Sahifa yuklanmoqda . . .


O'lmas edi balki odamzod...

O'lmas edi balki odamzod,

Bo’lar edi dunyoga ustun.

Aqli bo’lsa jahlidan ziyod,

Sabri bo’lsa nafsidan ustun.

Ajal deya ataluvchi choh

Ichra zinhor tushmasdi odam,

Bo’lsa edi ozgina ogoh,

O’ylabgina qo’ysaydi qadam.

Ish o’ldirmas, ishkal o’ldirar,

Jon zavoli yuz yoshmas, ko’z yosh,

Inson nega dunyodan ketar

Quvlab unga otmasalar tosh?!

Tahqir zahr-u xanjar ila teng,

Tuhmat ortiq o'qdan va dordan.

Inson o'lmas biri birining

O'lishiga bermasa yordam.

Inson o'lmas o’ldirmasa g’am,

Makon qilmas qaro turbatni.

Ko’rsa agar tirigida ham

O’lganida topgan hurmatni.

Olam to’la fitna, adovat,

Mangu qolib netar odamzod?

Bir kun charchab, izlab farog’at

Tinch dunyoga ketar odamzod.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Fevralda yuklangan

1011 marta ko'rildi

4 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
o'lim odam dunyo ustun aql jahl sabr nafs ajal choh ogohlik qadam ish ishkal jon zavol yosh ko'z tosh tahqir tuhmat zahr xanjar o'q dor yordam g'am makon turbat tiriklik hurmat olam fitna adovat
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Erkin Vohidov She'rlari Erkin Vohidov asarlari