Sahifa yuklanmoqda . . .
Qo‘llarim gullagan edi, bahorim,
Qara, gullab turgan qo‘llarim xazon.
Bo‘yningga osilib gullagan edi,
Bag‘ringda yozilib gullagan edi,
Ketding, ikki qo‘lim sarg‘aydi bejon.
Aytsam, chidolmaysan qalbim dardiga!
Qo‘llarim holidan so‘zlayin faqat:
Kirlaringni yuvib gullagan edi,
Dardlaringni quvib gullagan edi —
Bugun havolarda qotdi muallaq.
Qo‘llarim... qo‘llarim sog‘indi... Yomon!
Sen qaydan bilarsan qo‘llar sog‘inchin!
Ular beharakat qotishar birdan,
Ular titranishar bezovta, purg‘am —
Barmoqlar oh urib, yo‘qotar tinchin.
Uzzu kun ikki g‘am mening hamrohim,
Uzzu kun yonimda ikkita beva —
Shomgacha g‘amlarin ishga aytishar,
Tonggacha sog‘inchin tushga aytishar —
Ikki Laylisheva — ikki sho‘rsheva.
Kelib qo‘llarimdan xabar olgin, oh,
Yo‘llaringni poylab ko‘zim yig‘laydi,
Xatlarga bitganim — so‘zim yig‘ladi —
Ammo biz uchrashsak qo‘llarni kechir,
Ular yig‘lamoqni bilmaydi aslo...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).