Sahifa yuklanmoqda . . .
1
* * *
O!.. Olamdan to‘kildi gunoh!
Oralagan bog‘larga sanmi —
Gullaysanmi shunaqa, Alloh,
Alloh, shunday ko‘karasanmi?
Yomg‘irlaring bir dunyo xitob!
Olam qayta yaraldi — yangi!
Mening qaysi «oh»imga javob —
Yig‘laysanmi shunaqa, tangrim?
Sen — saxiysan, mehrdir boring...
Gullashingu yig‘lashing — oshkor...
Men — bir to‘zg‘in maysangman, tangrim,
Men — bir qatra yoshingman, jabbor.
2
* * *
Zirqiradi ildizim — tuproq
Zarrasini arang ko‘tardim.
Hali qorlar bo‘lmasdan adoq,
Sabrim yetmay, tangrim, ko‘kardim.
Turfa ko‘kat yerdan qalqidi,
Tevaragim to‘ldi ziyoga.
Men ham bitta giyoh talqini —
Qarindoshman hamma giyohga.
Beparvodir bahor gullari:
Xush lahzaga tashlab ixtiyor,
Yomg‘irlarga tutib qo‘llarin —
Ochilishdi menday baxtiyor.
Baxtli bo‘ldim mehringdan men ham,
Chaqmoqlarda yorishdi yuzim —
Teraklarda erksevar ko‘klam
O‘rmalarkan ko‘klarga uzun.
Bog‘laringda turarkan to‘lib,
Boshlarimga urildi tuman.
Angladim, bu — tumanmas, bulut,
Angladimki men ham, tog‘lardan.
Erib bitdi qishning munglari —
Mahv bo‘ldingmi sen ham oxir, marg?
Navdalarning so‘lu o‘nglari —
Kurtaklari sachrab ochdi barg.
Yer yumshadi ona bag‘riday,
Sochil, Hayot!— davroning keldi.
O, bahor ham olqish — tangridan —
Ko‘karguvchi zamoning keldi.
Telbalik qil, barq ur, yashillan,
Gulla!— nuru bo‘yga qorishib.
Asablarim, qara, yashindan —
Jismu jonim borar yorishib.
Ko‘kka boqdim — ko‘zim yo‘liqdi —
O‘tmoqdadir turna galasi.
3
* * *
Yeru ko‘kni ko‘mding ziyoga —
Mehru shafqat ko‘rgazding, jabbor.
O‘sayotgan har bir gayohda
Bandalarga talpinishing bor.
Mana, mening charchoq boshimga
Telba-telba yomg‘iring quydi.
Bir uyg‘onish tuydim loshimda —
Mehri qattiq ko‘k meni suydi.
Olov otib ketdi ko‘zimga
Umri qisqa, jununvor yashin —
Men ko‘nglimni ko‘rdim o‘zimda —
Ruhim tortdi nogoh yam-yashil.
Xayolimning adirlarida
Bag‘rini qon etdi qizg‘aldoq.
Mening g‘amgin satrlarimda
Qanot qoqdi bir qushcha sayroq.
Yo‘q, achinmay qo‘ydim qadrimga —
Men yo‘qdirman! Men — sening nolang!
Jabbor! Bir qush yig‘lar satrimda —
U meningmi, yo sening nolang?..
Tizilishdi — o‘pkam to‘liqdi,
"Qur-ey"...— oqdi ko‘zim jolasi.
Kelin tonglar salqinlarida,
Shabnamlarda pochalarim ho‘l,
Kezarkanman chorbog‘laringda —
Tangrim, sezdim, hali qalbim mo‘l...
Zirqiradi ildizim — tuproq
Zarrasini ozod ko‘tardim.
Bir ko‘rgani ro‘yingni bu choq
Men ko‘kardim, tangrim, ko‘kardim...
4
* * *
Endi menga emas munosib
Yuragimni oshkora yoqmoq.
Yarashadi — aqldan ozib
Ko‘kragimga bekingan chaqmoq;
Yo tomosha etmoq — quvonib —
Dilda uchgan kapalaklarni;
Ham izlamoq nogoh uyg‘onib —
Tushimdagi kamalaklarni;
Yoki bizni nurga undagan
Haq aytgan chog‘ haqiqat so‘zin —
Boshni shartta qo‘ymoq kundaga
Birodarlar uchun ham o‘zim;
Nafrat otin yo‘lda qantarmoq —
Adashganga mehr nurin sochib
Va yurakni tanga qaytarmoq
Hujayralar zehnini ochib...
Ey, o‘zini menga baxsh etgan
Umr! Tavba ko‘ksimda uryon.
Shamolimda sovrilib ketgan
Kunlaringni qaytaray qachon?
Yulduzlarni borar oqizib,
Boshim uzra yo‘lovchi dunyo...
O‘tmoq nega, axir, gard bo‘lib,
Men, axir, dard bo‘lmoqchiman, o!
Xabar bergin, ko‘nglim, falakka -
Men yangicha yashay boshladim:
Yoqamgamas, qara, yurakka
Sizib tushar achchiq yoshlarim.
5
* * *
Mayli, osmon boshimda xira,
Bahorimda chillaning qishi —
Menga muhim chalkashlik ichra
O‘z-o‘zimni anglamoq ishi.
Shafqatning keng chorbog‘larida
Bir daraxtday gulladi mehrim.
Nafratning chars qiynoqlaridan
Qutilmoqda yurakning sehri.
Ruhning sokin girdibodida
Uchar ekan tanning kullari,
Istaymanki, dilning dodiga
Sado bersin hayot gullari.
Men ko‘nglimni gul kabi uzdim!
Tangrim, yubor gulga zor kasni...
Tangrim, qanday o‘yinni buzdim -
Hech kimga gul kerak emasmi?
6
* * *
Tovushini yo‘qotgan emas,
Yurak hamon devona hofiz.
Faqat uning yonida besas
Paydo bo‘ldi dono Kaykovus.
Hamon tunlar to‘lg‘aydi navo,
Qovurg‘alar — chanqovuz — tanda.
Faqat oshiq dilda uyg‘ondi
Tazarruga bosh eggan banda.
Shafqat tanni zabt etdi-oldi,
Chohdan chiqdi hamma so‘zlarim.
Mening jismim tamom yo‘qoldi —
O‘tkirlashdi faqat ko‘zlarim.
Yurak endi avjlarni qo‘yib,
Past pardada kuylar shikasta —
Jonu jismim ketaru kuyib,
Yoshlarimni artaman asta.
Qalbdan toshday og‘ir ko‘chgan she’r
Hayotdami, o‘limda ko‘proq?
Anglamayman, zalvorlimi Yer,
Yo kaftdagi bir hovuch tuproq?
Ushbu she’rni bitarkan, armon
Yuragimga takror buyurdi:
— Bemalol uch — uzoqdir osmon,
Yer qattiqdir — bemalol yurgin.
7
* * *
Agar dardga to‘lsang, do‘stni izlama,
Endi so‘zlar ketdi — so‘zni izlama,
Shafqat keltirguvchi ro‘zni izlama —
Dardingni telbavor shamolga yashir.
Maqomsan — dilni sho‘x bayot tushunmas,
Sen — saydsan, "oh"ingni sayyod tushunmas,
Hasratni gullagan hayot tushunmas —
Ko‘z yoshing ta’birin savolga yashir.
Dunyo, chayqalmoqda — og‘ib turibdi,
Dunyoga shaytonlar yoqib turibdi,
Qara, haq falakdan boqib turibdi —
Rostni ildizdagi kamolga yashir.
Hamdard bo‘lmoqlikka bemorlar topgin,
Vatanning ko‘yida zor-zorlar topgin,
Yiqmoqqa daraxtmas, devorlar topgin —
Erk so‘zin qafasda beholga yashir.
Bu go‘zal bog‘ ichra bahor dengizi,
Mavjlari — yam-yashil, ufqi — qirmizi,
Bahor — payg‘ambardir, sen ham — Termiziy —
Bir hadis topsang gar niholga yashir.
Bahor yuragingga bir shirin sasdir,
O‘zligin sezmaydi — bu dunyo mastdir,
Mastlik ham beshafqat hayotdan bahsdir —
Hayotning ma’nosin zavolga yashir.
8
* * *
Oh, ayon, daraxtlar yasholmas yakka —
Gullab-ochilishgan bog‘larda — to‘p-to‘p...
O, tangrim, kezaman men yolg‘izlikda,
Gunohlarim ko‘pdir, gunohlarim ko‘p.
To‘p-to‘p yashamoqda — sokin kamoldir,
Yolg‘iz yashamoqda — bepoyon to‘zim.
Hamma daraxtlarga bitta shamoldir,
Hamma shamollarga bitta men o‘zim.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).