Sahifa yuklanmoqda . . .


Ka'batulloh

Hanuz biri ikki boʻlmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bagʻri xun, tolei kulmagan eldan
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Bir zamon uning ham boʻlgan qudrati,
Dunyoni yoritgan zehni, fikrati.
Hatto qirgʻoqlarni buzgan shiddati,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Tegirmon toshidek aylandi taqdir,
Karvonlar toʻzgʻidi, sarbonlar soʻqir.
Bandi boʻlgan edi ulugʻ yurt, axir,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Avj oldi igʻvo-yu firib, razolat,
Yigʻladi bir chetda yetim adolat.
Bormi saodatga, axir, kafolat,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Xor boʻldi Vatanda kimki ilmi bor,
Birovlar zar bilan topdi e’tibor.
Hiylagar koʻpaydi, koʻpaydi makkor,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Duch kelgan sanamga sigʻindik gohi,
Bizga keng ochildi Shayton dargohi.
Axir, nima edi elning gunohi,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Magar boʻri ekan odamga odam,
Bir-birin boshini yegay damodam
Haqiqat yoʻq joyda yashnagay yolgʻon,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Qay zamon odamlar bad fe’lin sezdim
Vafoli doʻst izlab dunyoni kezdim.
Topmadim, topmadim, baridan bezdim
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Qoshingda tiz choʻkib turibman shu dam
Dilimda iltijo, qoʻlimda qalam.
Shafqating ayama mendan ham, Egam,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
 

Shukrona ayturman oʻzingga, yo Rabb,
Yuz burdik hidoyat yoʻliga qarab.
Haq degan yurtimning baxtini soʻrab
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 09-Martda yuklangan

696 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ka'batulloh Alloh el madad bag'ri qon tole zamon qudrat dunyo fikr zehn qirg'oq shiddat tegirmon tosh taqdir karvon sarbon bandi yurt avj ig'vo firib razolat chet yetim adolat saodat kafolat vatan ilm zar e'tibor hiyla
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari