Sahifa yuklanmoqda . . .


Arslon o'rgatuvchi

Vankuver tomoshagohida

Panjarada

Olov halqa yonar charsillab,

Arslon uzra —

Uzun qamchi o‘ynar qarsillab.

Yoldor yirtqich

Egasiga sovuq tikilar,

Na’rasidan

Tomoshagoh larzaga kelar:

— Ojiz odam!

Bas, boshimda qamchi o‘ynatma!

Ko‘ksimdagi

Uxlab yotgan hisni qo‘zg‘atma!

Haddan oshma!

O‘z boshingga o‘zing yetarsan,

Etlaringni

Nimta-nimta qilsam, netarsan!

Ko‘rib qo‘y,

Bu panjalarni siynangga solsam,

Shuhratparast yuragingni

Sug‘urib olsam,

Yiltiragan badaningdan

Tirqiratsam qon,

Najot bermas —

Senga qarsak chalgan olomon.

Bor!

Olovdan sakramasman!

Bo‘lma ovora!

Bilasanmi —

Men kimman-u sen kim, bechora!

Men — to‘qaylar shohi,

Tutqun bo‘lsam-da agar,

Sen-chi, — no‘noq masxaraboz,

Pastkash bozingar! Shuhratga mast,

O‘z holini bilmagan basir! Nomard taqdir

Meni qildi qo‘lingga asir!

Halol kuchga zavol bergan,

Hiylaga qudrat, —

Meni bandi qafas etgan

Dunyoga la’nat!

Ey, ivishiq ko‘kragini

Zavq bilan kerib,

Sher zotini masxaraboz

Qo‘liga berib,

Mard holidan

Rohat olib qilgan xandalar,

La’nat sizga,

Tomoshabin, gumroh bandalar!

Panjarada

Olov halqa yonar charsillab.

Arslon uzra

Uzun qamchi o‘ynar qarsillab.

Yoldor yirtqich

Egasiga sovuq tikilar —

O‘rgatuvchi

Asta uning yoniga kelar.

Qulog‘iga bir so‘z aytar

Egib qomatin:

— Nodon dema,

Men bilaman arslon qudratin.

Sen to‘qaylar podshosisan,

Men — bechoraman,

Hamla qilsang,

Bir lahzada tilka poraman.

Falak ishi —

Bizning bunday turfa sheriklik,

Menga qamchi,

Senga qafas berdi tiriklik.

Sen tantisan,

Nazdingda men quv, dog‘uliman.

Asli o‘sha tiriklikning Sendek quliman.

Menga nedir olomonning

Olqish, qarsagi,

Sening har bir o‘tli na’rang —

Menga tarsaki.

Netay, men ham egalik qul,

Boshda xo‘jam bor,

G‘azab qilsa,

Ko‘zlarimga dunyo bo‘lar tor.

Menda-ku dard, iste’dod bor,

Bor andak sehr,

Hech bo‘lmasa, hayvonotga

Shafqat-u mehr.

Tomoshagoh egasi kim

Mening qoshimda!

Ammo qamchi o‘ynatar u

Doim boshimda.

Holatimni tushun,

Isyon qilma, birodar,

Charx oldida ikkimiz ham

Asli barobar.

Garchi arslon o‘ynataman.

Garchi men — Odam,

Oy so‘ngida qand kutaman

Xo‘jamdan men ham.

Goh jonimdan o‘tsa zulm,

Na’ra tortaman,

Lekin bundan

Faqat boshga balo ortaman.

Bu so‘zlarga chidolmadi,

To‘lg‘ondi arslon: - Bo‘ldi, bas qil!

Yuragimni qon qilma, inson!

O‘t olsin bu charxi falak

Rizq-u ro‘zini!..

Arslon olov chambarakka Otdi o‘zini.

1977


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 22-Fevralda yuklangan

687 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
arslon odam panjara olov halqa qamchi yirtqich tomosha olamon banda rizq his panja shuhrat yurak badan xanda qon najot qarsak to'qay tutqun masxara taqdir asir kuch zavol qudrat dunyo la'nat zavq rohat
Muallif
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov

Hozirgi zamon o’zbek she’riyatining taniqli vakili. Aruz va barmoq vaznlarida yozgan asarlari birdek mashhur. Ijodining asosini lirik turning barcha janrlaridagi she’riyati, dostonlari, dramatik asarlari, I.V.Gyote, S.Yesenin, R.Hamzatov singari jahon adabiyoti namoyandalari she’riyatidan qilgan tarjimalari tashkil etadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Erkin Vohidov She'rlari Erkin Vohidov asarlari