Sahifa yuklanmoqda . . .
Er dedi, xotiniga
Gazeta o‘qib turib:
-Arab bo'lib qolmapmiz,
Yaxshiyam xudo urib.
Qara,bu vahshiylarni,
Shunaqayam bo‘larkan.
Qiz tug‘ilsa chaqaloq,
Yerni kovlab ko‘markan.
Xotin dedi: - Voy-voya,
Qarang-a o‘z bolasi.
Bu islomdan oldingi
Arablar-da, dadasi.
Talonchilik,dinsizlik.
Urushqoq har qabila.
O’g‘il bolalaridan
Tuzar ekan armiya.
Qiz boladan ne foyda?
Noniga bo‘lar sherik.
Boqib-boqib birovga
Bervorish aqlsizlik.
Er dedi:- Taxmin qilma,
Ja unaqa emasdir.
Balki, qiz uzatishning
Qiyinligi sababdir.
Ikki qiz uzatguncha,
Qul bo'lib ishladig-a,
Hali Chorsuda savdo,
Hali Xitoy, Rossiya.
Olgan edik chiroyli,
Toshkentning mebelini.
Katta qudang qaytarib,
Yuborgan. Esingdami?
Zo‘rini olamiz deb,
Bitta domni sotdirding.
Mol-u qizingni berib
Nima foyda ortirding?!
Bitta domning puliga
Uchta uyni yasatib
Ora kunda qizingni
Yuborishar qaqshatib.
Kuyovmish kaynotasin
Mebelida yotib ham,
Uchrashganda erinib,
Ko‘rishadilar "akam".
Aytgim kelar qo‘l cho‘zib,
Qotganida ensasi:
"Qalay yumshoq ekanmi,
Turkiyaning ko‘rpasi?"
Yoqdimi gilamlarim?
Yungi-pati uzunmi?
Turtkilamay boshingda
Ko‘tarib yur qizimni!
Yumshoq mebellarim-chi,
Tushdimi uy rangiga?
Ketlaringni qitiqlab
Qiynamayaptimi-a?
Olgan chinni buyumlar,
Xurustallarim qalay?
Hali kosa sho‘rvasi
Yoqyotgandir asalday.
Qudang-chi osmondalar
Bellarida doim qo‘l.
Kelinning moli bilan
Uyingni yasatmay o‘l!
Deptilar almashtiring
Yostiqlarning pari kam.
Choynak piyola kichik
Likoplarning zari kam.
Seplarining ichida
Aptechkasi, dori yo‘q
Pilesos yuvadigan bo‘lsin,
Depti, ori yo‘q.
Yubordim-u desam-da,
Ko‘ngling muncha mog‘or-a?
O’sha pilesosimda
Qalbingniyam tozala.
Xotin dedi:-Ha, mayli,
Bo‘ldi endi, dadasi.
-Kelin topib, shart qo‘ysang,
O’ldiraman, onasi!
Qurbilari yetgancha
Sep qibersin, indama.
Xotin: - Menga baribir,
Odamlar kuladi-da.
Er deydi: - Bu xotinlar
Buncha o‘ch-a dunyoga?
O’tib ketdi ishlari
Xo‘ja ko‘rsin, riyoga
Bularni bir me’yorga
O’rgatib bularmikan?
Yo shu "kim oshdi"sini
Qilmasa o‘larmikan?
Erkaklarni ham sekin
Qo‘llariga olishdi.
"Ha, shunaqa ekan" deb,
Ko‘nib qo‘ya qolishdi.
Ko‘proq pul topayin deb,
Yurgan bo‘lsa qay erkak,
Miyasida bir fikr:
"Qiz uzatishim kerak".
Lom-mim, hatto, alifni
Bilmasak mo‘min bo‘lib,
To‘yshunoslik ilmini
Ichvorganmiz suv qilib.
Sen past bo'lib qudadan
So‘rab olma borini.
Mo‘min kishi qiynamas
Mo‘min birodarini.
Kim qudani qiynasa,
Ta’ma-la berib ozor.
Bolasin tirik ko‘mgan
Vahshiydan ne farqi bor?
U bolasin tuproqqa
Ko‘msa boqmay ohiga,
Bu qudasin ko‘myapti
Tama-ta’na chohiga.
Farqi shuki, ular din,
Nur ko‘rmagan insonlar.
Biz-chi, g‘ururga ketib,
Buzilgan musulmonlar.
Bu hoy-u havaslarning
So‘rog‘i ham bo‘ladi.
Marhabo haddan oshsa,
Oxiratda ko‘radi.