Sahifa yuklanmoqda . . .


"Muncha ko'p" radifli muxammas

Zolim falak bisotida ozor muncha ko‘p,
Inson sharafli nomi bila xor muncha ko‘p,
Har ko‘chalarda qashshoq ila zor muncha ko‘p,
Tarhi jahon binosida badkor muncha ko‘p,
Xo‘qand aro baloga giriftor muncha ko‘p.

Hamrozu do‘st topilsayu jonlar fidosidur,
Orzu shukim: kamina ko‘ngil muddaosidur,
Xush suhbati majruh dilim davosidur,
Maqdami ko‘zuma ayni shifo xoki posidur,
Yo‘q andog‘ anisim, dunyoda ag‘yor muncha ko‘p.

Nodon sevar zamona, dod ilkidin netay,
Boshim olib fig‘on ila yo bir tomon ketay,
Ushbu diyori masxarani emdi tark etay,
Tinmay shikoyat ila yomonga raqam bitay,
Jumla falokat ahlig‘a g‘amxor muncha ko‘p.

Dorilamon bo‘ldi ajab fohishaxonalar,
To‘lmasmi kasofatdin oxiri paymonalar,
Dono ko‘rub bu kulfat o‘tida yonalar,
Qolsin fisqu fujuri boshidin ordonalar,
Qarg‘ishga nishon benomusu beor muncha ko‘p.

Ilmu hunarlar o‘rnig‘a puldor to‘ng bo‘yin,
Uch-to‘rti yig‘ilib qilishur it kabi o‘yin,
Ehson g‘aribg‘a yo‘q, shohona qilur to‘yin,
Aytsa ado bo‘lmas, sira minba’d fe’lu xo‘yin,
G‘ussa dilim sharh aylasam asror muncha ko‘p.

Qishloq eli shaftoli qoqi, non topolmagay,
Kiygan libosini tortsa (belini) yopolmagay,
O‘ldi sovuqda ko‘pi och, o‘tun yoqolmagay,
Ko‘rdiki bu mashaqqati hargiz yo‘qolmagay,
Qish chillasida yozga umidvor muncha ko‘p.

Kim tashna yer uchun, kimida ikki-uch haram,
Birovi bevatanu birovda bog‘i eram,
Birovni(ng) so‘zi zulfiqor, birovni(ng) qaddi xam
G‘addor falak, doim ishing bo‘ldi beshu kam,
Kajdor zamona, dog‘uli makkor muncha ko‘p!

Birov siymu zar ila o‘limdin omon bo‘lur
Yetib murodg‘a biri hakimi zamon bo‘lur,
Aqcha uchun kishi rohizan yomon bo‘lur,
Bechora kosib ahlig‘a, bilgil, ziyon bo‘lur,
Nohaq qon to‘karga bosmachi xunxor muncha ko‘p.

Derlar birov ulug‘u birini(ng) past taqdiri
Biri to‘qu biri och, balolarni(ng) sobiri,
Inson sharafli nomida emasmi har biri?
Yoxud ona tuqqanida bo‘lganmi bir siri,
Yolg‘on e’tiqod ila bid’at shior muncha ko‘p.

Zavqiy, kim aydi, muncha shikoyati daroz qil,
So‘zni muxtasar aylab, iboratni oz qil
Kim zimiston ko‘ngillarni bahoru yoz qil,
Qad rost turub, so‘z bila elni sarafroz qil,
Aytmay desang, munosibi ash’or muncha ko‘p.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 11-Yanvarda yuklangan

146 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
zolim falak bisot ozor inson sharaf ko'cha jahon bino xo'qand balo do'st jon fido orzu ko'ngul suhbat dil davo ko'z shifo dunyo zamon bosh fig'on shikoyat falokat nomus or ilm hunar pul it ehson qishloq qish non zavqiy
Muallif
Ubaydulla Zavqiy

Ubaydulla Zavqiy

(1853-1921) Ubaydulla Solih o‘g‘li Zavqiy mumtoz she’riyat an’analarini davom ettirgan iste’dodli shoir bo’lish bilan birga, yirik hajvchi shoir sifatida ham e’tirof etiladi. U bir qator asarlarida mustamlaka tuzumidagi ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, chor ma’muriyati himoyasida bo‘lgan ayrim nopok amaldorlarning kirdikorlarini fosh etadi, ijtimoiy hayotdagi ayrim nosozliklar, kishilar faoliyatidagi holatlar ustidan zaharxandalik bilan kuladi.

Batafsil


Yangi Mustaqil muxammaslar Ubaydulla Zavqiy Mustaqil muxammaslari Ubaydulla Zavqiy asarlari