Sahifa yuklanmoqda . . .
Tunlar oromidan achinmay kechdim.
Ko‘nglimni sen bilan etdim munavvar.
Sonsiz chigallikka urildim, yechdim.
Angladim: sen menga qismat muqarrar.
O‘zimni ming marta qatl ayladim,
Ming marta o‘zimga hadya etdim jon.
Sovuq bir tosh edim, qo‘shiq boshladim...
Ayt, yana nimani aylayin qurbon?
Gullarga burkangan badanin ochib,
Ko‘zimga termular bir malak — Hayot!
Uning og‘ushidan men ketdim qochib,
Sen — go‘zal she’rimni aylagani yod.
Meni xarob etdi beto‘xtov g‘ulu,
Chorasiz hijronning gapiga ko‘ndim.
Olis-olislardan uchib keldiyu
Qo‘llaring ohista kiftimga qo‘ndi...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).