Sahifa yuklanmoqda . . .
Osmonda bir burgut uchib yuribdi,
Qanotin silkitar mag‘rur va masrur.
Eh, uning ko‘zlari yonib turibdi,
Otash nigohida qat’iy bir g‘urur.
Boqaman, hojat yo‘q sharh uchun so‘zga,
Kor qilmas ko‘nglimga hech qanday o‘git.
Bilaman, u meni imlaydi ko‘zga,
Faqat yuksaklikni tan olur burgut.
Erdagi hayot ham emasdir taxir,
Yuksaklik meni ham chorlar har nafas.
Ey burgut, qanotim yo‘q mening axir,
Menga ham uchmoqlik buyuk bir havas!..
1973
Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).