Sahifa yuklanmoqda . . .


Ko‘rgali husnungni...

Ko‘rgali husnungni zor-u mubtalo bo‘ldum sanga,

Ne baloliq kun edikim, oshno bo‘ldum sanga:

 

Har necha dedimki, kun-kundin uzay sendin ko‘ngul,

Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo‘ldum sanga.

 

Men qachon dedim, vafo qilg‘il manga - zulm aylading,

Sen qachon deding, fido bo‘lg‘il manga - bo‘ldum sanga.

 

Qay pari paykarg‘a dersen, telba bo‘lding bu sifat,

Ey pari paykar, ne qilsang, qil manga, bo‘ldum sanga.

 

Ey ko‘ngul, tarki nasihat ayladim, ovora bo‘l,

Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo‘ldum sanga.

 

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,

Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo‘ldum sanga.

 

G‘ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,

To Navoiydek asir-u benavo bo‘ldum sanga.


Ushbu yakpora g'azalni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Islomjon
22/04/2017
Ma'lumot
2017, 03-Yanvarda yuklangan

1551 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
husn zor balo oshno kun ko'ngul vafo zulm fido pari paykar telba sifat tark nasihat ovora yuz jom jam xizr suy nasib soqiy joh gado g'ussa chang navo navoiy asir benavo
Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Yakpora g'azallar Alisher Navoiy Yakpora g'azallari Alisher Navoiy asarlari