Sahifa yuklanmoqda . . .
Kursdoshlarimga
Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi.
Paxsali duvollar. Ismsiz qirlar.
Yulduzdek titranib uchgan ovozim,
Tizzani quchoqlab o‘qilgan she’rlar.
Olov tegrasida qaynagan o‘lan.
Yurakdek qontalash chinor yaprog‘i.
«Sevsam, o‘ldirarlar. Sevmasam, o‘lam...»
Va hisobchi qizning nigohi...
U kunlar o‘tdilar, biroq o‘ylasam,
Quyosh imillaydi, kunim o‘tmaydi.
Eng mashhur hofizning qo‘shiqlari ham
O‘sha o‘lanlarga yetmaydi.
Toshkentning toshlari ezar tanimni,
Toshqator yo‘llarda rizqimni terdim.
Bugun seni qancha sog‘inganimni
Hisobchi qiz, o‘zing hisoblab bergin!
Hasratlarim og‘ir, qo‘ysam sindirar
Har qanday tarozi pallalarini.
Bunda yuragimni axir kim bilar,
Kim ko‘rgan Yozyovon dalalarini?!
Olisda ismimni aytib norozi
Yerlarga egilar nonbehi shoxi.
Dala. Mezon. Qizlar. Torozi
Va hisobchi qizning nigohi...
1992
Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).