Sahifa yuklanmoqda . . .


Husnixat sohibi Yoqut haqida hikoyat

(Yoqutning[1] husnixat tufayli podshohlar oldida ham, darveshlar oldida ham hurmati ortgani va mamlakat yozuviga hurmat ahllari o‘z belgisini uning bitgan sahifasi bo‘yicha tortgani)

 

Fano bog‘ining gul tupida o‘ltirib shuhrat qozongan kishining gulshani Suxravard[2] edi. U nafs-u havo deviga yo‘l bermaslik uchun osmonning haqiqat avjidagi uchar yulduzi bo‘lgan edi. Bir kuni u xalifaning saroyi tomon bordi. Bu Haq rahmatining ofatga qarshi borganiga o‘xshardi. Hijoz aholisi Ka'baga e'tiqod qilgani singari xalifa Musta'sim ham unga nisbatan ko‘p hurmat bildirdi. Uni taxtga chiqarib o‘ltirg‘izib, so‘ng o‘zi o‘ltirdi. Go‘yo quti bitta-yu gavhar esa ikkita edi, yoki burj[3] bitta-yu ustida ikkita yulduz turganday.

Shayx adab bilan so‘zlamoqda edi, xalifa esa yerga ko‘z tikib, jim turardi. Atrofda ne-ne odamlar oyoq ustida xizmatda, ne-ne odamlargina emas, hatto shahzodalar ham. Shu payt Shayx odamlarga qaragan edi, ko‘ziga Yoqut ko‘rinib qoldi. U birdan hayajonlanib, o‘rnidan turib ketdi; xalifa hayratlanib, unga shunday xitob qildi:

- Ey, ne-ne tushungan odamlar oyog‘ining changi bo‘lgan odam, shohlar ham senga qullik qilib, bu bilan faxrlanadilar. Bunday oliy martaba unga qayerdan kelganki, sen unga bu xilda ehtirom ko‘rsatmoqdasan?

Shayx dedi:

- Qaysi bir hurmat va martaba Alloh unga bergan hurmat va martabadan yuksak bo‘lishi mumkin? Uning ishi doim «Qur’on» ko‘chirish bo‘lib, hech kim u singari ko‘chira olmaydi. U Allohning so‘zlariga go’zal shakl bergani uchun uni hurmat qilish bizga vojibdir.

Tushungan odamlarning boshlig‘idan Yoqutni bilgach, shoh unga o‘z majlisiga kelib o‘ltirishni buyurdi. U qo‘li pok odam xatining yaxshiligi sharofatidan mamlakat podshohi bilan hamsuhbatlikka muyassar bo‘ldi.

Bilki, Navoiy, nima so‘z yozsang ham, Haq so‘zidan boshqa so‘zga qalam urma.

Ey soqiy, yoqutrang maydan olib kel, limmo-lim qilib quy. U bodani menga tutki, bir totib, kahrabo rangini yoqut rangiga aylantiray.

 

 


[1] Yoqut - arablar orasida shuhrat topgan kotib (1268-yilda vafot etgan). U Bag‘dodda abbosiy xalifa Musta'sim davrida yashagan. «Qur’on»ni ko‘chirishda yagona hisoblangan.

[2] Mashhur mutasavvif Shayx Suxravardiy ko‘zda tutiladi.

[3] Burj - qadimgi astronomiyada quyoshning yillik harakat doirasidagi o‘n ikki nuqta; quyosh har oyda shu nuqtalarning biri atrofida harakat qiladi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 21-Noyabrda yuklangan

117 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari