Sahifa yuklanmoqda . . .


Yana sevgi haqida she'rlar

1

* * *

So‘zlaringda — hasrat, ko‘zlaringda — nam
Suyganim, g‘ussangga to‘ldi-ku olam...
Ko‘ngil salqinida sevgi — bir shabnam,
Quyosh kulganicha yashab o‘tadir.

Tumanlar ichinda bog‘lar hayrondir,
Ayriliq bulbuli jonda sayrondir,
Ikkimiz tuzgan bu yurak vayrondir —
Ishq seli xarobat tashlab o‘tadir.

Ishq dedik — yo‘lida ado bo‘ldik biz,
Ishq qayda? Bilmadik — xato bo‘ldik biz,
Ishqmizu ishq so‘rab gado bo‘ldik biz —
Ishq jondan do‘zaxni boshlab o‘tadir.

Ko‘ksimdan qalb chiqdi — ochilib qoldi,
Shamollar tikanday sanchilib qoldi,
Zamon to‘fonida yanchilib qoldi —
Oshkormas, pinhon dard yashnab o‘tadir.

Suyganim yashamoq sabru qanoat,
Daqiqa — sinovdir, lahza — sinoat,
Ishq deb ado bo‘lmoq balki saodat —
Garchi u ko‘zlarni yoshlab o‘tadir.


2

* * *

Musiqa! Izmingga tushganlar xordir —
Hamma pinhon dardni oshkor etdi kuy.
— Jonim, najot bormi?
— Najot? Ha, bordir!—
Kuygin! Yana kuygan! Faqat yana kuy!

Musiqa! Uzilsin sening torlaring —
Qaytadan ko‘ngilda titrandi alam.
Gulxanga aylandi yo‘g‘u borlarim:
— Jonim, olovdaman!
— Yonyapman men ham!

Musiqa! Jonimning ichida bural,
Bo‘g‘zimga qadalgan azobing ozdir...
— Jonim, yonmoq buncha shirindir bu gal!
— Jonim, birga yonmoq baribir sozdir.


4

* * *

Endi tikanlimi bu erka yo‘llar,
Yo yo‘l tugadimi — endi qaytishmi?
Gullagan sevgidan qoldimi cho‘llar,
Endi begonaday "xayr" aytishmi?

Oh, qachon aldashga o‘rganasan sen,
Yuzingda kulgiyu labingda titroq.
Men uchun o‘rtanmay, o‘rtanasan sen...
Qo‘rqma! Tillarimda qolmadi so‘roq.

Ne qilay? Yurakdan bo‘shadi tanim,
Najot — ko‘nishdami, najot — o‘lishda?..
Azizim, azizim, azizim manim,
Ayt, qachon ulgurding jonim bo‘lishga?


6

* * *

Bulutlar to‘xtadi, shamol to‘xtadi.
Qorning uchqunlari qotdi muallaq,
Sog‘ingan dunyoni sukut yo‘qladi,
Sening yo‘qligingni eslatdi barhaq.

Chopqir daqiqalar yiqildi behol,
Lahzalar kengaydi — dunyocha toshdi.
Umrim vayronadir, vujudim — zavol,
Ruhim — bir xo‘rsinish, bir qatra yoshdir.

Sog‘inch!
Benihoya, besarhad sog‘inch,
Sening paymonangga qachon eturman?
Hozir dunyo — sokin,
Hozir dunyo — tinch,
Shamollar qo‘zg‘olsa, to‘zib ketarman....


7

* * *

To‘rtburchak dunyoni devorga osdim.
(Deraza... Tashqari... —suratdan kammi?)
Va seni sog‘indim... Nimadir yozdim...
Evoh, Dilga yaqin keltirdim g‘amni.

CHirmashdi qorlarning ipi chinorga
(Deraza... Tashqari... —bu surat — tirik),
To‘rt burchak dunyoni osdim devorga —
Nahot, sen o‘tmaysan suratdan yurib?

Pardani bir siltab (yurak umidvor),
To‘rt burchak dunyoni devorga osdim...
Sen ketgan yo‘llarni bosdi oppoq qor,
Sen qaytmas yo‘llarni oppoq qor bosdi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

218 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi hayot visol ayriliq o'lim baxt baxtsizlik g'am quvonch
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari