Sahifa yuklanmoqda . . .


Jonholatda itlar hurar...

Jonholatda itlar hurar —
Tor ko‘chada to‘polon.
Anqovlangan qaysi mushuk
Ko‘chada bo‘ldi talon?
Hovlilarning eshiklari
Ammo shaxdam ochilar...
O, lo‘lilar kelishdi-ku!
Kelishdi-ku folchilar!
Ro‘zg‘orning g‘or tashvishlari
Bosh-u qo‘lni tark etar.
Ayollarning ko‘zlarida
So‘ngan umid "yarq" etar.
Bir kosa suv keltirilar,
Eskigina bir ko‘zgu.
Folchi lo‘li nigohida
Bir dam kelajak to‘zg‘ir.
Ko‘m-ko‘k xolli (igna ishi!)
Manglayida mayda ter.
— Qizim, qani, qo‘lingni ber!
— Kelinchak qo‘lingni ber...
Uzun yo‘lning boshlarida
Baxt uchmoqda belanchak.
Ko‘zlaringni yoshlab yurma,
Kulavergin, kelinchak —
Bir baxtingni band qilgan bor,
Hafta o‘tmay yanchilar...

To‘rvasidan baxtni tashlab.
Jo‘nar so‘ngra folchilar.
Xino qo‘ygan barmoqchalar
— Jim yot! — qilishar tahdid —
Itlar jimjit yotishadi
Xo‘rlangan mushuk taxlit.
Kechda erni kutib olar —
Shamol kabi ayol sho‘x.
Istehzoli so‘zlar yo‘qdir,
G‘amgin-g‘amgin ko‘zlar yo‘q.
Xavotirda boqadi er:
Nega kular — tinmaydi?
Uning baxtli bo‘lishini
Hali eri bilmaydi...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 18-Mayda yuklangan

37 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ko'cha lo'li fol baxt kelinchak er eshik it
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari