Sahifa yuklanmoqda . . .


Qush haqida ballada

Qush baland uchardi,
Juda ham baland.
Qanoti bor edi qushchaning, yohu!
Ammo koinotga boqib bepisand,
Yerda bir yurmoqni qilardi orzu.

Yuksaklikning so‘nggi chegarasida,
Zaminga termulib uchar edi qush.
Sovuq yulduzchalar tegarasida
To‘zg‘ib qolishardi muallaq, behush.

Qop-qora zulumot ichra yarqirab,
Muzlagan koinot bilan basma-bas,
Ucharkan zulmatga tumshug‘in tirab,
Yerda yurmoqlikni qilardi havas.

Falakda nima bor — hammasi aniq:
Bu dunyodan nari — aksuldunyo bor.
Cheksizlikdan nari yana cheksizlik —
Faqat biri — muzkor, biri — olovkor.

Qushcha qichqirardi bo‘shliqqa qarab,
Fazoga nidosi ketardi singib.
Buyuk bir sog‘inchda bir o‘zi, yorab,
Hech kimga opamas, hech kimga singil.

Turtinib o‘tardi qanotlariga,
Muznafas shamollar — tosh kabi o‘lik.
Qushchaning hayotbaxsh bayotlariga,
Hech kim jo‘r bo‘lmasdi yuragi to‘lib.

Qatlanib yotardi karaxt havolar,
Taxlanib turardi behisob osmon.
Qushcha bo‘shliqlarga otib nidolar,
Yerda bir yurmoqni qilardi armon.

Qush hali zaminni ko‘rmagandi, yo‘q,
Tubsiz bo‘shliqlardan topgandi hayot.
Ana, zamin uchar lovullab — ko‘m-ko‘k...
Bir boqsang sarobday eriydi sabot!

Sabring jaranglaydi — zo‘riqib tarang,
Yer shunday yaqinki...
Iroda so‘nar!
Qushcha sog‘inchlardan mast-alast, garang,
Zaminga — bir o‘tloq ustiga qo‘nar.

Qush hali zaminni ko‘rmagandi, ha,
Falak eshitmasdi faryodlarini.
U yashil o‘tloqqa oyoq qo‘ydi-da,
Yondirib yubordi qanotlarini.

Yo‘lovchi to‘xtadi hayratdan qotib,
Yuziga urildi gulxan taftlari.
Olov yamlayotgan qanotga boqib,
Negadir titranib ketdi lablari.

So‘ng suhbat qurdilar qush bilan inson,
Bir parcha o‘tloqning ustida baxtli —
Odamga qush Yerdan so‘zladi shodon,
Odam esa qushga ko‘kdan gapirdi.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

200 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qush osmon koinot dunyo zamin qanot olov odam
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari