Sahifa yuklanmoqda . . .


Saratonda gullar o‘ladi...

Saratonda gullar o‘ladi,
Sarg‘ayadi egasiz tuzlar.
Hali qayg‘urmasang bo‘ladi —
Hali kuzlar keladi, kuzlar.

Anglanmagan dardlarday to‘zib,
Kunlar asta qiladi parvoz.
Xotirangdan chiqaru suzib,
Qaytmas bo‘lib ketar bizning yoz.

Daraxtlarda junun suzadi,
Boshlanadi qovjirash, yonish...
Hali yig‘lamasang bo‘ladi —
Bu — kuz. Hali qish keladi, qish.

Hali qorlar o‘par labingni,
Izg‘irinlar belingdan quchar,
Muzlatadi ayoz taningni —
Xotirangdan kuzak ham o‘char.

Shunda bir barg qiladi isyon,
Boqqa qaytar unut bo‘lgan burch,
Biz bahorga chiqqani peshvoz,
Topolmaymiz o‘zimizda kuch.

Sen yig‘layapsan. Nolangdan cho‘chib,
Uchay deru qo‘zg‘ololmas Vaqt.
Olislarda boradi ko‘chib,
Bahoridan mangu ayri baxt.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

81 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
saraton yoz kuz qish bahor barg sevgi visol hijron umr
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari