Sahifa yuklanmoqda . . .


Samarqand bo'ylab tungi sayr

Xurshid Davronga

— Samarqand, ildizing qayerda?
Kechangni chiroqlar parchalab tashlagan,
tun bilan nur o‘rtasida
uzun arvohlar —
minoralar ketib borar
kelajak sari,
ba’zan
oyga boqib
to‘xtab qolishar
(azon sasi urildimi quloqlarga?)
Zinalaringdan
choponiga o‘ralgan
so‘fi emas,
men o‘rlab borayapman
falak
peshtoqiga
va yerga boqib notinch shivirlaman:
— Samarqand, ildizing qayerda?

Mador bo‘lgin endi umidlarimga,
mening to‘rt ming yillik bog‘im!
Bir yaprog‘ingman:
yo‘qotgim kelmaydi ildizlarimni.
Ana, osmonning qurboni—shahid rasadxona,
ana, tarixning ko‘milgan beshigi— Afrosiyob...
Necha asr bo‘ldi o‘shanga?
— Tuproq, qani,
yoril!
Samarqand, ildizing qayerda?

Yulduzlar orasida kelajak yo‘li,
Zamon poezdini
qalbim,
hormay tort!
Va bitta vagonga
bobolar ruhini,
qayg‘u alamini,
shavkat-shonini,
ushalmagan orzusini ort!

Bu kimlar?
Qaydaman?
Registon, senmi?
Nechun senga kelsam,
ko‘ksimni to‘ldirar jumlai jahon?
Balki anov moviy gumbaz tagida yotgan,
bobolarim
armonining
shamolidir bu?
Ammo ovozlar chiqar zamin qa’ridan:
- Men, - deydi (Spitamen, senmisan?).
- Men, - deydi (Ulug‘bek, senmi?),
- Biz, - deydi guvillab bir lashkar -
kelajakka ergashib kelar
sarbadorlar!
- Samarqand, ildizing...
Savol ortiqcha...
Tegramda men bilan o‘ylanib,
men bilan qiynalib,
ildizga aylanib borar bir kecha.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

131 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
samarqand qadim minora azon afrosiyob tun spitamen registon
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari