Sahifa yuklanmoqda . . .


Dunyo keng...

«Ho‘, bola boqmay baloga yo‘liqqur! O‘zing tarbiya ko‘rmagansan-da, bolang ham bola emas, balo! Shilpiqliging yetmaganiday, endi bolangga gap o‘rgatadigan bo‘ldingmi?.. Odamlarda insof degan savil qolmadi, onasidan tortib bolasigacha Xudo urgan-a… Ho‘, “ezma” degan tilingga tirsakkina chiqsin! Shoshmay tur hali, shunday adabingni berib qo‘yayki, ena suting og‘zingga kelsin!..»
Ayvonda suzma yalab o‘tirgan Maston kampirning xayolida beixtiyor tunov kungi mojaro jonlandiyu birdan o‘rnidan turib ketdi: «Koshki bu birinchi marta bo‘lsa, Xudoning bergan kuni shunday-ya!»
Jini qo‘ziganidanmi yoki o‘ziga o‘zi gapirgandanmi, bujmaygan lablari tinmay qaltirar edi. U yelkasiga tushib qolgan chit durrasini shahd bilan silkitib qayta o‘radi va ko‘chaga chiqdi. Oyog‘i Sorabonularnikiga tortdi. «Shilpiqning kirdikorlarini qo‘shnilarim ham bilib qo‘ysin!»
Sorabonu oyoqmoshinada o‘zining ko‘ylagidan ortib qolgan qiyqim-siyqimlardan nevarasiga ishtoncha tikib o‘tirar edi, qo‘shnisining bemalol hovliga kirib kelayotganini ko‘rib, oldiniga ensasi qotdi, so‘ng borib xushlamaygina ko‘rishdi. Sorabonuning bundayin muomalasida andak kibru havo yashirin ekanini Maston xotinlarga xos ziyraklik bilan sezgan bo‘lsa-da, bu galcha o‘zini bilmaganga olib qo‘yaqoldi.
– Voy, manavi ishtonchani qaranglar, mu-uncha chiroyli bo‘lmasa bu! Samadjonga tikyapsizmi, Sora o‘rtoq? – dedi u ko‘zlari javdirab. – Juda-a bolajon xotinsiz-da, o‘rtoq.
– Ha-ya. Bir Samadjongamas, nevaralarimning hammasiga ham ko‘ylak-ishtonni nuqul o‘zim tikib beraman, – dedi Sorabonu og‘zini to‘ldirib. – Endi, bular hozirgi bolalarga bir marta kiyishga yaraydi, xolos. Tez-tez tikib turmasam…
– Yosh bolaning ishi shu – biz tikaveramiz, ular yirtaveradi, – deya Maston qo‘shnisining fikrini ma’qullab qo‘ydi, keyin temirni issig‘ida bosaqoldi: – Har nima bo‘lgandayam, nevaralaringiz o‘zingizga o‘xshab odobli, esli-hushli. Anavi Sottixonning g‘irtmakchasi biram shumshuk bo‘ptiki, asti qo‘ying. O‘tgan-ketganga tinchlik bermaydi-ya!
Sorabonuning yuzi yorishdi: uning ham diliga tugib qo‘yganlari bor, axir! Shu mavzuda gap ochildi, yaxshi bo‘ldi.
– Shuni ayting, qo‘shnijon, – dedi u Mastonning og‘zidagini darhol ilib olib. – Qo‘li qichimay o‘lgur, nevaraginamni urib, hammayog‘ini mo‘mataloq qilib yuboribdi, qoshi-ko‘zini bilib bo‘lmaydi bechoraning. Sottixon indamabdi, tomosha qilib turavergan-da. Mundoq ajratib qo‘ysa, tug‘i pasayib qolmasdi.
– Ko‘mirdan oqlik, temirdan yumshoqlik tilama, derdilar otam rahmatli. Sottixon kim bo‘libdi, ranjiysiz. Tavba, kap-katta xotin-u, qiladigan ishi… Siz bilan biz xolos: past-balandini o‘ylab ish qilamiz.
Fikrlarining bir yerdan chiqayotgani ikkala kampirga ham moydek yoqib tushdi. Sorabonu, muhim sirni oshkor qilmoqchidek, atrofga o‘g‘rincha alanglab, shivirladi:
– U yog‘ini surishtirsangiz, Sottixon qarib quyulmaganlardan, bo‘lmasa, ellikdan o‘tib ham tug‘averadimi?
Kampirlar tomoqlarini kilkillatib qiqirlashdi, ko‘ngillari yayradi.
Kampirlarning ko‘nglini yayratgan gap chin edi: Sottixon yangi kelinchakligida orqama-ketin ko‘rgan uch qizdan so‘ng, uzoq yillar tug‘may qo‘ygan edi, yoshi ellikka borib to‘satdan yana homilador bo‘lib qoldi. Yurib-yurib o‘g‘il tug‘di! Sottixonning-ku necha yillik armoni ushaldi, qishloq xotinlariga esa, yangi ermak topildi. O‘shandan beri, mana, o‘n ikki yildir, bu g‘aroyib hodisa tafsiloti el og‘zidan tushmaydi…
– Hazilingiz bor bo‘lsin-da, Soraxon, – dedi Maston quvlik bilan iljayib. Ko‘nglidagi g‘ubor xiyla tarqalgan, qo‘shnisini ham o‘ziga og‘dirib olganidan benihoya mamnun edi u. Qo‘lini fotihaga ochib, uzundan-uzoq ming‘irladi, so‘ngra o‘rnidan turdi. – Mayli, o‘rtoq, men chiqay endi, sizniyam rosa ishdan qo‘ydim.
– Gaplashib o‘tiribmiz-da, qo‘shnijon. Ish degan zormanda o‘lganda ham tugamaydi, – dedi Sorabonu. – Xo‘p, xayr bo‘lmasa.
Mastonni kuzatib qo‘ygach, chala qolgan ishini davom ettirishga o‘tirgan Sorabonu miyig‘ida jilmaydi: «Hmm, ayyorlikni qarang, ilonning yog‘ini yalagan-a…»
Oradan bir choy damlash fursati o‘tar-o‘tmas ikkita ishtoncha tayyor bo‘ldiyu ko‘cha eshik tag‘in g‘iyqillab ochildi. Halpillagan ko‘ylagining etagi bilan yerni supurib, Sottixon kirib koldi. Ishtonchalarni yana bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Ko‘nglida har qancha ranjiyotgan bo‘lmasin, Sorabonu mehmonga peshvoz chiqdi.
– Xizr bo‘p keting-e! Hozirgina xayolimdan o‘tib turuvdingiz-a, – deya mulozimat qildi u.
Sottixonning bir ko‘zi oftobdan yoshlanaverib, allaqanday dardga chalingan edi, shu shilpiq ko‘zini yengining uchi bilan to‘sib kuldi.
– Xizrdan qayerimiz kam, Bonu! Qarilik – avliyolik, derdilar onam rahmatli.
Ikki qo‘shni shu tariqa odob bilan bir-biridan hol-ahvol so‘rab, to‘shakka cho‘kishdi. Suhbat kuni kecha armiyadan bo‘shab qaytgan tolko‘chadagi Mamarayimdan boshlandi. «Mamarayim askarlikka ketmasidan oldin hivichdekkina bola edi. Endi-chi! Yuzlari to‘lishib, gupchakdek semirganini qarang», deya kampirlar hayratga tushdilar. «U yoqda oshpazlik qilgan emish, oshpaz bo‘lmaganida bunaqa semirarmidi», deb o‘zlarini ovutdilar. Ularning aytishicha, endi qishloqning manaman degan qizlari ham Mamarayimning qo‘ng‘ir tusli mo‘yloviga, ko‘kragidan chiqib turgan ajriq misol yollariga kishibilmas nazar tashlab yurganmish, tinchini yo‘qotganmish. Yana kim biladi, deysiz, gapiraman desa gap ko‘p, eh-he…
Nihoyat, Sottixon o‘g‘lining tezroq borib, Mamarayimga o‘xshab qaytishini orzu qildi.
- Yaxshi niyat – yarim mol, aytganingiz kelsin, — dedi Sorabonu uning ko‘nglini ko‘targan bo‘lib. Gapni o‘z-o‘zidan bolaga keltirib taqagani Sottixonga qulay keldi, muddaoga ko‘chdi – ko‘rpachadan chiqib turgan qavima ipning uchini barmoqlari orasiga olib yumaloqlarkan, asta dedi:
– Kecha qoqvosh o‘g‘ilcham nevarangiz bilan salgina aytishib qopdi, Bonu, eshitib biram xafa bo‘ldimki… Ishtonini yechib, bir-ikki savaladim ham. Ishqilib, siz mendan…
Sottixonning gapi og‘zida qoldi – Sorabonu ko‘ngilsiz holatning oldini olishga shoshildi:
– Qayoqdagi gaplarni ko‘tarib yurasiz-da, qo‘shni. Kelib-kelib sizdan xafa bo‘lamanmi? Yosh bolaning fe’lini bilasiz-ku: bugun urishadi, ertaga yana apoq-chapoq. Esli-hushli odam sira bolaning o‘rtasiga tushmaydi. O‘libmanmi…
Sottixon dadillandi:
– O‘zimsiz, Bonu, o‘zimsiz, – dedi u suyunib. – Lekin… tiliga kuch berib, pashshadan fil yasab yurganlar ham bor-da.
Sorabonu suhbatdoshining og‘zidan ko‘z uzmay o‘tirarkan, beixtiyor: «Hozir Mastonni aytadi, qarab turing-a, Mastonni yomonlashga tushib ketadi hozir», deya xayolidan o‘tkazdi. O‘ylagani chin chiqdi.
– O‘g‘ilcham nimagadir Mastonni xushlamaydi. Yoshligidan shunaqa – iqi suymaydi, – deb so‘zida davom etdi Sottixon. – Oldinlari uni ko‘rasolib pinjimga tiqilardi, endi bo‘lak qiliq chiqaribdi – jig‘iga tekkani-tekkan. Necha marta aytdim, o‘zingdan kattani mazax qilma, yomon bo‘ladi, dedim, qani quloq solsa. «Shu kampir yalmog‘izga o‘xshaydi», deydi. Hi-hi-hi… Bilasizmi, Bonu, yosh bola yaxshi-yomonni darrov ajratib olarkan. Bir balosi bordirki… Hi-hi-hi…
Sorabonu bundan atigi yarim soat oldingi, Maston bilan qurgan suhbatini esladi, «Hammang ham bir go‘rsan!» deb qo‘ydi ichida. Lekin sir boy bermasdan, uning gapini ma’qulladi:
– Bo‘lsa bordir. Axir, yoshligidan shallaqi edi, bilasiz-ku buni. Odamlar hozir faqat o‘zini o‘ylaydi. Otasini tanimaydigan zamonlar keldi, qo‘shni. Siz bilan biz, xolos… orqa-oldimizga qarab yuramiz.
Sotti shilpiq jon-dilidan suyundi.
– Go‘dakligidan aql kirmaganidan keyin, qariganida go‘r bo‘larmidi! Ha, mayli, har boshga ne kelsa – fe’lidan.
Sorabonu bilan Sottixonning gangir-gungur suhbatlari shu yerga yetganida uzildi: hovliqib Maston kirib qoldi.
Aslida, uning bu tuyqus tashrifi tasodif emasdi. Boya Sorabonu bilan xayrlashib chiqqanidan so‘ng ko‘chaning huv boshidagi kichkinagina do‘koncha qarshisida boshqa bir qo‘shnisi – Qumrinisoga duch kelib, ikkalasi xiylagacha valaqlab turishdi. Bir payt uzoqdan Sotti shilpiqqa ko‘zi tushdiyu gap orasida uni zimdan kuzata boshladi. Sotti shilpiq Sorabonuning uyiga qarab burilganidan so‘ng esa, tinchini yo‘qotdi. Qulog‘i hamon Qumrinisoning og‘zida, fikri-zikri Sorabonularnikiga ko‘chdi. Chidayolmadi, Qumriniso bilan gapni qisqa qildi-da, bu yoqqa jo‘nadi…
Maston Sorabonuning Sotti shilpiq bilan bemalol yoyilib, chaqchaqlashib o‘tirganini ko‘rib, bir fursat esi og‘ib turdi. Bisotimni rosa titkilashgandir, deb o‘ylab xunob bo‘ldi, yuzi burishib ko‘zlari mug‘ambirona qisildi.
Daf’atan qiziq holat yuz berdi: kim kimning oldida aybdorligi qorong‘i, lekin uchala kampir ham bir-biridan xijolatda, go‘yo o‘rtada bir nima yo‘qolgan-u, kim olgani noma’lum…
Nihoyat, Maston hushini yig‘di; Sottixon bilan quyuq ko‘rishdi-da, Sorabonuga qarab, kulib, dedi:
– Qarigan sayin esimizni yeb qo‘yyapmizmi deyman. Boya xamirturushga chiqqan edim, parishonlik qursin, indamay ketaveribman. Shunga…
– Voy o‘lmasam, aytmabsiz-da menga. Hozir opchiqib beraman, – deb Sorabonu shosha-pisha oshxona tomon yurdi. Zum o‘tmay yarim bo‘lak xamirturushni yo‘l-yo‘lakay qog‘ozga o‘rab, ko‘tarib chiqdi. – Gapga ovora bo‘lib…
Maston xamirturushni oldi-da, Sorabonuning hayhaylashiga qaramay, iziga qaytdi.
Sottixon ham tipirchilab qoldi: bu yerda o‘tiraversa, Mastonning xayoliga har balolar kelishi mumkin. O‘rnidan turaqoldi. Xayrlashdi.
– Kiring, Bonu, dardlashib o‘tiramiz. Endi bundan bu yog‘i odam odamga g‘animat. Xo‘pmi?
– Qani, vaqtga qarab… – deganicha Sorabonu ikkala kampirni ostonagacha kuzatib qo‘ydi.
Sottixon bilan Maston eshik oldida bir-birlariga yo‘l berib, mulozimat qilib picha turib qoldilar, so‘ngra, xuddi kelishib olgandek, baravariga ostona hatladilar. Eshikning ikkinchi tabaqasi taraqlab ochilib ketdi. Maston o‘zicha, Sottixon o‘zicha mulzam bo‘ldi, ko‘z ko‘zga tushgach esa, xijolatli holni kulgiga aylantirib yubordilar. Eson-omon ko‘chaga chiqib olib, eshikdan sal uzoqlashgach, Maston ortiga bir o‘girilib qaradiyu qiqirlab, dedi:
– Xudo olsin, eshigi muncha tor bo‘lmasa, naq qo‘ymichimdan ayrilib qolay dedim-a.
– Odamning eshigi ham, tuynugi ham fe’liga qarab bo‘larkan-da, opa, – dedi Sottixon ham qiqirlab.
To muyulishga yetguncha Sorabonuning «molxona tuynugiday» tor eshigini muhokama qilib bordilar, keyin Maston so‘zni boshqa yoqqa burdi:
– Uyga kiramiz, Sottixon, achchiq choy damlab beraman.
– O‘zingiz yuraqoling, opa, mening choyim tayyor, dasturxonim yozig‘liq, – deya iltifot qildi Sottixon. – Shu Sora qurumsoqnikiga kirib tomoqlarim qaqrab ketdi,
– E-e, nimasini aytasiz. Mehmon keldi-yu, o‘rnidan turay demaydi-ya!
– Qo‘ying shuni! Asli, tagi past, odamgarchiligi yo‘q… Mehmon kutishda sizga yetadigani yo‘q-da, opa.
– Ja-a, maqtab yubordingiz-ku, Sottixon. Lekin, doim sizga havasim keladi – odamjonli, udli-shudli xotinsiz.
– Ha, ishqilib, Xudo jonimizni salomat qilsin! – Shunday deb Sottixon uyi tomon burildi. – Kirmaysizmi?
- Rahmat! O‘zingiz kirganingizda bo‘lardi…
***
Dunyo keng ekan, odamlari turfa ekan, umr esa – oqar daryo. Men bilganim shu bo‘ldi, azizlar. Endi yer yuzidan u kampirlarning izi o‘chgan, yer tagida jismi ham qurib bitgan. Bor-yo‘g‘i o‘n yil ichida, demak, hash-pash deguncha…
Oldin Sotti shilpiq olamdan o‘tdi. Bu judolik Sorabonu bilan Maston kampirni yetim qilib qo‘ydi. Lekin, iloj qancha, ayyuhannos solib qolaverishdi. Molning o‘limiga mol chidaydi, odamniki bo‘lakcha-da, azizlar.
Keyin… Keyin Maston kampir o‘ldi. Dunyoni huvillatib ketdi boyoqish.
Oxiri Sorabonu… Aytishlaricha, jon taslim qilguncha Sorabonu toza qiynalgan emish. O‘limidan oldin faqat bir-ikki lahzagina hushiga kelibdi, tilga kiribdi, o‘shanda ham zo‘rg‘a: «Yuragim siqilib ketyapti», deya olibdi, xolos.
Nachora, dunyo keng, odamlar turfa… ishoning, azizlar.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 16-Aprelda yuklangan

102 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kampir bola qishloq nevara odam dunyo xotin fikr kiyim tarbiya
Muallif
Nurulloh Muhammad Raufxon

Nurulloh Muhammad Raufxon

Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurullo Otaxonov) 1955 yil fevralining 14-kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi bo‘limini tamomlagan (1981). “Yo‘l boshida” (1984) to‘plamida hammuallif, “Dunyo keng” (1985) hikoyalar, “Shu yerlik kishi” (1987) qissa va hikoyalar, “Etakdagi kulba” (2014) to‘plamlari chiqqan.“Oq bino oqshomlari” hikoyasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, “Yilning eng yaxshi hikoyasi” deb topilgan.Ushbu hikoya asosida “Oq bino oqshomlari” badiiy filmi senariysini muallifning o‘zi yozgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiyning «Layli va Majnun» dostoni asosida 2 (ikki) qismli badiiy film senariysini ham yozgan. Asar kinoqissa o‘laroq “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgan (1991 yili).Yozuvchi turk, gurji, xitoy va rus adabiyotidan bir qator asarlar tarjima qilgan. Jumladan, o‘ristilli yozuvchi Temur Po‘latovning “Toroziy toshbaqasi” (“Черепаха Тарази”) romani hamda “Shinavanda” (“Завсегдатай”) qissasini o‘zbekchaga o‘girgan. Hozirgi zamon turk adibi va olimi Ahmad Lutfiy Qozonchining 6 (olti) jildlik “Saadet Devrınden” qilgan “Saodat asri qissalari” asari o‘zbek tilida “Sharq yulduzi” jurnalida to‘lig‘icha bosildi, so‘ngra kitob holida 8 (sakkiz) marta qayta chop etildi. Shuningdek, bir qancha adabiy-tanqidiy maqola, suhbat va publisistik asarlar muallifidir.

Batafsil


Yangi Hikoyalar Nurulloh Muhammad Raufxon Hikoyalari Nurulloh Muhammad Raufxon asarlari