Sahifa yuklanmoqda . . .
Sir ko‘p olam qa’rida,
Mo‘jizaga kon olam,
Bu hayotning bag‘rida
Mo‘jizadirman men ham...
Qaytmaydirman ortimga,
Bir otilgan o‘qdirman.
Bu kun borman olamda,
Erta bo‘lsa yo‘qdirman.
Qani, meni seva qol,
Quchoqla, shirin so‘z ayt,
Men mehrga biram zor —
Tashna erurman shu payt.
Mo‘jizalar izlamoq.
Tegdi sening joningga.
Qayoqqa qarayapsan,
Men — mo‘jiza yoningda.
Umid, iltijo bilan
Senga cho‘zilgan qo‘lim.
Axir, qara men tomon
Ko‘zin olaytar o‘lim.
Ana, uchib o‘tdi o‘q,
Qaydadir to‘kildi qon.
Usha o‘q kimgadirmas,
Menga tegsa ne gumon?
Agar tasodif bo‘lib,
Anov shofyorning qo‘li,
Ozgina qaltirasa,
Olamda yo‘qman, gulim...
Men bir shuhratsiz shoir,
Lahzada bo‘lgum unut,
Qani, meni seva qol,
Quchoqla bag‘ringga yut!..
Sir ko‘p odam qa’rida,
Mo‘jizaga kon olam,
Sen bilmaysan... Bilmaysan,
Mo‘jizadirman men ham!
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).