Sahifa yuklanmoqda . . .


Sher va durroj

(Durrojning chin gapirish o‘rniga yolg‘on gapirib, bir falokat tuzog‘iga ilingani, chin so‘zni sher yolg‘on deb oylab, ovozini eshitib, yetib kelmagani va uni balo tuzog‘idan xalos etmagani)

 

To‘qayda bir yirtqich sher bor edi. Vahshatda osmon sheridek qo‘rqmas edi. U bolalari bilan o‘ynab, zavqqa to‘lganda, chumolilar uning bolasini talab qiynardi. U o‘zining ajralmas bu boyligi – farzandini og‘zida tishlab asrar edi.

O‘sha to‘qayda bir durroj ham bo‘lib, bu yirtqich sherning vahmidan doim qo‘rquvda edi. Sher bo‘lsa bolasini og‘zida tishlab, dam-badam to‘qayning goh u yog‘iga borardi, goh bu yog‘iga. Sho‘rlik qush uning tepasida nogahon parr etib uchsa, sher qo‘rqqanidan seskanib ketar, bolasiga ham tishi botib ketardi. Tishi bilan o‘z bolasini – o‘z jigarporasini yarador qilardi. Doim unga shu g‘am ichida g‘am, g‘am ham emas, motam ustiga motam edi. Bu tashvishdan ko‘ngli ozor topib, u durroj bilan o‘rtoq bo‘lishni istadi. U dedi:

- (Ey durroj!) Mening senga hech qasdim, dushmanligim yo‘q. Xotirjam bo‘lib, meni o‘zingga ishonchli do‘st deb bil. Qo‘rqishni yig‘ishtir, hamdamim, sirdoshim bo‘l; aysh va xursandlik vaqtida birga kuylashadiganim bo‘l. Men ham sening kuylaringni eshitib, shod bo‘lay; nag‘malaring bilan qayg‘udan ozod bo‘lay. Shart shuki, senga bir ziyon yetsa, falak seni hiyla bilan bandga solsa, marhamat qo‘lini senga yordam uchun cho‘zay, bosh panjam bilan dushmanni yerga barobar qilay. Sadoqat masalasida o‘zimni ko‘rsatib, seni dushman tuzog‘idan xalos aylay.

Sher ko‘p sehr bilan o‘z fikrini tushuntirishga tirishdi, ham sadoqatli bo‘lishga ahd qildi. Oralarida bir-birlariga shunday muhabbat paydo bo‘ldiki, bunga osmonning o‘zi ham hasad qilardi. Qayerda yirtqich sher dam olib yotsa, atrofida durroj bemalol uchib yurardi. Sultonning tepasida humo qushi aylanganday, sher boshida durroj aylanib parvoz qilardi. Sher uning sayrashini eshitib, kuyida yolg‘on borligini fahm qilib, der edi:

- Yolg‘on gapirma, yomon bo‘ladi. To‘g‘ri odamlar oldida yolg‘on qoralanadi.

Durroj pandni eshitmas, o‘zi bilan o‘zi mast, ataylab fig‘onini hech pasaytirmas edi. Bir kun bir ovchi uni tutish uchun o‘z tuzog‘ini yoygan edi, u don bilan suvni ko‘rib, uning oldiga borgach, ovchi uning ustiga tuzoqni tortdi. Tuzoqda u baxtsiz qichqirib, bir necha bor: «Dod, meni tutdilar!» - dedi. Bu so‘z sher qulog‘iga eshitildi, lekin uning bu ashulasini har galgidek yolg‘on deb o‘yladi. Bunaqa yolg‘onlarni u ko‘p eshitgani uchun (durrojning) chin qichqirig‘ini ham yolg‘on deb gumon qildi. U qancha rostakamiga qichqirmasin, rostini ham yolg‘on deb hisobladi. Uni qutqarish uchun iltifot ko‘rsatmadi; natijada uning hayoti qirqildi.

Kimki beixtiyor rost gapirsa, yolg‘on gapirsa ham, xalq uni rost deydi.

So‘zda, Navoiy, nima desang ham rostini gapir; rostni kuylagan ohanglarga tahsin ayt. Ey soqiy, yoqimli qadahni olib kel, uning bir qultumi bilan sherni oladigan qil. Bazmning asboblariga tartib ber, six, kabob, tovoqlarni ham hozir et.


Ushbu hikoyatni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 20-Noyabrda yuklangan

111 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari