Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu uyda yashashar bir-birin poylab,
Bunda ezgu tuyg‘u qovjirar pinhon.
Bunda faqat charchoq kezadi yayrab.
Bunda uvalanib boradi inson.
Bunda bir burchakda, tishlab labini,
Tegrasiga boqar jiddiy, beshafqat —
Shu uyning bo‘lajak odil qotili,
Shu uyning o‘zida tug‘ilgan Nafrat.
Nafratning qo‘lida xanjar — uxlamas —
Tun bo‘yi bir zarbga yig‘ar alamin.
Xanjarni bosh uzra ko‘targanda dast,
Derazadan oshib tushar allakim.
Allakim Nafratning qo‘lidan tutar,
Yoqasidan ushlab shivirlar betin.
Yutoqar, alamni ichiga yutar:
— Bu uyni kechirgin, Nafrat, kechirgin!...
— Sen kimsan, emranding bunda betoqat?..
Vayrona bo‘lmoqqa mahkum bu kulba —
Kunduz shifti polga otar malomat,
To‘rt devor ayblaydi bir-birin tunda...
Nafrat qaroridan qaytmas — to‘lg‘onar,
Ammo taraladi bir iliq sehr.
Uyning karaxt qotgan tili uyg‘onar:
— Sen yetib keldingmi, quvg‘indi Mehr?...
Behol suyanadi Nafrat javonga...
Jimlik. To‘rt devor jim. Shift jim. Pol
Mehr ikkilanib chiqar balkonga,
Kutadi..."Qolgin", deb aytmaydi hech kim.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).