Sahifa yuklanmoqda . . .
Tarqab ketdi bulutlar birdan,
Itlar oldi o‘zin soyaga.
Maysalarni shovshatib, qirga
Olov kunlar chiqdi piyoda.
Kakrazorda achchiq shamollar
Kezinishdi oftobda gangib.
Boshlarimda uchdi somonlar
Va quyunlar buraldi changib.
Hovuzlarga yashil to‘n solib,
Qo‘shiq aytdi hofiz baqalar.
Sirtmog‘ini bo‘g‘zimdan olib,
Tugmalarni yechdi yoqalar.
Xayolimday hur kunlar keldi,
G‘amgusorim, ko‘nglingni ochgin.
Yorug‘ kunlar, nur kunlar keldi
Yo‘llaringga sevgimni sochgum.
Rahm qildi xudoyim bizga —
Qanday go‘zal bu iliq fusun.
Hozircha tun qisqadir, qisqa
Hozircha kun uzundir, uzun...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).