Sahifa yuklanmoqda . . .


Oydin kechalarda

 (Hikoya)

Zaynab kampir bir narsadan cho‘chub uyg‘ondi. Oppoq oydin, oy kampir yotqon so‘richaning qoq o‘rtasidan unda-munda bitta-yarimta uchragan oq bulutlarni yorub shoshub o‘tub borar edi.

Kampir u yoq-bu yog‘ig‘a yaxshilab qarab, oydinda hech bir qora-mora uchratmagandan keyin yana bolishg‘a boshini qo‘ydi.

Uyqusi o‘chub ketganlikdan endi ko‘ziga uyqu kelmay o‘z yoshig‘a, o‘z davrig‘a munosib bo‘lg‘on xayollar ichiga ko‘muldi. Ul pilta savat, ko‘rpa qavuq ipdan tortub bu yil pilladan chiqaturg‘on ipakkacha»dunyoning barcha g‘amini» o‘ylab oldi.

Endi biroz uyqusi ham kela boshlab, ko‘zlari sekin-sekin suzula, qo‘llar bo‘shashub cho‘zula ketdilar. Tuni bo‘yi chopishub, hurushub, yugurishub chiqg‘on itlar tovushi sekin-sekin yo‘qola boshladi. Eshonchaning hovuz bo‘yidag‘i tollaridan turub hasrat va qayg‘ularini har kecha o‘qiyturg‘on bulbul bugun juda erta to‘xtadi.

Go‘riston va mozorlardagina bo‘laturg‘on chuqur bir jimlik...

Kampir yumulub borg‘on ko‘zlarini birdan ochdi: yaqin bir yerdan hasratlik, ko‘ngul buzoturg‘on bir yig‘i tovushi eshitilar edi.

Bu kim? Kechalari uxlamasdan yig‘lab chiqg‘uchi kim? Hamma tinch va rohat uyqug‘a tolg‘on bir zamonda qalbini yaralab yig‘lag‘uchi qanday baxtsizdir?

Kampir yig‘lag‘uchining kim ekanini bilmas edi.

Qo‘shnilardan qaysi birisining kelini yo qizi ekan?

Xadicha otinning kelini desa, bugun uning o‘rtoqlari kelub ikki xuftongacha o‘yun-kulgu qilishdilar. Salomatxonning qizi desa, qishloqg‘a chiqub ketgan edi, hali kelguncha yo‘q. O‘z kelinining bo‘lsa yig‘layturg‘on joyi yo‘q...

Kim ekan bu?

Yo havli tomonga parilar kelishdimikin?

Parilar o‘z qizlarining sochlarini bog‘-rog‘larda oydin kechalarda tarar emishlar va qizlari: «Ko‘b silliq qilsangiz kuyov olib ketib qoladir» deb yig‘lar emishlar.

Yo‘q... Ajina qizi, pari qizi mundog‘ yig‘lamas emish. Yig‘lasa juda g‘alati bo‘lur emish...

Yana diqqat bilanrak quloq soldi. Tovushi tanish bir xotunning tovushi kabi edi...

Qo‘shnining kelinidir, deb o‘ylaydi.

Oh, bechora, qandog‘ g‘amlari bordir?

Mana, kampirning o‘z kelini, uy-joyi, kiyim-kechagi — hamma narsalari tayyor... Novdadek kuyov yonida... Yana hech uy-ro‘zg‘or ishini qilmaydi. Mundog‘ yomon qiz bo‘ladimi?

Olmay Qodirjon o‘lsun. Bermay otasi, O‘sdirmay onasi!.. Shuning uchun bu kun xo‘b adabini berdi, xo‘b yig‘latdi... Yig‘i to‘xtalmag‘ondan so‘ng sekingina o‘rnidan turdi, uvalashib ketib ko‘rpalar orasida ko‘mulub yotqon lokisini olib to‘g‘rig‘ina boshig‘a soldi-da, so‘ridan tushdi... Yig‘i kelgan tomong‘a biroz quloq bergandan so‘ng sharpasizgina yalangoyoq yurdi. So‘rining chab biqinidag‘i kichkina darichaning teshigidan qarag‘on edi, kelinning uyida chirog‘ o‘chmagan...

Hayron bo‘ldi:

Voy, bu nimasi? Kelinchak shu choqg‘acha yotmag‘on ekanmi?

Yig‘i biroz yana qizg‘onchlanib, biroz yana o‘ksiklanib davom etar, xotunning tovushi kesilib-kesilib, hiqqi tutqon kabi chiqar edi. Yana diqqat bilanrak tingladi: bu yig‘i kelinchakning uyidan eshitilgan kabi bo‘lar edi...

Yuragi o‘ynadi.

Darrov darchani ochib u havliga kirdi, oyog‘ining uchi bilan bosib kelib, sekingina kelinining uyiga yaqinlashdi.

Yig‘i uydan eshitilar edi.

Yana quloq berdi.

Tovush kelinining tovushi edi.

Shundan keyin kampir hech o‘ylab turmasdan to‘g‘ri eshikni itardi, eshik ochuq edi, kirdi.

Ichkaridan:

—  Voy! Kim! Kim u? — deb bir horig‘on tovush chiqdi-da, tindi...

Yarim ovrupovori yig‘ishtirilg‘on bir uyda ikki kishilik katta sim karavotga yaxshi, qalin joy soling‘on. Pastgina bir javon ustida 20 nchi chirog‘ yonib turar edi.

Qizil shohi ko‘lmak (aslida shunday — D.Q) kiygan, qop-qora sochlari yerlarda sudralgan yosh kelin karavot yonida yig‘lab-yig‘lab qabarg‘on ko‘zlarini yengi bilan artib turar edi.

—  Kelin, kim u yig‘lag‘on?

— Kelin, siz yig‘ladingizmi?

— Nimaga indamaysiz? Qodirjon qani?

Kelin javob bermasdan, indamay o‘rnidan turdi.

—  Aylanay, kelin, nimaga yig‘ladingiz? Ayting, jon bolam!
Kelin to‘lg‘on-toshqon holda, kuchlik va qo‘rqinch bir tovush bilan «Onajon!» deb baqirdi va qayin onasi — kampirning quchog‘ig‘a otildi. Kampirning quchog‘ig‘a boshini tiqib olib, yana xo‘rsinib, yana to‘lib-toshib xiyla yig‘ladi.

—  Onajon, men kechalari uy poylash uchun kelin bo‘lub

keldimmi?

— Yo‘q, aylanay bolam, Qodirjon qani?.

Qodirjonni so‘ramang, onajon. Mana, kelin bo‘lib kelganimga bir yarim oydan oshqon bo‘lsa, shu bir yarim oyning ichida ikki kechagina birga bo‘ldik... Boshqa kunlarda har kecha kuta-kuta tong otdirib yuboraman. Shuncha kun chidab kelib-kelib mana bugun o‘z qadrimga o‘zim yig‘lab yubordim. Qandoq qilay? Men odam emasmi?.

Kampirning qarig‘on, qurug‘on ko‘zlariga yiroq-yiroq yerlardan ikki tomchi yosh keldi. Butun tanini, butun a’zolarini bosib, ezib, sidirib kelgan shu ikki tomchi yoshini yengi bilan artkandan keyin:

—  Otasi ham shundoq, qizim... — dedi.

Shu so‘zdan so‘ng ikkalasi ham uzoq vaqt jimjit bo‘lub qoldilar.

Kampirning ko‘z yoshi kabi zaharlik yuzlari uzulub tashlang‘on guldek so‘lg‘on. Toshdek qattig‘ bag‘ri ortiq darajada yumshag‘on, ko‘nglida kuchli marhamat hissi uyg‘ong‘on edi.

Kelinning qizarg‘on, charchag‘on, og‘ir qayg‘ig‘a tilmoch bo‘lub turg‘on ko‘zlariga tikilib qarab turg‘ondan so‘ng onalar muhabbati bilan ko‘zidan o‘pdi:

—  Endi sen menim o‘z qizim bo‘lding, endi senga sira ozor
bermayman. Endi sen ham kunduzgi ishlarni esingdan chiqarib
yubor! — dedi.

Kelin ko‘zlarida bir oydinlik, bir sevinch ko‘lankalari o‘ynag‘oni holda boshini ko‘tardi, ikki qo‘lini kampirning yelkasiga tashlab turub:

—  Onajon, men unga xafa bo‘lmayman. Menim yosh umrim,
guldek yoshligim kechalari sarg‘ayib o‘tmasa edi!.. — dedi.

Xuddi shu choqda ochiq turg‘on eshikdan o‘lgudek mast, tentiraklanib Qodirjon kelib kirdi. Uni ko‘rishlari bilan ikki alamzada birdan:

—  Ana, keldi! — deb yuboridilar.

Ularning bu jonli qarshi olishlariga javob o‘rnida Qodirjon:

—  Gde, gde moya Anna, gde moya Annushka? (Qani Anna,
qani meni Annaxonim, a?) — dedi va «gup» etib obrezga yiqildi...

1922


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2016, 22-Dekabrda yuklangan

614 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kelin tovush kampir yig'i qodirjon oydin kecha uy chirog'
Muallif
Abdulhamid Cho'lpon

Abdulhamid Cho'lpon

(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Batafsil


Yangi Realistik hikoyalar Abdulhamid Cho'lpon Realistik hikoyalari Abdulhamid Cho'lpon asarlari