Sahifa yuklanmoqda . . .


Tush

Gunohkorni eng odil hakam
O‘ldirmoqqa ayladi hukm.
...Ergashaman jallod ortidan,
"Meni os", deb qilaman zug‘um.

Qo‘riqchilar boqadi hayron,
Hech kim menga demaydi: "To‘g‘ri!..
Sen bir mo‘min, begunoh inson,
O‘lishi shart, axir, u — o‘g‘ri!"

Jovdirayman jallod qoshida:
O‘ylab topgin biror bir imkon,
Qop kiygizmay turgin boshiga,
Uning uchun men berayin jon".

"U — poraxo‘r", deydi xaloyiq,
Men o‘rtaga qo‘yib jonimni,
Deyman: "Yo‘q, u yashashga loyiq,
Qonun, to‘kkin mening qonimni".

"U sevgisin sotdi", qichqirar
Bir ayolning qasoskor ko‘zi;
Tiz cho‘kaman: "Singlim, muqarrar
Buyuk nomzod o‘limga o‘zim!"

...Va tomosha chiqar avjiga,
Endi qurbon kutmagay shafqat.
Nog‘oralar zarbi mavjida
Titray boshlar ufqda shafaq.

Bosh uraman dor og‘ochiga;
— Meni o‘ldir, ozod bo‘lsin u!
Shunda jallod kelar qoshimga:
— Axir, zarra gunohing yo‘q-ku!

— Aybsizligim — bir o‘limga teng,
Men uchun ham jallod, dor qurgin,
Hamma gunoh qildi — ko‘rdim men,
Hamma gunoh qildi — jim turdim…
 


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 11-Aprelda yuklangan

125 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tush gunoh odil hakam o'lim hukm jallod zug'um qo'riqchi hayron mo'min o'g'ri imkon qop bosh jon pora xaloyiq qon qonun sevgi ayol qasos ko'z nomzod tomosha shafqat nog'ora zarb avj dor sukut
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari