Sahifa yuklanmoqda . . .


1952-yil...

Fevralning oxiri. Hali izg‘irin.
Hali bosinqirab uxlar bog‘chalar.
Yelkalar sog‘ingan bahor yomg‘irin,
Xushnud qanot qoqib uchar zog‘chalar.

Fevral sovug‘ida turar bir ayol,
Asfaltning ustida ko‘chi-ko‘roni.
U bahor haqida suradi xayol.
— Kela qol...—
Chorlaydi nurli dunyoni.

Unga issiq uydan boqadi riyo,
Qonsiz qo‘llarida qon yuqi qatron.
Derazadan cho‘chib chekinar ziyo,
Qadami sekinlab to‘xtaydi zamon.

Riyoning lablari qimtilgan — o‘jar,
"Haq" deydi — tilidan ko‘chadi zulmat.
— Ayol, uy meniki,
Senga — qish, ko‘cha,
Davron menikidir,
Sengadir kulfat.

U kular — hech kimdan qilmaydi hazar,
Boshiga gulchambar taqar ro‘yoni.
Xiyonat qalami qo‘lida, yozar —
Yolg‘onga o‘rgatar sodda dunyoni.

Ufqqa tirmashar chaqaloq bahor
Yam-yashil vujudi biram ozoda...
Ammo bunda fevral. Ammo hali qor.
Hali uzoqlarda Maqsud Shayxzoda.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

53 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
fevral sovuq izg'irin bog' ayol bahor asfalt dunyo
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari