Sahifa yuklanmoqda . . .
Ertaklarda «bir cholu kampirning uch o‘g‘li» bo‘ladi.
Bu she’r uchinchi o‘g‘il haqida
Uchinchi o‘g‘il,
otang akalaringni ardoqlaydi,
sen poda boqasan.
Akalaring par to‘shakda uxlaydilar,
sen - bo‘sag‘aga boshingni qo‘yib.
Akalaring malikalarga uylanadilar,
sen qurbaqaga uylanasan,
uchinchi o‘g‘il.
Uchinchi o‘g‘il,
akalaring ravon yo‘ldan yuradilar,
sening yo‘ling -
«Borsa kelmas».
Akalaring avval g‘isht uyda,
so‘ngra marmar qasrda,
so‘ngra oltin saroyda yashaydilar -
senga taqdir chor devor ham ko‘rmaydi ravo.
Uchinchi o‘g‘il,
akalaringda
pul, mansab, og‘aynilar, katta qorin,
sog‘liq bo‘ladi -
Sening yolg‘iz Vataning...
Uchinchi o‘g‘il,
akalaring vijdonlarini, insoflarini,
insonliklarini, umrlarini sotadilar -
sening yolg‘iz Vataning bor -
Vatanni sotib bo‘lmaydi.
Uchinchi o‘g‘il,
bu she’rni yozganimni bilib qolishsa,
katta akam,
kichik akam
meni umr bo‘yi qiynaydilar -
yeganim og‘u bo‘ladi,
ammo
jonni tikib qo‘yaman imzo:
Bu she’rni yozgan men - Usmon Azimov -
uchinchi o‘g‘il!
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).