Sahifa yuklanmoqda . . .


Kuzgi bog' I

1

* * *

Quyosh kular. Ammo tun ziyosida
Olis soyalarday sollandi armon.
Bu tunda — behudud vaqt daryosida
Noxos yiqildiyu cho‘kdi saraton.
Bul ishni, bilmayman, qay kuch hal etdi?
Taqdirning o‘zbekka yolg‘iz sovrini
Qo‘l ham silkitmasdan, vidosiz ketdi,
Bo‘g‘zida qoldirib otash hovrini.
Dunyo saxiylikka etmagay parvo,
Ijro etolmagay vido rasmini.
Uzlatga topshirdi yana bir bor, o,
Otashida yongan o‘gay faslini.
Saraton! Yonganlar topmagay qadr,
Saraton! Xor erur ko‘ksi gulxanlar...
Sen ketib borasan yurtdan qaygadir,
Otashdan vujudu ruhing o‘rtangan.
Ketasan. Osmonning kungurasida
Na parcha bulutu, na bir tutam dud —
Kechir! O‘chgan o‘tlar xotirasiga
Yig‘lashni unutgan bu bechora yurt.
Mening ulug‘ do‘stim! Quyoshlim! Bir boq!
Sendan olov olgan umrimning shashti
G‘amgin bog‘lar ichra qolmoqda charchoq,
Huvillab bormoqda ko‘nglimning dashti.
Qo‘ng‘iroq qoqaman senga bu oqshom:
— Uchrashaylik, deyman, saraton, qaytgil!
Mening bu junjikkan ko‘nglimga bu on
O‘tlig‘ so‘zlar bilan tasalli aytgil!
Kelasan. Qarshingga shoshadi yurak.
Garchi hanuz-hanuz qadamingda gul,
So‘zdan adashaman:— Keldingmi, kuzak?
Jiddiy qo‘l cho‘zasan:— Omonmisan, kul?
Bir tola oq qo‘nar mening boshimga,
Shamolda uchadi sendan bir yaproq...
Biz shunday turamiz dunyo qoshida —
Kul bilan xazonning suhbati uzoq.


2

* * *

Dunyongda men qirq yil yashadim tikka,
Har sharpang tanimni tig‘lab o‘tdilar.
Xudoyim! Bu tun ham qorong‘ulikda
Turnalar qaygadir yig‘lab o‘tdilar.
Yolvordim uxlamay — tongni so‘radim,
"Tezroq ketgan", dedim sust qadam tunga.
Falakka tongdayoq shoshib qaradim —
Xudoyim!— bitta ham turna yo‘q unda.
Turnalar yo‘lini ko‘rsatgil, boray,
Dardimni ularga aytayin oshkor.
"Ana yo‘l"— osmonga etding ishora...
Xudoyim! Bu yo‘ling nega buncha tor?


3

* * *

Mana, qirq yil dardingga to‘ldim,
Zerikmadim suhbatlaringdan —
Dunyo, oyday devona bo‘ldim,
Sening cheksiz zulmatlaringda.
Yulduzlarni qaynatdi osmon
(Biri kuydi, biri sovrildi) —
Tunlaringda qorishdim pinhon,
Olovingda men ham qovrildim.
Olib kelding yana bog‘imga,
To‘kding kuzak hasratin nega?
Nahot, bargning mitti dog‘iga
Mendan bo‘lak topilmas ega?
Kuzgi shahar daraxtlariga
Qarg‘alarning galasi qo‘ndi,
G‘am etdi dil xilvatlariga.
Yolg‘onlarning shu’lasi so‘ndi.
Anhor — tog‘dan adashib kelgan,
Horg‘inlikda cho‘zilgan sayyoh,
Tiniqlashdi bu g‘amda birdan —
U ne sirni angladi, dunyo?
Kuz qo‘ynida sochilib yotar
Zamin — Yerda to‘zg‘igan sholcha
Unga qonli uchqunlar otar
Barglaridan qon tomgan olcha.
Qirov qo‘ngan xoru xashakka,
Ariqlarning to‘nglagan labi...
Kuz to‘liqib kirdi yurakka
Hushdan ayri farishta kabi.
O, hushimdan ayrildim men ham!—
Vaqt vujudni o‘tmoqda teshib...
Nahot, umr — qirqqa kirgan g‘am,
Nahot, umr — tobutu beshik?
Dunyo, endi tilsimingni och —
Olib ketar neni yellaring.
Vah, qanday hayf anov yalang‘och
Teraklarning xipcha bellari!
Chinorlar jim xayol suradi —
Tanlarida zilday "uh"lari.
Xazon kechib boqqa kiradi
Shahidlarning horg‘in ruhlari.
Xazonrezga dil bo‘larkan band,
Vujud endi telba voladir.
Bu yig‘ikim, tobora baland,
Farg‘onadan ko‘chgan noladir.
G‘ofillikni yuborar yozib,
G‘oyibdanmi kelgan sas:— Uyg‘on!
Xazonlarga ko‘ksini bosib,
Shu bir so‘zni bitmoqda Cho‘lpon.
Kim o‘kirdi, bu kimning "oh"i,
Qay telbavash kechdi sabridan?
Balki Usmon Nosir arvohi
Suyagini izlar qabridan.
Beg‘amlikni kuz etdi mag‘lub,
Ikki dunyo bu on jonsarak.
Bizga faqat tazarru matlub,
Boshimizga yiqilma, falak!
Ruhni bugun tindirmas bir dam,
Boqqa haydar taqdirning qo‘li.
Kuzda bir bor xazonlik topsang,
Qisqaradi o‘zlikning yo‘li.
Yarashmagay bejur’at itob,
Zanjirlarni aylagil unut.
Nega g‘ussang buncha beshitob,
Ey, yetmish yil xazon tergan yurt?
G‘amlar ichra ol erkin nafas,
Faqat o‘zlik ozod sohildir.
Erk — azobdan ko‘chgan g‘azabmas,
Erk — g‘ussadan uchgan ahldir.
Yuragimni to‘ldirib turgil,
Kuz bergan his, bo‘lmagil talon
Men dilimni kuzakda qurdim,
Zabt etolmas uni olomon.
Uriladi dilga har garding,
Dunyo, nolang jonimda to‘kin...
Men olomon toptagan bargning,
Hasratida o‘lishim mumkin.
Qo‘y, yelkamga, tuman, suyanma,
Namxush tortdi shundoq ham betim.
Mening ochiq qolgan miyamga
Sovuq yomg‘ir yog‘moqda betin.
Vujudimda yelar yuzma-yuz
Hayot bilan Mamot shamoli.—
Bir yonimda kamolim hanuz,
Bir yonimda esa zavolim...
Do‘stlar, iliq yolg‘on komidan
Haydang — kuzga chiqsin qalbingiz.
Iching zarif g‘ussa jomidan,
Titranarkan nogoh labingiz.
Gul deb mehr qo‘ydingiz xorga,
Yashadingiz xorlikda yashnab.
Bilmadingaz, xushbaxt bahrida
Yurak ketar vujudni tashlab.
Quvonchning ko‘p zulmlari bor —
Dilni surgun aylagay g‘aflat.
G‘amni iching!
Ketsin ixtiyor,
Taningizdan arisin nafrat.
Vaqt ohangi teranu tig‘iz —
Insonni yut, ey, quyuq bayot!
Xazonlikdan qancha qo‘rqsangiz,
Sizdan shuncha jirkanar hayot.
Haqqa yetdim kuzning g‘amida,
Ko‘zlarimdan chekindi ro‘yo.
Bir "oh" ursam, "oh"im damiga
Yiqiladi qon jig‘a dunyo.
Qayriladi g‘ayurkor tig‘lar,
Buziladi g‘anim matlabi...

Kuz ko‘ksimga yurakni mixlar —
Yurak — Iso payg‘ambar kabi.


4

* * *

Bilaman, bu kuzdan bo‘lmaydi o‘tib —
Uning qayg‘ulari — tentaklik qadar,
Uning hasratlari — yuksaklik qadar.
Qalbingga men qanday boraman yetib,
Axir, o‘rtamizda bir fasl kadar.

Kim yozda qoldiyu kim qishda qoldi —
Gapirma. O‘zgarmas qismat tartibi.
Haq shukim, o‘rtada to‘qson kun yondi,
Xazonda o‘rtandi uch oy tarkibi.

Nafasim qaytmoqda — ufqlarni och,
Parishon dunyoni kuzak etsin tark.
Qimtingan lablarga boqib beiloj,
Yong‘in va muz aro bo‘lmasimdan g‘arq.

Umrimiz o‘tmoqda sahnada kabi,
Azoblar — eng qiziq tomoshaga teng.
Sendirsan bu kuzni yaratgan nabi,
Kuzga abadiylik muhrin bosgan men.

Bilaman, bu kuzdan bo‘lmaydi o‘tib —
Uning hasratlari yuksaklik qadar,
Uning qayg‘ulari — tentaklik qadar,
Bizni yubordi-ku yuksaklik yutib...
Vo ajab, yuksaklik naqadar xatar!

Yur, ketdik. Xazonrez dilni horitdi,
Bizni sig‘dirmadi bu yuksak tanglik.
Yuragim pastlikka yetmasdan qotdi...
Evoh, bu — pastlikmas.
Evoh, teranlik...


5

* * *

Kuz keldi — har bargi qontalosh etdi,
Bog‘lar bog‘lar bilan qon talosh etdi.

Qon o‘ldi olchalar, o‘riklar qon o‘ldi,
Hatto shaftolilar xun qarosh etdi.

Xunrezlik kasbida mumtozdir kuzak,
Shoxidan barglarni tez tarosh etdi.

Margning shamolida uchdi yaproqlar,
Vaqt dahshat bir sirni bizga fosh etdi.

Yig‘lama, azizim, tog‘larga qara —
Zamon ko‘z yoshlardan shundoq tosh etdi.

Qon sochdi, zar sochdi, yetdi murodga —
Xazonim so‘ngida qish maosh etdi.


6

* * *

Qo‘shiq aytar bo‘lsam yuragim to‘ldi,
Yig‘lashdan ko‘r bo‘ldi oydin ko‘zlarim.
Eski do‘stlarimning hammasi o‘ldi,
Hali tug‘ilgan yo‘q yangi do‘stlarim.
Ko‘ylagim hilpirar Vaqt shamolida,
Ikki yonboshimda tubsizlik - yovuz.
Chiqaman yolg‘izlik istiqboliga
Boshlarim - lovullab, yuragim - sovib.
Uvlayman samoga boshimni burib,
Ovozim yetmagay ammo tangriga.
Ko‘zi ko‘r dunyoday dovdirab yurib,
Kiraman o‘zimning muzday qa’rimga.
Meni asta-asta xazon aylar dard —
Meni yuta boshlar torlik, tanqislik...
"Yo‘lim qani?", deyman — ko‘rinadi qalb,
"Manzil qayda", deyman — kelar yolg‘izlik.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

379 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kuz bog' yo'l manzil yurak bosh vaqt dunyo
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari