Sahifa yuklanmoqda . . .


Navoiy g'azaliga muxammas

Qismatim ne bo‘lg‘usin ey ko‘kda shohim bilmadim,
Ul falak yo ishqda rohim yoki chohim - bilmadim,
Sezmadim jon og‘rig‘in hajringni tokim bilmadim,
Ne uchun tarki muhabbat qildi mohim bilmadim,
Bu g‘azabkim ayladi mohim, gunohim bilmadim.

Senki, qancha aylading jabru sitam - ko‘ndim, visol,
Bir arosat dard ichinda nay kabi to‘ldim, visol,
Tirilg‘aymen, lab qo‘yg‘il labni ol - o‘ldim, visol,
Oshiq o‘ldim, yordin topqay debon ko‘nglim visol,
Hajr bu yanglig‘ bo‘lurni kiynaxohim bilmadim.

Ahli g‘ofil suhbatida telbadir ismim ohdin,
To‘lg‘onib shomu saxar tildakim «bismil» ohdin,
Bir umid, kofur g‘am ichra o‘lmag‘ay muslim ohdin,
Yor ko‘yi ichra etdi zor jismim ohdin,
Qayda tushganni bu eldin bargi kohim bilmadim.

Oy yuzingga yetmadim-uchdim fidoyi qush kabi,
Chirqirab buzdi falakni indin judoyi qush kabi,
To‘zg‘idi to‘fon tanim - men bir xudoyi qush kabi,
Ishq bo‘stoniga kirganda havoyi qush kabi,
Sunbuli zulfi bo‘lurni domi rohim bilmadim.

Sen-ku buzding o‘rtamizda qanchalar ko‘prik safin,
Tunlarim bilgay faqat hajringda oh-o‘krik safin,
Gar pisand etmagayman hech, tig‘laru miltiq  safin,
Aqlu hushu sabrim itti ko‘rgach ul kiprik safin
Bir-bir o‘lmog‘in qaro ko‘rgach sipohim bilmadim.

Anglamoq dushvor edi qullar aro shahzoda kim,
Kim zabun xokzodayu zar-zarin mohzoda kim,
Angla, ko‘ngil, barcha quldir bo‘lmayin pokzodakim,
Ko‘rmaguncha dayr aro tinch o‘lmadim, tut bodakim,
G‘ussadin bu qal’a erkinni panohim bilmadim.

Qismatim kelmas malol, etsa borimni qaro,
Ohu zorim avjlarida ul telba torimni qaro,
Oh, faqat yo‘q toqatim, qilma yorimni qaro,
Ey, Navoiy, bo‘yla qilgan ro‘zg‘orimni qaro,
Hajr shomi erdi yohud dudi ohim bilmadim.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 21-Mayda yuklangan

120 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qismat ishq falak shoh moh g'azab gunoh dard
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi Taxmis muxammaslar Usmon Azim Taxmis muxammaslari Usmon Azim asarlari