Sahifa yuklanmoqda . . .


Sevgi haqida she'rlar

1

* * *

Ish. Choy. Suhbat. Ovqat. Yana ish.
Hamma narsa o‘ylangan. Puxta.
So‘ng sen kelding. Boshlandi yonish
Muvozanat yo‘qoldi. Nuqta.

Men quladim yam-yashil yozga,
Maysalarda qoldim bearmon.
Men quladim guldagi nozga —
Arilarning kuyiga. Tamom.

Men quladim ko‘z yoshlaringga,
Tushlaringga, undan ham nari...
Men quladim qaroshlaringga —
Borsa kelmas muhabbat sari.

Men quladim yuksak falakka —
Tubsiz zulmat bilan betma-bst.
Tamom. Nuqta. Samovat chekar —
Lablarida beson sigaret.

Hamma narsa o‘ylangan. Puxta.
Tong otadi. Quyosh kuladi.
Muvozanat yo‘qoldi. Nuqta.
Tamom. Sog‘inch qadar quladim.


2

* * *

Shamolday yelmoqqa qanchalar urindim,
Devorga urildim, devorga urildim.

Garchi men yo‘limni bog‘larga soldim,
Daraxtga yetmadim — devorda qoldim,

Sevgilim, bilurman yolg‘iz holingni —
Toshli dunyo ichra sen ham toldingmi?

Osmoning tosh erur, to‘rt tarafing — tosh —
Ko‘nglingga yetmasdan bo‘lurman adosh.

Ko‘zingda sollangan mezonlaring — tosh,
Xazonlaring toshdir, azonlaring — tosh.

Bahorda bulutsiz ko‘klaring toshdir,
Hatto ko‘zlaringda cho‘glaring toshdir.

Kunlaring ham toshdir, qismating ham — tosh,
She’rga solay desam, nisbating ham — tosh.

Hatto — bu ne azob!— kuchim yetmaydi —
Yig‘laysan — yoshing tosh, artsam — ketmaydi.


3

* * *

Etiging qizildir, ro‘moling qizil —
Boryapsan ikkita sha’n shafaq aro:
Biriga betugun o‘ralgan yuzing,
Biri jonsarakdir — poyingda fido.

Seni ko‘rolmayman qaytib hech qachon
Yutganin qaytarmas ko‘cha — yalmog‘iz...
Hatto qalbimdagi eng yuksak osmon
Bunday shafaqzorni topolmas hargiz.

O, qismat tanimga armon solmoqda,
Behuda titranar ruhu tanu jon.
Ana, qaytmas bo‘lib ketib bormoqda
Ikki shafaq aro bir yorug‘ jahon...


4

* * *

Yomon tushlar ko‘rasan... Yomon!
Loyqa suvlar... Tap-taqir cho‘llar...
Horisang-da suv tashib chunon —
Tirilmaydi qovjiroq gullar.
Ustingdagi kelin ko‘ylaging
(Ko‘rgin tushning ertaklarini)
Shamol qo‘li etolmay g‘ijim,
Silkitolmas etaklarini.
Suv tashiysan — ikki zil chelak
Kaftlaringni qiyar — oqar qon.
Qon gullarga tushar tomchilab —
Gullar zumda tortadi alvon.
Suv tashiysan — anglab, tushunib —
Bunda bordir bir dahshat xato:
O‘zingnimas, gullar tushini -
Armonini etayapsan ado.
Yana dahshat joyi (muqarrar
Sezayapsan— hammasi ayon):
Agar gullar hozir so‘lsalar,
Kunlar kelar o‘limdan yomon.
Sen bilasan, suvlar sarobdir,
Faqat cho‘li taqir — haqiqat.
Gullar umri beun xitobdir
Qonga botgan panjang haqida.
Suv tashiysan bu ro‘zi shabda,
Shafaq oqar panjangdan sizib...
Uyg‘onasan. Oppoq choyshabda
Qonning emas, gullarning izi...

Men aytmagan, aytgan sog‘inch so‘z
Derazangga qo‘nar — misli qush...
Uyg‘ongansan... Yumolmaysan ko‘z...
Baribir tush... Ha, baribir tush...


6

Ko‘ngil berdim,
Umrim berdim.
Jonim berdim
Yotsan mango.

Najot kabi,
Umid kabi,
Hayot kabi —
Yodsan mango.

Kulgi kabi,
Shodlik kabi,
Visol kabi —
Olisdirsan.

Chidam kabi,
Sukut kabi,
O‘lim kabi —
Dodsan mango.


7

* * *

Kechirgin... Tun qoramas— men qoraman,
Yulduzlardan toki ko‘ngling aroman.
Jonim, ko‘ngling misli sha’mdek titranur,
Sha’mga bag‘rim bosolmay benavoman.


8

* * *

Nahotki, bir qarash...
Bir beso‘z xitob...
Bir to‘lqin... umrning oromin buzsa...
Shuncha go‘zalmisan,
Shuncha sershitob —
Qayerlardan kelding, jonginam g‘ussa?

Bilmadim, qay unut bahordan sabo
Had bilmay — yetishdi ko‘zimga qadar.
Kuz va bahor aro yoz tursa ammo,
Ko‘rishmoq hijrondir,
Muhabbat — kadar.
Uch oyning ustidan qo‘lingni cho‘zding,
Uch oyning ustidan o‘tdi bir qarosh.
Hayotni,
Ehtimol o‘limni cho‘zding —
Kuzu bahor aro taloshman, talosh.
Bir ishqning yo‘lida
Ul erka bahor
Nahotki, kuzaklik qarorin tuzsa?
Mening ko‘zlarimda yoshim shashqator...
Sen nega kulasan, gullagan g‘ussa?


9

* * *

Osmon uzilib tushdi...
Taqdirimni qoralab,
Men yuribman — osmonning
Parchalarin oralab.

Osmonning siniqlari
Qonatdi oyog‘imni.
Osmon uzilib tushdi —
Sarg‘aytdi siyog‘imni.

Suyganim, yaramading
Hatto xayr-xo‘shlikka...
Na quyoshu na yulduz —
Yuksakdagi bo‘shliqda.

Yuksakdagi hechsizlik
O‘chirmas hatto tushni...
Sen qanday yashayapsan?—
Osmon o‘yilib tushdi...


10

* * *

Otashli bir boqding,
Olovli nazarni ichdim.
Yuzing oqu qizil —
Shafaqli saharni ichdim.

Bir tug‘yon ming rangda
Yurakka bostirib kirdi.
Kezib bir biyobon —
Ming fe’lli shaharni ichdim.

Evoh, bu ne holkim,
Holatim o‘zimdan ketmishdir.
Mastmanu ishqingda,
Qo‘rqdimu hazarni ichdim.

Biroq bildim — ko‘zing
Go‘zaldir bu hayotdan ham,
Jonim qurbon bo‘lsin!—
Bir o‘tlig‘ xatarni ichdim.

Maskanim yo‘lingda,
Mening yo‘llarim yo‘q endi,
Kelarni ichgandim,
Oh, endi ketarni ichdim.

Ko‘yingda emranib
Kuylolmas hech kim meningdek,
Ichdim barcha so‘zni —
To senga qadarni ichdim.

O‘ynab yashayvergin,
Quvnab yashayvergin, jonim!
G‘am ketdi olamdan —
Men ja’mi kadarni ichdim.


11

* * *

Bir gul eding — shamol bo‘lib
Chamaningni ko‘rib ketdim.
Shamolligim darding bilan
Ado bo‘ldi — qurib ketdim.

Bir gul eding — bahoringda
Borligimni sezganing yo‘q —
Do‘zax sari o‘zim yig‘lab,
Karaxtlikda yurib ketdim.

Do‘zaxning o‘tida kuydim,
Do‘zaxning o‘tida kuldim —
Jamoling shu’lasi tushgach,
"Yo, Alloh" deb turib ketdim.

Sening hajringda gar o‘lsam —
Tiriklikda ne armondir —
Seni hayron etib, yo‘lni
Ayriliqqa burib ketdim.

G‘ururim izmida, yorim,
Bu dunyodan borodirman —
Keta-ketguncha ko‘ksimga
Urib ketdim, urib ketdim.

Visoling yo‘q erur Yerda,
Samoga yetmadim, garchi
Go‘zal tushlar quchog‘ida
Go‘zal o‘ylar surib ketdim.

Kelar avlod, qayg‘u tortsang,
Meni qarg‘a! Meni qarg‘a!—
Bu dunyoni o‘zim yoshga
Qorib, g‘amdin qurib ketdim.


12

* * *

Hamma sabr hukmingda — vayron,
Balki shayton,
Balki nabisan...
Sendan boshqa neki bor — arzon,
Tomog‘imda yig‘i kabisan...


13

* * *

Olamga sochdi shamol,
Jamimni zarra-zarra.
Ammo dilga jam etdi
G‘amimni zarra-zarra.

Qo‘rg‘on edim — yemirdi,
Yellarda bo‘ldim g‘ubor.
G‘ubordin bunyod etdi
G‘animni zarra-zarra.

Goho baxtda avrading,
Goho bebaxtlik bilan—
Oqibat mendan olding
Sha’nimni zarra-zarra.

Ayriliq shamolida
Kechalar uchqun otdim,
Kechalar olib ketdi,
Shamimni zarra-zarra.

Bahorlarda quvonchga
Dars aytgan shoir edim —
Endi kuz g‘amday o‘qur
Ta’limni zarra-zarra.

Kamolli kunlarimga
Nasib etmagan yorim,
Yig‘la! Shamol uchirar
Tanimni zarra-zarra.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

429 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi hayot taqdir o'lim dunyo muvozanat g'am quvonch visol hijron
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari