahsinlar o‘qiysan, kishi. Xullas, jafokash qushlarning igna bilan quduq qazigandek, o‘z uylari poydevorini asta-sekin qurayotganliklarini doimiy kuzatib borayotgan Nodira tabiiy ofatdan chetda qolmagan qushlarga rahmi kelar, «imorat»ning tezroq bita qolishini orziqib kutardi.

Shu orada shahar markazida moskvaliklar barpo etgan ko‘p qavatli yangi uy binosi bitdi-yu, bizga undan uch xonali kvartira berishdi. Nima ham qilardik, bir necha yillardan beri yashagan, yoshlik yillarimiz o‘tgan qadrdon xonadonimizni tashlab ketishga to‘g‘ri keldi. Yangi uyga ko‘chib ketayotgan bo‘lsak ham, har holda, yuragimiz uyushdi, ayniqsa, Nodira judayam bo‘shashib qoldi. Hamma-hamma bilan-ku, qiz tushmagur: «Qaldirg‘ochlar nima bo‘ladi», - deb turib oldi.

     — Jon adajon, qaldirg‘ochlarni yangi uyga olib ketaylik, — deb ko‘ziga yosh oldi.

     — o‘zing ko‘rib turibsan. Ular uy qurishyapti, shu yerda yashashlari kerak, — dedim uni yupatib.

     — Axir biz ketsak, quruvchilar uyni buzishadi-yu, unda sho‘rliklar nima qilishadi?

Nodiraning savollariga javob bera olmaymiz, keyin yana uni yupatishga harakat qilamiz:

     — Uy hali-beri buzilmaydi, ungacha qaldirg‘ochlar bemalol bola ochib, ularni katta qilib olishadi.

     — Hammasidan xabarim bor, qo‘shnimizning qizi aytdi, bu yerlarga katta imoratlar tusharmish, qishga qadar bitar emish!..

     —    Unday emas, har holda, kuzga qadar buzilmaydi.

     —    Mayli, kuzgacha buzilmasin deylik, xo‘sh, yanagi yil bahorda qaldirg‘ochlar qayerga kelishadi?

     — Ko‘rib turibsanki, qaldirg‘ochlar judayam aqlli qushlar, mana ular o‘zaro maslahatlashib, nurab turgan uyga kirmay bizni hovlida yashayotganimizni ko‘rib o‘z inlarini ayvonga qurishdi, bas, shunday bo‘lgach, yanagi yil bahorda yana qaytib kelishsa, albatta, o‘zlariga yarasha joy topib olishadi.

     — Qayerdan topisharkin-a? — taajjublandi Nodira.

     — Balki bizning ko‘p qavatli uylarimizga borishar.

     — Rostdanmi-a, adajon, qani endi shunday bo‘lsaydi... - sevinib dedi Nodira.

Shunday qilib, oradan bir hafta o‘tgach, ko‘chlarimizni ortib yangi uyga ko‘chib ketdik. Eson-omon yangi uyga joylashib oldik. Keng, shinam qilib qurilgan, barcha sharoitlari, qulayliklari bo‘lgan qutlug‘ xonadonimiz hammamizga judayam yoqib tushdi. Hayotimiz o‘z iziga tushib ketdi.

Kunlardan bir kuni Nodira bilan birgalikda ba’zi bir zarur mayda-chuydalarni olib kelish uchun Qashqar mahallasidagi eski uyimizga yo‘l oldik. Hovliga kirishimiz bilan men ham, Nodira ham ayvondagi qaldirg‘ochlar qurayotgan uyaga qaradik. Qaldirg‘ochlar yo‘q edi, biz avvaliga hovli o‘rtasida turgancha, qaldirg‘ochlar «qurilish materiallari» tashiyotgan bo‘lsa kerak, hozir kelib qolishar, deb biroz kutdik. Lekin qushlardan darak bo‘lmadi, aftidan, ular «yangi uy» qurilishini chala qoldirib, allaqachon uchib ketishgandi...

Nodiraga qaradim, ko‘zlarini yerga tikkancha sukut saqlab turardi. Nodira ham qarab turganimni bildi-yu, ko‘zlaridagi namni bildirmaslik uchun yuzini chetga burdi. Ota-bola indamasdan huvullab yotgan bo‘sh hovlidan tezda orqamizga qaytib chiqib ketdik. Nima uchundir yuragim uzilib ketgandek tuyuldi, ko‘chib ketayotganda ham bunchalik xafa bo‘lmagan edim...


Ushbu realistik hikoyani nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi Realistik hikoyalar Maqsud Qoriyev Realistik hikoyalari Maqsud Qoriyev asarlari