Sahifa yuklanmoqda . . .


Hotami Toyi haqida hikoyat

(Hotami Toyi hikoyasikim, u himmat va saxovat kishilariga peshvo edi; uning mehmondorchiligiga ta’zim bilan bosh urmagan bir gadoning himmatini ko‘rib, Hotami Toyining u gadoga tan bergani)

 

Hotami Toyiga bir ko‘ngli ochiq odam dedi: - Ey, himmatda erkin tabiat kishi, saxiylik kaftingga odat bo‘lganidan buyon o‘zingga o‘xshagan kishini hech ko‘rdingmi?

U dedi: - Bir kun men hamma uchun yig‘in qildim. Unga o‘sha cho‘ldagi odamlarning hammasini chaqirdim. Pishirish uchun yuzta tuya qurbon qilindi; so‘yilgan qo‘y-qo‘zilarning ham son-sanog‘i yo‘q edi. Bazm bo‘lib turgan vaqtda birpas havo olgim kelib, dasht tomonga chiqdim. Aylanib yurib, mehnatda ezilgan bir qari cholni ko‘rdim. U orqasiga bir quchoq tikon-o‘tin ortgan edi. Gavdasini u yuk egib, vujud uyiga hassadan ustun tirkagan edi. Har qadam tashlaganda, birpas to‘xtab, har dam olganda ma’lum bir fursat o‘tardi. U chekayotgan azob o‘ti ko‘nglimni yondirib, rahm-shafqat bilan unga shunday xitob qildim:

- Ey qaddini mashaqqat yuki bukkan, tanasida g‘am tikanlari o‘rnashgan odam! Dashtda yurib xabaring bo‘lmadimi? Nega Hotamning uyiga bormading. U hammani o‘zining uyiga chaqirib, yaxshi-yu yomonni bugun mehmon qilmoqda-ku. O‘tinni tashla, izzat gulshaniga bor, mashaqqat chekib o‘ltirmay, tur, chaqiriqqa bor!

U mening uning ahvolidan iztirob chekkanimni tushunib, bosh ko‘tarib kuldi-yu, shunday javob berdi:

- Ey, oyog‘ini ochko‘zlik band etgan, bo‘yniga g‘araz va qizg‘onchiqlik sirtmoq boylagan, ey g‘ayrat vodiysida qadam bosmagan, himmat qal’asiga bayroq tikmagan odam, sen ham bu tikan tashish azobini tortib ko‘r. Hotami Toyi minnatini esa torta berma. Qiynalib, mashaqqat bilan bir tanga topish birov bergan xazinadan yaxshiroqdir.

Uning so‘zlari shunday o‘rinli ediki, shuning uchun ham uning himmati menikidan ortiq edi.

Ey Navoiy, agar senda himmat bo‘lsa, Hotami Toyi ham senga quldir. Ey soqiy, karam izhor qilib, bir qadah tut, xayr-u ehson nimaligini Hotamga ko‘rsatib qo‘y. Bizda may sotib olish uchun pul kam; bizda yetishmovchilik ekan, sendan karam bo‘lsin.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Noyabrda yuklangan

184 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Alisher Navoiy

Alisher Navoiy

(1441-1501) Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik «ko’p va xo’b» (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyingi salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini «Xitodin to Xuroson»gacha yoyilgan turkiy «qavm»larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi -«yakqalam» qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod etdi.

Batafsil


Yangi Hikoyatlar Alisher Navoiy Hikoyatlari Alisher Navoiy asarlari