Sahifa yuklanmoqda . . .


Azizim, devorda chiqillar soat...


Azizim, devorda chiqillar soat,
Kunu tunni bo‘ldik yigirma to‘rtga.
Soat buyrug‘iga qilib itoat,
O‘zimni tashlayman tafti yo‘q o‘tga.
Sahar — odamlardan yugurib, o‘zib,
Ishxonaga qadar qo‘yaman poyga.
Kunduz — o‘ltiraman o‘ylarim to‘zib,
O‘zim stoldayu xayolim oyda.
Kunduz — latifalar aytaman yig‘lab,
Qalam qitirlatib suraman xayol.
O‘ylayman: kimdandir safsata tinglab,
Meni unutmoqda men sevgan ayol.
Oqshom — xiyobonda she’r kezadi mast,
Oqshom. Meni ko‘rib silkitasan qo‘l...
— Do‘stginam, muzladim, eritgin birpas...
Do‘stginam, o‘lguncha yonginamda bo‘l!
Besabr panjalar bir-birin izlar,
Ko‘zlaring o‘qiydi vafodan doston.
Oqarar, bo‘zarar, lovullar yuzlar,
Falak zamin bo‘lar, yer bo‘lar osmon...
— Azizim, yarim tun. Izladim qotdim,
Olovdan bermagin befoyda darslar.
Men qalbim olovin mangu yo‘qotdim,
Tegramda qullar, yo mansabparastlar.
Xayr, ko‘rishguncha, xayr dilbandim.
Yolg‘iz so‘zlagaysan sevgingni oyga.
Uxlamog‘im kerak... Vujudim manim —
Tongda ko‘chalarda qilgusi poyga...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

174 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
soat umr vaqt odam ish poyga sevgi xayol
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari