Sahifa yuklanmoqda . . .


Shoh G‘oziy haqida hikoyat

(Shoh G‘oziy qahrining garmseli bir qaysar boshoqni barbod etgani, adolatining suvi esa o‘sha boshoq bitgan buzuq ekinzorni obod qilgani)

 

Saodatli Shoh G‘oziy podshohlik toji uchun kurashib, taxt talashib yurgan vaqtda – yonida yuz, ikki yuzcha odam bilan ko‘chib yurar, goh Xorazm yerida bo‘lardi, goh Adoqda. Otgan o‘qlari dushman yuragini qon qilib, tig‘i yov boshini uchirar edi. O‘zi asli zotida loyiq bo‘lgani uchun Alloh unga oxiri hukmdorlikni berdi. Xalqqa u adolat eshigini ochib qo‘ydi. Taxtga chiqib o‘ltirdi-yu, adolat ko‘rsata boshladi. Imoratlar qurib, vayronalarni tuzatdi, zulmni adolat yo‘li bilan bartaraf etdi. Bid’at va fisq-fujur ahllari yo‘qolib, shariat adolatining qo‘lini kuchaytirdi. Bir kuni u aylanish uchun chiqqan edi. Shunda bir devona kampir uning etagidan mahkam tutdi. Nola-yu afg‘on chekib, oh tortib, u dedi: - Ey, shariatpanoh shoh! Agar adolat bilan ish ko‘riladigan bo‘lsa, men sen bilan shariat bo‘yicha da’volashaman. Shart shuki, jahling chiqmaydi, savollarimga shariat mahkamasi - qozixonada javob ber. Shoh javob berdi: - Agar sen jonimni talab qilsang ham, agar talabing shar’iy bo‘lsa, aybimga jonim bilan iqrorman. Shu aytilgan gap bo‘yicha kelishdilar, islom qozisining huzuriga bordilar. Ular bir-biriga yonma-yon o‘ltirishdi; atrofdagi odamlar hayajon bilan turardilar. Ikkisi go‘yo katta ma’rakada Zol bilan Rustam turganday edi, ularning boshida esa butun olam to‘plangandek.                                                     

Qariya dedi: - Shoh qazoqlik qilib ko‘chib yurarkan, tig‘ solib, har yoqqa askar tortardi. Men tulning birgina jigarim bor edi, u jigarim ekinzorining yagona boshog‘i edi. U bog‘imda bitgan qomati raso sarv, yana to‘g‘rirog‘i, qurigan shoximning mevasi edi. Shoh qilichi bilan ko‘ksimni yorib, jigarporamni halok etdi. U tig‘i bilan jigarimni kesib, jigarim qonini yerga oqizdi. Qozi aytdi: - Hukmimga shubha bo‘lmasligi uchun ikkita guvoh olib kel. U javob berdi: - Agar ikki guvoh kerak bo‘lsa: bular - shohning o‘z adolati va insofidir. Shunday qilib, yaxshi niyatli podshoh aybiga iqror bo‘ldi. Adolat dargohining odami bo‘lgan qozi xun puli to‘lash kerakligi yoki qasos olish haqida hukm chiqardi. Shoh dedi: - Shariat shunday hukm qilgan ekan, payg‘ambar shariatining hukmiga jonimni fido qilaman. U qiyiq bilan bo‘ynini mahkam bog‘ladi; katta hamyonning esa og‘zini bo‘shatdi. Kampirning qo‘liga qo‘rqmasdan tig‘ berdi, bu tomonga esa oltin, kumushlarni to‘kib qo‘ydi. So‘ng u dedi: - Qasos olaman desang, mana, boshim; maqsading tirikchilikka pul olish bo‘lsa, mana, pul. O‘g‘lingni o‘ldirish haqida buyruq berganimda, boshqa ilojim qolmagan edi. Mana, nima qilsang qil, ixtiyor senda! Shohning adolat va zo‘r insof ko‘rsatishi tig‘ni g‘amgin kampirning tishlaridek o‘tmaslashtirdi. U uzr so‘rab shohning oyog‘iga yiqildi va dedi: - Ey yulduzlarcha askarga ega bo‘lgan podshoh! Agar bolam sening yo‘lingda qurbon bo‘lgan bo‘lsa, men qariya ham senga jonimni berishga tayyorman. Agar seni iztirobga solgan bo‘lsam, yaxshilikcha kechir, men yengildim. Vah, bu odamni qanday xijolatga solish bo‘ldi? Bunisi qanday lutf-u adolat o‘zi?! Kampir o‘zining da’vo-yu dostonidan kechib, hatto o‘g‘lining qonidan, o‘zining jonidan ham o‘tdi. Qizig‘i shuki, odil podshoh uni o‘sha vaqtda boy ham qildi. Yulduzlardek ko‘plab oltin-kumushlar uni ko‘hna falakdek yashartirib yubordi. Kumushning kuchidan u kumushdek boldi. Xalq unga «Tilla kampir» deb laqab qo‘ydi.

Falak shum kampiridan qancha alam ko‘rsang ham, shoh adolat qilsa, ey Navoiy, nima g‘am. Ey gulyuz soqiy, adolat jomini keltir, qara, adolatning orqasidan qanday gullar ochilishi mumkin. Adolat qadahini tutki, shodlik bilan ichay, zamonning odil kishisini yod tutib ichay.


Ushbu hikoyatni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 20-Noyabrda yuklangan

61 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari