Sahifa yuklanmoqda . . .


Arosatdagi arvoh

AROSATDAGI ARVOH

U manziliga etmasdan ulovdan tushdi va xuddi yayov yurishni istaganday eski masjid tomonga jo‘nadi. O‘zicha birovdan najot kutdi. Xayolida hozir mo‘‘jiza yuz beradiganday suyundi. Lekin bu quvonch uzoqqa cho‘zilmadi. U temir panjara oldida to‘xtadi. O‘zicha «Boshimizda bor savdo» deb ming‘irladi. Picha vaqt atrofga alanglab turib qoldi, ko‘zlari keskin o‘zgardi. Haligina tahlika ichida shafqat tilab, madad istayotgan nigohlar qahrli tus oldi. Keyin... keyin hamma yoqni dahshatli kulgi tovushi qamradi.

... Qachondan beri yotganini bilmaydi. O‘rnidan turishga urindi. Jussasini ko‘targan edi, surinib yiqildi. Amallab o‘rnidan turdi. «SHoshma» dedi o‘ziga-o‘zi. Hozirgina yiqilayotganda oyog‘i qayrilib ketgandi. Nega og‘riq sezmadi, azobni his qilmadi. "Bunda bir gap bor», dedi sarosimaga tushib. Atrofga olazarak nazar tashladi. Turgan joyi qabriston ekanligini ko‘rib battar cho‘chib ketdi. Keyin hali o‘zi kelgan temir to‘siq yoniga qaytdi. Qishloq tomonga eltuvchi uzun yo‘lga tushib, uyiga oshiqdi. Muyulishdan ko‘chasiga burildi. Uyining oldidagi gavjum odamlarni ko‘rib hayron bo‘ldi. Hamma chopon kiyib, bel bog‘lagan. «Dadam», dedi oyoqlari titrab. «Oyimmikan?», ikkilandi tag‘in. «Har tugul...», deya pichirladi nimani o‘ylayotganini o‘zi ham tushunmay. Darvozasining oldiga yaqinlashib, to‘planib turganlarga salom berdi. Biroq ulardan hech biri bunga parvo qilib, salomiga alik olmadi. Uni payqashmadi. «Janozada kim kimni tanirdi», deb xayol qildi u o‘zicha. Ohista yurib bo‘sag‘adan ichkari kirdi. YOshu qari birdek uvvos solmoqda. YUragi orqaga tortib, butun azoi badani muzlay boshladi.

— Kim o‘ldi ekan? — dedi o‘ziga o‘zi.

Keyin darvozaxonaga qaytib, qo‘shni erkaklardan birini turtdi. U indamadi. E’tibor bermadi deb taxmin qilib, yana turtkiladi. Biroq bu safar ham qo‘shni miq etmay joyida turaverdi. U astoyidil g‘azablandi. O‘zi uyidagi mayitning kimligini bilolmay xunob bo‘lib turganda, olomonning qiy-chuvidan asablar bo‘shashgan bir mahalda buning hech narsa bo‘lmagandek turishini qarang deya hayqirgisi keldi. SHunday g‘azablandiki, sal bo‘lmasa hammayoqni ostun-ustun qilguday shashti bor. Qo‘llari musht bo‘lib tugildi, qovoqlari osildi. Endi haligi kishining yoqasidan tutmoqchi edi, bo‘sag‘adan to‘rt oyoqli taxta otni elkasiga ortmoqlagan to‘rt kishining gavdasi ko‘rindi. Ular tobut ko‘tarib olgan edi. Uning badani junjikib ketdi. Eng achinarlisi tobut orqalagan, kishilarga yo‘l boshlab, cho‘bin otni qo‘ygani joy ko‘rsatayotgan, qoramag‘izdan kelgan, chehrasidan butun umri bola-chaqa boqish tashvishida yashagan, yuzidan shundoqqina g‘ussalar horitgani bilinib turgan kishi — otasini ko‘rib, ko‘nglidagi bor alamlar portladi. Uning quchog‘iga o‘zini otgisi keldi. Ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Ikki kafti bilan ko‘z yoshlarini artishga tirishdi. Lekin bari befoyda edi.

Birovning birov bilan ishi yo‘q. Hamma o‘z dardida. Erkaklarning ba’zi biri “Voy, ukamlab”, ba’zilari “Voy, jigarim” deb baqiryapti. YAna uning xayoli bo‘lindi. “Akammi yo ukammi”, dedi atrofga ko‘z yugirtirib. Ikkovi ham ko‘rinmaydi. Sekingina hovliga o‘tib, ochiq turgan derazalardan xonalarga nigoh tashladi. Boyadan beri erkaklarning yig‘lagan ovozidan marhum onasi emasligini bildi. Kim bo‘lsa ham baribir jigarida. Ko‘ngli to‘lib, o‘pkasini bosolmayapti. Marhum(a)ning kimligini bilishga oshiqyapti. Sekin qadam tashlab, o‘zi yotadigan xonaga kirdi. Tovush chiqarmay yurishga harakat qilarkan, kecha oqshomda allaqaerga ketayotib kiyimlarini qanday to‘zg‘itib ketgan bo‘lsa, hali-hanuz shu ahvolda turgan buyumlarini ko‘rib hayron bo‘ldi. Keyin, ta’ziyali uyda bunaqa narsalarga e’tibor berishga vaqt bo‘lmasligini bilib, payt poylab o‘tirmay o‘zi apil-tapil xonani saranjomlab qo‘ymoqchi bo‘ldi. SHu payt qo‘shni xonada qiy-chuv avjiga chiqdi. Kimdir “Voy, o‘zidan ketib qolmasin, suv sep”, deya baqirsa, yana birov “O‘zingni bos jon qizim, shaytonga xay ber, Xudoga shak keltirma”, derdi. Boshqasi esa, “YAratgan o‘zi, oladigan ham o‘zi, peshona-da”, dedi. U derazadan boshini chiqarib hovliga qaradi. CHetga qo‘yilgan tobutni qo‘shnilar mayit solgani tayyorlashyapti. Otasi bo‘sag‘aga, odamlar qatorining boshidan o‘rin olgan. Kelgan ketgan faqat bir og‘iz “Bandalik” so‘zini takrorlaydi... takrorlayveradi...

U butun chalg‘iyotgan fikrini jamlab, boyagina ayollar chinqirishib qolgan xona tomon yurdi. Eshikka yaqinlasharkan, qadamlari og‘irlashib, hayajon va hadikdan yuragi gupirlab ura boshladi: “gup-gup, gup-gup...”

Ichkaridan tanish ovoz eshitildi: “Voy, akajo-o-on, chidolmayman, oyi-i...” “Mapini ovozi-ku! Bundan chiqdi, akammi, oyimmi...”, o‘ylariga erk berdi u. Bo‘sag‘aga etganda ayollarning tovushi battar kuchaydi: “Ushla!”, “Suv sep”, “Mapi...”

“Bechoraning ichi kuyib ketdi, adoyi tamom bo‘ldi-ku”, dedi ichki bir hissiyoti, singlisiga achinib. Xonaga kirgani yuragi dov bermadi. Ostonada turdi. “Yo‘q, kiraman”, dedi piqqillab. Eshikni ochdi. Ichkarida bir uy xotin-xalaj bor. Ko‘m-ko‘k libosda. Boshlarida oq, oppoq ro‘mol... O‘rtada joy solingan. Xonadagi ayollar-u, hovlidagi erkaklarning, nainki bular, shu xonadondagi barcha tirik jonlarning shovqin qilib, uvvos solishiga ham e’tibor bermay shu joyda kimdir orom olyapti. Mangu uyquga ketgan. U uxlayotgan kishining kimligini ko‘rolmadi. YOniga borib yuzini ochib ko‘rgani qo‘rqdi. Lekin vafot etgan kishi onasi emasligini bildi. CHunki, onasi ana — o‘ziga kelib, ketib yig‘layapti. Singlisi g‘amning zo‘ridan o‘zini bilmay qolgan. Ikkovining ham alami zo‘r. “A...aka-am, akam ekan”, dedi u shivirlab. Biroq uning bu gapini hech kim eshitmadi. Xonadagi manzarani ko‘rgani ortiq bardoshi etmay tashqariga chiqdi.

Ko‘pchilik to‘plangan. Qishloq mullasi ham kelibdi. Hali zamon darvozaxonaga chiqqanda yo‘q edi. Demak, mayitni chiqaradigan payt yaqin qolibdi-da.

U ahvolining qandayligini o‘zi ham bilmay yana xonasiga oshiqdi. To‘zg‘igan liboslar orasidan chopon, qalpoq hamda belbog‘ axtara boshladi. Ularni egniga ilib, ko‘p qatori safga turib, marhumni so‘nggi yo‘lga kuzataman deb o‘ylagandi. Ammo ming qidirmasin, izlaganlarini topolmadi. “Hech qisi yo‘q”, deya hovliga chiqdi. SHu payt qo‘shni xonaning derazasidan kimdir otilib tushib, orqa tomoniga qo‘l cho‘zdi. Nariroqda turganlardan yana biri unga yordamga shoshildi. Olomon saflandi. CHo‘bin ot o‘rtaga qo‘yildi. Eshonbobo duolarni uzoq o‘qidi. Rozi rizolik so‘raldi. Bo‘layotgan hamma gaplar uning qulog‘iga elas-elas chalinadi. Aniq-tiniq hech narsani bilmaydi. Bilgani shuki, birozdan keyin odamlar navbatma-navbat tobutni ko‘tarib, eski mozor tomonga jo‘nadi.

Mayitni qabrga qo‘yish, dastlab eng yaqin kishilari siqimlab tuproq tashlashdi. SHu paytda ham mahalladoshlari orasidan akasini izladi. Ana, otasi, g‘amdan boshi egilgan, bir kundayoq sochlari qirovday oqarib ketgan bechora padari buzrukvori. Ana, ukasi, hali o‘yinqaroqlik tark etmasdan turib, umrida ilk marta ayriliq komiga g‘arq bo‘layotir. Eh, attang... Attang... SHo‘ring qurg‘urlar-a...

Mozor boshidan qaytgan odamlar birin-ketin tarqalishdi. Otasi va ukasi bo‘sag‘adan kirishi bilan onasi, singlisi faryod urib, ularga talpinishdi. Qizaloq “Akam qani”, deya dodlasa, baxtiqaro ona “Bolam o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasmidi”, deya chinqirdi. Hech kim, biror kimsa uning yoniga kelib dardlashmadi. Loaqal bir marta bo‘lsin uning bag‘riga kelib tovush chiqarmadi. U hayron edi...

Ta’ziyali uyda faqat oilaning yaqin odamlarigina qolishdi. Qaddi dol ota, hovlining burchidagi daraxt tagiga borib, o‘kirib yig‘ladi. Uka u er, bu erda g‘ussaga botdi. Singil bo‘lsa, qayta-qayta tobi qochib, oxiri bir xonaga kirib yotib qoldi. Birovni ko‘rishni istamadi.

U ham allaqachondan beri o‘zidan o‘tganini o‘zi bilib, ohista eshik tagiga cho‘kdi. Ayollar o‘tirgan xonaga kirib, onasini yupatmoqchi bo‘ldi. Ko‘ngli to‘li-i-ib ketdi. Yig‘ladi, to‘ymadi. Yig‘lashini qo‘ymadi: “Jon akam”, dedi o‘kinib. “Endi sizni qachon ko‘ramiz. Nega bizni tashlab ketdingiz. Akajon, jigarim. Meni kechiring... rozi bo‘ling... aka...”

U million o‘y bilan eshikni ochdi. Besh-olti nafar ayol, o‘zlaricha piqillab yig‘lab o‘tiribdi. Tanidi, xolalari, ammalari... Ularning orasidan onasini qidirdi. To‘rda ters o‘girilib o‘tirgan ayolni bir er kishi quchoqlab nimalardir deya ovutadi. U o‘sha tomonga qarab yurdi. Xonaning o‘rtasiga etganda ayol va yigit davraga qarab burildi.

...U to‘xtadi. U bilan birga vaqt to‘xtadi. “Aka”, dedi tovushi titrab. Atrofga alangladi. Burchakda turgan tryumo ustida kattakon qilib o‘rnatib qo‘yilgan o‘zining suratini ko‘rdi. “U tirik-ku... akam tirik... Ha...”, esxonasi chiqib ketayozdi uning. “Men... men ekanman...”

U qachondan beri ruhini qiynab kelayotgan savolga javob topdi.

Oqshomda hovlini zir yugurib alamdan chiqmoqchi bo‘ldi. Lekin, ko‘kda xiragina bo‘lsa ham nur sochib turgan oy nuri, yugirayotgan oyoqlarini erdan yulib, havoda parvoz qilishga shayladi. U ohista darvozaxonaning bo‘sag‘asidan chiqib ketarkan, hovlidagi krovatda boshini changallab o‘tirgan otasini, ukasini, singlisi hamda mushtipar onasini, uni yupatayotgan akasini bir-bir ko‘z o‘ngida gavdalantirdi.

...Va sekingina pichirladi: Ming shukur. Arosatdan qutildim.

U oz fursatdan keyin o‘sha tanish, temir panjarali qabristonning quyuq qorong‘uligiga singib ketdi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 15-Aprelda yuklangan

85 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
arosat arvoh o'lik ota ona aka qishloq tobut yig'i qabriston
Muallif
Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

Batafsil


Yangi Hikoyalar Shavkat Odiljon Hikoyalari Shavkat Odiljon asarlari