Sahifa yuklanmoqda . . .
Saharning salqinini
O‘tga otdi saraton.
Sahroning o‘rtasida
Shamol qovjirab yondi.
Sabrning gavarasi —
Saksovul — sho‘rlik armon —
Kuymagan bir sen qolding,
Yonmagan bir sen qolding.
Barxan poyida otim
Xirillab bermoqda jon,
Yollariga yopishgan
Garmsel shundoq qondir,
CHilparchin bo‘lib yotar,
Buxor ustida osmon —
Chilparchin bo‘lmoqlikka
Ko‘nmagan bir men qoldim.
O‘lyapman, saksovul, hey,
Aytsam armonlarim ko‘p.
Bu elni, bu tuproqni
Uloq qilib chopishdi.
O‘lyapman. Boshim uzra
Kalxatlar uchar to‘p-to‘p.
Echkemarlar tegramda
Haykal kabi qotishdi,
Ko‘ksimda otash qaynar,
Bo‘g‘zim bormoqda yonib.
Tilu dilning orasi
Olov bilan tutashdi.
O‘larimda buyuk so‘z
Dilda tug‘ildi aniq!
Bir so‘z... Bir so‘z... Oxiri
"Osmon"gami uyqashdir.
— O‘zbekiston!
Moziylar
Qabrlarda to‘lg‘ondi,
O‘ziga bir tikildi
Befahm, ovsar zamon.
Otalarning belida
Kelajaklar uyg‘ondi,
Buxoroning ustida
Osmon... Bus-butun osmon.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).