Sahifa yuklanmoqda . . .


Deraza haqida ballada

Kuzakning besohib kechalarida
Izg‘irinlar yelar, yomg‘irlar ezar...
Dunyoning ho‘lzulmat ko‘chalarida,
Tentirab kezinar yolg‘iz deraza.

Oynasida o‘ynar chiroqning aksi,
Qayiq surati bor pardalarida.
Tentirar deraza — xazonlar bosib,
Beparvo kuzakning zardalariga.

Sakkiz oynasi bor — sakkizta tuman,
G‘ussadan sakkizga bo‘lingan siyna —
Boradi charchagan ko‘chalar bilan
Sakkizga ajralgan jonini qiynab.

Avtolar yonida o‘tar zuvillab,
Xalqoblar poyida qolar sochilib,
Boradi junjikib, borar huvillab,
Yig‘lar — men bilmadim kimga achinib.

Kecha mavjlanadi — hududsiz dengiz...
(Izg‘irinlar yelar, yomg‘irlar ezar...)
Tunga cho‘kib ketgan to‘rt taraf tubsiz...
Nochor kema kabi suzar deraza.

Ko‘p qavat binolar charaqlab turar,
Sassiz hayqirishar: "Bizlar — baxtiyor!.."
Baxtdan gangib qolgan bu cho‘ng devlarga,
Yolg‘iz derazaning dardi ne darkor?

Deraza charchabmi yerga cho‘kadi,
Tani chippa botar kuzak loyiga.
Ustidan daraxtlar xazon to‘kadi...
Hamma derazalar joyi-joyida!

Deraza qaytadi poyu-piyoda,
O‘tgan yo‘llarini tanimas ko‘zi...
Sovuq bir devor bor, axir, dunyoda,
O‘sha muzday devor — qismatning o‘zi!

Singan qanot kabi — sudralib borar
Ikkita pardasi — shundoq jiqqa ho‘l.
Axir, bu dunyoda bir devor bor-a,
Bedorligi kamdir, uyqulari mo‘l.

Ana, xurrak otib uxlar bearmon...
Deraza termular devorga g‘amgin:
— Bir kun qaytmas bo‘lib ketaman, ishon!
Uyg‘ongin, devorjon! Uyg‘on! Uyg‘ongin!..

Deraza devorga kelib o‘rnashar,
Dahshatda qotadi sakkizta ko‘zi:
Qurib ulgurmagan darpardalardan
Qayiqlar qaygadir ketishar suzib...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Aprelda yuklangan

49 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
deraza qismat sog'inch ayriliq hijron iztirob dunyo zulmat
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari