Sahifa yuklanmoqda . . .


Shoh Bahrom hikoyati

(Bahromning may ta'siridan baxtining ko‘zi uyquga ketib, mamlakatining binosi bu seldan yiqilgani va mazlumlar faryodidan uyg‘onib, buning chorasini ko‘rgani)

Yazdijird jahon mulkini tark etgach, Bahrom maishatga berilib ketdi. G‘aflat bodasi uni mast qilib, mastgina emas, bodaparast qilib qo‘ydi. Shoh mayni ichib, mastlik uyqusiga ketishi bilan boshqa mastlar uning mamlakatini xarob etishga boshladi. Ko‘ngli xastalarning ko‘nglini ovlashni o‘ylamay, ishlari faqat dashtda ov qilish edi. Ichkilik ichib, yomonlik qiluvchilar uning mamlakatini yer bilan yakson qilishdi.

Bahrom ov qilib yurib, bir kun adashib qoldi. Shunda u birovning chaylasiga kirib, mehmon bo‘ldi. U chayla emas, hijronning qora kechasidek qorong‘i, zulm-sitam qushlarining tuzog‘iga o‘xshagan, oshiqlarning ko‘ngul uyidek buzuq, yog‘ochlari o‘qqa o‘xshab har tomondan chiqib turgan joy edi. Bu chaylani zulm o‘qlari teshgani ko‘rinib turar; bir necha mazlumlar u yerdan boshpana topgan edi. Zamona zulmidan ularning hammasi yalang‘och, zulm qo‘lining shapalog‘idan hammasining qaddi bukilgan edi. Bitta qotgan non bilan suv olib kelib, uy egasi ularga xizmat qila boshladi. Shoh ahvolni ko‘rib, nima gapligini so‘radi. U:

- Ahvol mana shu ko‘rib turganingday, - deb javob berdi.

Shoh dedi:

- Bu faqirlik, ojizlik, muhtojlik nimadan? Buning hamma sirlarini ro‘yi rost ayt.

U dedi:

- Burun ahvolimiz yaxshi edi. Bizning ahvolimizni zulm xarob qildi. Shoh xalqning ahvolidan xabardor emas. Unga may va kuydan boshqa narsa kerak emas. Uning odamlari tama' og‘zini keng ochib, mamlakatni yer bilan teng qilishdi.

Shohning ko‘ziga ro‘para bir koshona ko‘rindi, lekin uning har xonasi vayrona edi. Shoh so‘radi:

- Bu vayrona ilgari nima edi?

U javob berdi:

- Saroy edi. Atrofi esa bog‘ edi. Unda eskidan eski daraxtlar, yangi chiqqan gullar o‘sar edi. Ikki tegirmon koriz suvi ham bor edi. Bu ajoyib suv dehqonchilik daromadlari bilan shu joyni kent, hatto shahar qilib yuborgan edi. Endi korizga qarashga kuch qolmadi. Taqdirning unga ko‘zi tegib, ko‘r bo‘lib qoldi. Suv qurigandan keyin bog‘ ham quridi; gul ham qolmadi: gul u yoqda tursin, uning yafrog‘i ham. Binoni suvash, tuzatishga ham kuch yo‘q; bu ishlarni bajaradigan odamlarning o‘zi ham qolmadi. Bog‘ va saroy - hammasi yer bilan yakson bo‘ldi, zulm, tama' esa birga yuz bo‘ldi. Zamona zulmi mollarni olgandan keyin shu yomon ojizlik, shunday bir ahvolga tushib qoldik.

Shoh shu pardaning o‘zidagi o‘rish-arqoqdan ahvolni tushunib, joni o‘rtandi, boshidan tutun ko‘tarildi. G‘am qilichi bag‘rini chok-chok qilib, g‘ussadan o‘lishiga sal qoldi. Mastlik g‘aflatidan uyg‘onib, joni xumor o‘ti bilan yona boshladi. Aysh-u ishratdan, xursandchilikdan ko‘ngli sovib, hamma qilayotganlari xato ekanini tushundi. Zolimlarni yo‘qotishni fikr qilib, adolat qilishni ko‘nglidan o‘tkaza boshladi. Xudoning nomi bilan shu niyatni qilgan edi, shu paytda bir odam xushxabar keltirdi. U dedi:

- Korizni teshib, obi hayotdek pok va sof suv chiqib ketdi. Uy egasi Tangriga shukr qilib, dedi:

- Ayshga berilgan shoh zulmni qo‘yib, adolatni niyat qilgan edi, bundan darhol yaxshi xosiyatlar ko‘rina boshladi.

Shohga bu so‘z ham tanbeh bo‘ldi; uzr aytish bilan uni boy qildi-da, u bilan xayrlashdi. Mamlakatga qaytib, adolat ko‘rsatdi; g‘am bilan ezilgan xalqni shod qildi; g‘am bilan ezilgan xalq shod, bu hol mamlakatiga ham tez ta'sir etdi.

G‘oziy podshohimiz[1] bir nafas yo‘qki, mamlakat va xalq g‘amini yemasin. Shunday ekan, uning mamlakati obod bo‘lsa, ne ajab! Xalqi ham shod ekan, bunga hayron bo‘lmaslik kerak. To abad uning orzulari ushala borsin! Shu hol xasta Navoiyda ham yuz bersin!

Soqiy, yoqimli qadahni olib kel, shohni baland ovoz bilan duo qilib, uni menga tut. Jonim qiynalyapti, birpas uni shod etay, tan uyini shu suv bilan obod etay!

 


[1] Sulton Husayn Boyqaro deyilmoqchi.


Ushbu hikoyatni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 23-Noyabrda yuklangan

61 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari