Sahifa yuklanmoqda . . .


Kishi holimni bilmas...

Kishi holimni bilmas, mehribonidin adashganman,

Vatan ovoradurmen, do‘stonidin adashganman,

Vatansiz benavodurmen, makonidin adashganman,

G‘aribi ko’yi g‘urbat, xonumonidin adashganman,

Vayo bir murg’i vahshiy oshiyonidin adashganman.

 

Boshimda dam-badam bir kulfati digar makon aylar,

Dilimni har nafas anduhi digar oston aylar,

Falak payvasta tiyri g‘amg‘a ko’ksumni nishon aylar,

Tirikman zohirida, xalq bir odam gumon aylar,

Valekin holi surat tanda jonidin adashganman.

 

G‘arib-u bekas-u sarsonlig‘imni boisi shuldur,

Hazin-u xasta-yu giryonlig‘imni boisi shuldur,

Jahon ovarayi hayronlig‘imni boisi shuldur,

Xarob-u besar-u somonlig‘imni boisi shuldur,

Ki, bir sohib karomat ostonidin adashganman.

 

Bo‘lubman oshiqi sho’ridayi bir nozanin dilbar,

Firoqida dilim g‘amnok, bag‘rim chok, chashmim tar,

Tanam xoshokidin shu’la urar ishq otashi yaksar,

Muhabbat o‘tida kuyg’och, bo‘lub bir to’da xokistar,

Fano bodi tegib nom-u nishonidin adashganman.

 

Kezib dashti biyobon bahr-u barlar yig‘lasam, tong yo‘q,

To’kub yosh o’rnig‘a ko‘zdin guharlar yig‘lasam, tong yo‘q,

Malomat zohir etmang, hamsafarlar, yig‘lasam, tong yo‘q

Chekib bulbul kibi afg‘on saharlar yig‘lasam, tong yo‘q

Ki, keldi fasli gul, men gulistonidin adashganman.

 

Menga kor etti davron inqilobi, na iloj aylay?

Nasib o‘ldi mazallat xo’rdi xobi, na iloj aylay?

Qolibmen tashna, yo‘q bir kosa obi, na iloj aylay?

Boshimg‘a tushdi g‘urbat oftobi, na iloj aylay?

Falakni gardishidin soyabonidin adashganman.

 

Laqab har kimsaga mardum ba qadri odatiy derlar,

O‘shal kim anjumanda o‘tsa umri suhbatiy derlar,

Fano ko’yida kimki mu’takifdur xilvatiy derlar,

Zamon ahli bu boisdin taxallus Furqatiy derlar,

Necha yildur bir oshubi zamonidin adashganman.


Ushbu mustaqil muxammasni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
11-Yanvarda yuklangan

147 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kishi hol mehr vatan do'st navo makon g'urbat xonumon bosh kulfat dil nafas oston falak g'am ko'ksi surat tan jon hazin xasta jahon ovora sohib karomat oshiq nozanin muhabbat o't dasht bulbul fig'on
Muallif
Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat

Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat

(1859-1909) Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat o‘zining lirik she’riyati bilan adabiyotimiz xazinasini boyitgan, ma’rifatchilik adabiyotining darg‘alaridan biri bo‘lgan hamda o‘zbek publitsistikasiga tamal toshlarini qo‘ygan zabardast ijodkordir. Uning she'riyati lirik kechinmalarning nozik tasvirlarga boyligi, hissiyotlarning o‘tkirligi, ifodalarning yangi va samimiyligi bilan ajralib turadi.

Batafsil


Yangi Mustaqil muxammaslar Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat Mustaqil muxammaslari Zokirjon Xolmuhammad o'g'li Furqat asarlari