Sahifa yuklanmoqda . . .


Boychechak

Opam Saidaga

Ey, mening munisginam,
Mehribonim, opajon.
Baland tog‘lar bag‘rida
Bormisan sog‘u omon?
Kecha xatingni olib,
Ko‘ksimga tushdi g‘ulu...
«Usmon, juda sog‘indim,
Sen meni unutding-ku...»
Opa, unutganim yo‘q,
Qo‘y, qilmagin imtihon.
Muhabbatim, hurmatim,
Sog‘inchim qalbda nihon.
Qanday yodimdan chiqsin
Tepaliklar, dalalar...
Bahor bilan mast bo‘lib,
Kuylardik biz bolalar:
«Boychechagim boylandi,
Boychechagim boylandi...»
...Bugun olamda yoshlik,
Zamin qancha aylandi.
Yigirma uch gul fasli
Bargday umrimdan uchdi.
Ne turfa tashvish, yumush,
Opa, bag‘rimni quchdi.
Shu she’rni bitayotib
Boqqandim derazaga,
Ko‘rib bir manzarani
Qalbim tushdi larzaga.
Quvonchimga qayerdan
O‘xshatish topayin mos!
Xullas, opa, daraxtlar
Guldan kiyibdi libos.
Yana oydin xayollar
To‘ldirdilar xonamni:
Ana, hovlimiz... sen... men...
Qish...Qor ko‘mgan olamni,
Izg‘irinda junjikib
O‘ltiribmiz ayvonda.
Oyog‘imizda etik,
Eskigina choponda.
Qachon keladi bahor...
Necha kun, necha kunduz?!
... Bir kun uzilib tushar
Tarnovga osilgan muz.
Bulut ko‘kda urar charx,
Maysalar nish otadi.
Quyosh tansiq nurini
Sochib-sochib botadi.
Opa-uka izlaymiz
Dala-dashtda boychechak:
"Qor eridi, qo‘rqmagin,
Ochil asta, oychechak".
Oxir ko‘rsatar yuzin,
Bizni zor etgan chechak,
Baxtini topgan kabi
Toshar, hovliqar yurak.
Oq yomg‘irda bosh yalang,
Raqs tushamiz, o‘ynaymiz.
Kamalakda ko‘milib,
Jaranglatib kuylaymiz:
"Boychechagim boylandi,
Boychechagim boylandi..."
...Bugun olisda yoshlik,
Zamin qancha aylandi,
Totib qo‘rdim dunyoning
Lazzatiyu, alamin.
Goho o‘ksik, gohida
Shodmon yozdi qalamim.
Ba’zan jimjit, tinch oqdim,
Ba’zan ko‘tardim isyon —
Kurashda ham, g‘amda ham,
Bayrog‘im bo‘ldi vijdon.
Goh she’rda bo‘ldim mag‘lub,
Goh kuldim tantanavor!..
Qisqa qilib aytayin —
Opa, ukang baxtiyor!
Ammo sokin bu hayot,
Zeriktiradi ba’zan.
Shunda, mehribonginam,
Seni ko‘rmoq istayman,
Opa, unutganim yo‘q...
Qorlar erib bitgan choq
Uyga kirib boraman,
Tugar hijronu firoq.
Bir kungina o‘shanda
Qo‘ygin ro‘zg‘or g‘amini,
Ikkalamiz ertasi
To‘ldiramiz kamini.
Dala-dashtga chiqamiz
Izlaydurmiz boychechak.
Odamlar kulsa-kulsin,
Bir kun bo‘lamiz go‘dak.
Oq yomg‘irda boshyalang.
Raqs tushamiz o‘ynaymiz,
Kamalakka ko‘milib
Kulib-yig‘lab kuylaymiz!
"Boychechagim boylandi,
Boychechagim boylandi..."


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

144 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bahor boychechak opa bolalik xat sog'inch mehr hayot
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari