Sahifa yuklanmoqda . . .


Men Quyoshni sevsam...

Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing

Men Quyoshni sevsam, hech kim qarshi emas,

Man etmas gullarni ko'ksimga taqsam.

Tabiatni sevsam, tahqir etmas hech kim,

Ayb etmas, osmonga suqlanib boqsam.

 

Men qo'rqaman faqat sening sevgingdan,

Seni sevganimni arz etsam bir kun,

Ro'para bo'ladi ming xil to'g'anoq, avvalo

Sen o'zing kulishing mumkin.

 

Qolaversa, tahdid, qarg'ish yo tahqir

Yana mol-mulk, sun'iy tashvishlar,

Aqidalar, urflar rahna solar balki,

Balki, ta'qib qilar mish-mishlar.

 

G'ov bo'lishi mumkin qonun, istehzo,

Kimningdir nafrati, zaharhandasi. 

O'zi o'ylab topgan shartlar chirmovug'in

Yorib chiqa olmas bandasi.

 

Bordi-yu sen tol bo'lsang yo bir dona gul,

Men nur bo'lsam yo tomchi shabnam.

Sevgimizni hech kim man etolmas edi.

Ammo, netong, afsuski, biz odam...

 

Ha, odammiz...Odam dili qat-qat:

Goho farishtadir, goho ajdaho.

Balki, shuning uchun qahr beadad,

Balki, shuning uchun sevgi bebaho.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 09-Aprelda yuklangan

409 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi

Faxriddin Shamsimatov o'qidi


Tayanch tushunchalar:
quyosh sevgi qarshi gul ko'ksi tabiat tahqir ayb osmon suq qo'rquv ro'para to'g'anoq kulgi tahdid qarg'ish mol-mulk aqida urf qonun istehzo zaharhanda tashvish ta'qib mish-mish shart chirmovuq banda tol nur shabnam tomchi odam dil qahr
Muallif
Asqad Muxtor

Asqad Muxtor

Roman, qissa, hikoyalari va she’riyati o’zining falsafiy teranligi, yoqimli badiiy mavjlari bilan o’quvchini rom etadi. «Opa-singillar», «Tug’ilish», «Davr mening taqdirimda», «Chinor», «Amu», «Jar yoqasida chaqmoq», «Buxoroning jin ko’chalari» singari yirik nasriy asarlari elga manzur. Adib yangicha mazmuniy va shakliy izlanishlarining samaralari bilan ham o’zbek adabiyoti tarixida o’ziga xos iz qoldirdi.

Batafsil


Yangi She'rlar Asqad Muxtor She'rlari Asqad Muxtor asarlari