Sahifa yuklanmoqda . . .


Men shoirmi?

«Tarjimayi holim»ga

Xayolim bir uchib ketib qoladir,

Men ham tizginini qo’yib beraman.

Zotan, qandoq qilib tutib turaman?

Eng nozik qilimga tegib qoladir.

 

Uchadir... uchadir... ming qabat ko’kni

Bir boshdan siypalab o’ta beradir.

Zerikmay, erinmay keta beradir,

Ba’zan hovliqtirib jinni yurakni...

 

Ko’lanka kabidir, o’tgan yeridan

So’ngra qarasangiz, bir nishon qolmas.

Yurgan yerlaridan oziq ham olmas,

Shunda zerikaman uning sayridan...

 

Bir zamon bir shirin joyga yetganda,

Nariga o’tmasdan to’xtab qoladir,

Oshiqdek yastanib, yotib oladir...

Shu choqda qiynalish boshlanar menda.

 

Chunki xayolimning ko’zlari bilan

Bir go’zal holatni ko’rib turaman,

Lazzatga g’arq bolib, o’lib turaman.

U holni borliqning so’zlari bilan.

 

Anglatish qo’limdan kelmay qoladir,

Shu choqda tillarim qaldirab ketib,

Borlig’im yo’qlikka g’ildirab ketib

Demakki: «Boshqalar bilmay qoladir

 

Shunday go’zallikni! Attang agar men,

Rassom bo’lsam edi, chizib berardim.

O’xshash nusxa bilan yozib berardim.

Shu ojiz holimda shoirmanmi men?. . »

 

Shoirlik menda bir soyami, deyman,

Har bir tushunchamni yoza olmagach,

Rassomdek xayolga chiza olmagach,

Haqir borlig’imga ko‘p afsus yeyman...

 

Xayolim yuksakdan tushib ketadir,

Shoirlik chang bo’lib uchib ketadir...

1928


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 13-Yanvarda yuklangan

559 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shoir tarjimayi hol xayol nozik qil qabat ko'k bosh jinni yurak ko'lanka nishon yer sayr uchish oziq zamon shirin joy oshiq qiynalish ko'z go'zal holat lazzat borliq so'z qo'l til yo'qlik rassom nusxa soya tushuncha chang
Muallif
Abdulhamid Cho'lpon

Abdulhamid Cho'lpon

(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulhamid Cho'lpon She'rlari Abdulhamid Cho'lpon asarlari