Sahifa yuklanmoqda . . .
Gulxanning taftimi urildi betga,
Birov o‘zin tortdi seskanib chetga.
Birov qo‘lin qildi yuziga qalqon,
Teskari o‘grildi bitta shirin jon.
Soyaga chekindi bir qiz:
— Hoy o‘rtoq,
Issiqdan tushmasin yuzimizga dog‘.
— Axir, hozirgina tinch edi olam,
Qaydan paydo bo‘ldi bu gulxan — odam?
Qanday yaxshi edi bugungi havo!
Shaharga lovullab chiqdi bir balo...
Kimdir avtobusga o‘zini urdi,
Kimdir magazinga yo‘lini burdi.
Mangu olov kabi gurkirab, bardam,
Ko‘chadan borardi yonayotgan odam.
O‘tga topshirgandi bardoshin, kuchin,
Hatto aytolmasdi:
— Axir, siz uchun...
Axir, kim yonibdi o‘z dardi bilan?
Yonsa ham bo‘lmagay, bunday sha’n gulxan.
Xaloyiq yaqin bor, angrayma beshon!
Sen ham unga qo‘shil! Olov bo‘lgin! Yon!
Qo‘rqyapman! Aldadim... Mangu emas ul.
Hech kimni yondirmay kul bo‘lmasin, kul...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).