Sahifa yuklanmoqda . . .


Alangadan tirik chiqqanlar

Qishloqning markazidagi eski do‘konning yonidan o‘tgan ko‘chada joylashgan hashamatli imorat, bu — Xurmoli qishlog‘ining oqsoqoli Sotimxon degan odamning uyi edi. Sotimxon bo‘ydor, elkalari keng, ustida doim kamzul, boshida do‘ppi, oyog‘ida kovush kiyib, qishloqning to‘-yu marakalarida boshchilik qilardi. Ayoli Mo‘‘tabar undan to‘qqiz yosh kichik, shu bois yosh ko‘rinardi-yu, biroq o‘zini Xurmoli kayvonilaridan deb bilardi. Ularning uch nafar qizi bo‘lib, kattasi va kenjasini turmushga uzatgan, o‘rtancha qiz Zarnigor qariyb ikki yildan buyon fotihali edi. Sotimxon farzandlariga yaxshi tarbiya berdi. Haqni, haqiqatni tanitdi. O‘zi bir oz kibrli bo‘lsa ham, oilasidagilarni bu odatdan ayadi.

Peshin namozini o‘qib, masjiddan qaytayotgan oqsoqolga yo‘ldayoq Zarnigor qizining qaynotasi uyida kutib o‘tirganligini etkazishdi. Sotimxon qadamini tezlatib, xalloslab, nafasi bo‘g‘ziga tiqilgancha bo‘sag‘adan kirarkan, o‘ziga g‘amnok termilgan nigohlarni ko‘rib yuragi muzlab ketdi. O‘tgan tunda bosinqiragani bir zum xayolidan o‘tib, ichida “YAxshilikka bo‘lsin” dedi-da, yuzida zo‘r berib tabassum paydo qilishga urindi. Salom-alikdan so‘ng qudasi dedi:

— Quda, mana ikki yildan beri bolalarimiz fotihali. Qo‘lim kaltalik qilib shu paytgacha to‘yni paysalga soldim. Olloh beraman desa, hech narsa emas deyishadi-ku. Bu yilga nasib qilgan shekilli, agar rozi bo‘lsangiz shu oyda to‘yni o‘tkazsak.

Bu gap Sotimxonga ham ma’qul tushdi. Qudasi ertaga jamoat bilan kelib to‘y kunini belgilab ketishdi.

To‘yga besh kun qolgan, ikki xonadon egalari ham tayyorgarlik ko‘rish bilan band. Qo‘l-qo‘lga tegmaydi. YAngalar birlashib, “kelin-kuyovni to‘y oldi yana bir uchrashtiraylik, zora bir-birlariga arafada aytadigan gaplari bo‘lsa” deyishdi.

YArim tun. Sotimxonning hovlisi osudalik girdobida. Uchrashuvdan qaytgan qiz, o‘zi yotadigan xonaga kirib ketib, yarim soatlardan so‘ng qaytib chiqdi. Egniga yangi, kelinlikda kiyadigan liboslarini kiyib, oshxona tomonga yurdi. Bir necha daqiqadan so‘ng, qo‘lida benzin bilan chiqdi. So‘ng hovlining chetidan suvning shildirashiga o‘xshagan ovoz eshitildi. Pichadan so‘ng esa to‘rt devor orasidagi olti so‘tix er xuddi kunduzgidek yorishib ketdi. Olov lovullay boshlaganda yangragan soniyalik chinqiriq ovozi butun mahallani oyoqqa turg‘izdi...

Sotimxon bo‘sag‘adan otilib chiqarkan, alanga ichida jimgina o‘tirgan qizini ko‘rib, turgan joyida to‘xtadi. Darvozadan kirib kelgan qo‘ni-qo‘shni ham oqsoqolning yonidan nariga o‘tolmadi. Mo‘‘tabar opa esa butun mahallani boshiga ko‘tarib uvvos solar, “qizimni qutqaringlar” deya o‘zini olov tomonga urardi. Alanga borgan sari avj olar, biroq Zarnigor qimir etmasdi. Sado chiqarmasdi. Uning bunday o‘tirishidan Xurmoliliklar hayratga tushdi. Qizining ustiga yopgani ko‘rpa olib chiqqanlarni Sotimxon oqsoqol to‘xtatdi. Biror kimsani unga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymadi. CHamasi yarim soatlar yongan alanganing kuchi pasayib, o‘z-o‘zidan o‘chdi. Qiz esa hushsiz yotardi. Tanasida na biror kuygan, na lat egan iz yo‘q.

Zarnigorni ko‘tarib uyga olib kirisharkan, kimdir tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi. Tez yordam keldi. Tekshiruvlarni amalga oshirgach, shifokorlarning tashxisiga ko‘ra horiganligi sababli shunchaki xushidan ketgan degan xulosa yasaldi. Ular endigina ketgandi, darvozadan Sotimxon oqsoqolni so‘rab kelishdi. Yo‘qlagan kishiga peshvoz chiqqan oqsoqol, bu kishini tanidi. Bu kishi o‘rtancha qizi — Zarnigorga sovchi bo‘lib kelgan, quda tomonning qarindoshi bo‘lmish Rajab aka edi.

— Quda, — dedi Rajab aka xavotirli ohangda, — kuyovingiz o‘ziga o‘t qo‘yibdi. Tezda borarkansiz.

U kishining gapi Sotimxonning elkasiga tog‘ni qulatganday bo‘ldi.

Oqsoqol bugun kuyovi bilan qizining uchrashuvi borligini bilardi. Hali kechki tamaddi paytida xotini unga sekingina shipshitib qo‘ygandi. Haligina qizi o‘zini yoqsa, endi kuyovi...

Xayoliga kelgan fikr oqsoqolning butun tanasini junjiktirib yubordi. “Nahot, nikohdan oldin chimildiq ko‘rishgan bo‘lsa...” Bu xayol uni qattiq ranjitdi.

— Onasi, — baqirdi Sotimxon ovozining boricha. Ichkaridan xotining ovozi eshitildi.

— Ha, nima gap?

— Qizing uchrashuvdan qachon qaytgandi?

— Bilmayman...

Oqsoqol g‘azab bilan er tepindi. Bu vaqtda Zarnigorni ichkariga olib kirgan xotin-halaj hayratdan yoqa ushlab, qizning birorta ham kuygan joyini topolmay, g‘aroyib mo‘‘jizaga guvoh bo‘lardi. Sotimxon shaxd bilan haligi odamga ergashib, qudasining uyi tomonga yo‘naldi. Manzilga etib kelishganda, bu hovlidagi odamlar ham asta-sekinlik bilan tarqalishayotgan edi. Alhol, kuyov bolaning ahvoli ham kelinnikidan sira farq qilmas, u ham bexush, biroq uning jismida ham birorta kuyik joy ko‘zga tashlanmadi.

Sotimxon qudasiga shubhasi haqida aytarkan, qudaning-da ko‘zlari olaydi.

Tong otdi. Bir kunning ichida bu karomatdan nainki butun qishloq, balki qo‘shni qishloqdagilar ham xabar topishdi. Tushlikka yaqin ikki xonadonda xushlariga kelgan qiz va yigitni mullaga olib borib, eskicha qilishdi. YOshlarni tashqarida kutib turishga undagan mulla, Sotimxon va qudasini chaqirib, kelin-kuyovni allaqanday ins-jinslar chalganini e’tirof etdi. Ortidan xonadonda qon chiqarib yuborish kerakligini aytishni ham unutmadi.

Ular mazkur hodisaning tafsilotini, sir-u asrorini bilishga urinishdi. Lekin hammasi besamar ketdi. Kelin-kuyovning o‘zlari esa hech narsani bilishmaydi. Hattoki o‘zlariga o‘t qo‘yishganini ham.

Mullaning aytganlarini qilgan Sotimxon ham, qudasi ham to‘yni to‘xtatmaslikka intilishardi. Ikki kun ichida bo‘lib o‘tgan voqealar hammani esankiratib, hayratga solib qo‘ygandi. Biroq to‘y ko‘ngildagidek o‘tdi.

Sotimxon oqsoqol esa to‘ydan oldin yoshlar uchrashgan joyga ham jonlik qo‘y so‘yib, to‘ydan so‘ng elga qaytadan osh berdi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 15-Aprelda yuklangan

87 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
qishloq kelin kuyov alanga tun sotimxon shifokor to'y fotiha quda
Muallif
Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

Batafsil


Yangi Hikoyalar Shavkat Odiljon Hikoyalari Shavkat Odiljon asarlari