Sahifa yuklanmoqda . . .


Ulkan odam

Ulkan odam charchoq edi,
Horigan edi juda,
Avtoning bo‘sh kursisiga
Vujudini tashladi —
Ulkan odam bir lahzaga
Asir bo‘ldi uyquga,
Ulkan odam
O‘zin bilmay,
Asta mudray boshladi.
Ulkan odam ko‘zin ochmay
Sezdi: dam olmoq — rohat.
Ulkan odam — umr bo‘yi —
Goho tik, goh chopgandi.
Yuragiyu, oyog‘iga
Qilmagan edi shafqat —
Ulkan odam ulkanligin
Yugurishdan topgandi.
Har bekatdan
To‘p-to‘p odam
Chiqar edi avtoga.
Yelkalar zich. Ushlag‘ichga
Chilvir qo‘llar bog‘lanar.
Avtobus sal egilganda,
Ketganida qiyalab,
Chilvir-chilvir bilaklarga
Osilardi gavdalar.
Ulkan odam charchoq edi...
Garchi ko‘zin ochsa ham,
Yuragi bir g‘aflat ichra,
Mudrab yotardi hamon.
Osilgancha tik turmoqni
A’moli deb bilsa ham,
Ulkan odam
Qo‘zg‘almoqqa
Topa olmadi imkon.
Ushlag‘ichga osilgancha,
Odamlar turar qator,
Qator-qator, juft-juft ko‘zlar
Unga nazar tashlardi.
Hamma qalqib tik turganda,
O‘ltirgan odam — xor-zor...
Ulkan odam —
Sho‘rlik odam
Kichiraya boshladi.
Avvaliga uzun bo‘yni
Cho‘kdi yelkalar aro,
Yoqalarin orasiga
Boshi kirdi mung‘ayib,
Qo‘llarini yengi yutdi
(Botqoqlik tortdimi yo?)
Ulkan odam —
Shunday odam
Lahzada bo‘ldi g‘oyib...
Tirik ketgan har kishiga
Shoir ochadi aza.
Har bekatda birov g‘oyib —
Qanotlarim qayrildi...
Men ham bugun bir dardimni
Elga qilay ovoza:
Ulkan-ulkan do‘stlarimning
Qanchasidan ayrildim...
Bu dunyoning avtobusi
Ketib borar to‘xtamay.
Menga asli o‘lgunumcha
Tik ketmoqlik — muqaddas.
Faqat endi ko‘zlarimni
Yumib oldim (hech ochmay!),
Kimdir g‘oyib bo‘lmasa, bas,
Kimdir yo‘qolmasa bas...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

20 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
odam avtobus ulkanlik kichiklik uyqu shoir yurak g'aflat
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari