Sahifa yuklanmoqda . . .


Eng baxtli odam

(hikoya)

 

Jessi yig’idan arang o’zini tutib turardi. U stulda Tomning kelishini kutib, yallig’langan oyog’iga dam berib o’tirganidan xursand va Tomning «Nega yo’q derkanman, albatta, xohlagan paytda ish boshlashing mumkin» deyishidan katta umid qilardi.
Ikki haftadan buyon u yomg’irli kechalarda uxlamay, ham ochiqib, Kanzas shahridan Missuri, Tulza va Oklaxomaga ko’chib yurib, oxiri qidirgan yerini topdi. Nihoyat, Tom xonaga kirib keldi. U Jessiga e’tibor bermaganday, shunchaki qarab qo’ydi. Uni tanimadi chamasi. Aslida, Jessi Tomning jiyani edi. To’g’ri, ular besh yil bir-biri bilan ko’rishmadi. Faqat Tom o’sha ilgarigi Tom edi. Yo Xudo, nahotki u shunchalik o’zgarib ketgan bo’lsa?
Tom Breket telefonda gaplashib bo’lib, stulga suyanibroq o’tirdi. Xunuk boqib turgan kichkina moviy ko’zlarini Jessiga qaratdi. U ilgarigiday pishiq tadbirkorlarga o’xshab o’tirardi.
– Eshitaman, dedi u nihoyat, - mendan biror nima xohlaydilarmi?
– Siz meni tanimadingiz chamasi, -dedi Jessi. - Men Jessi Fulton bo’laman.
– A-ha, – dedi Breket va boshqa hech narsa demadi.
– Ha-ha, bu menman, Ella sizga salom yo’lladi.
Breket o’rnidan turdi va burchakda o’tirgan jiyaniga yuzma-yuz keldi. Jessi astagina qo’zg’oldi. Breket burdalangan ot go’shtini ko’zdan kechirayotganday g’alati qarash qildi, uning ko’zlarida achinish alomati bor edi.
– Ha, ana endi ishondim, bu rostdan ham sen ekansan, faqat Xudo haqqi, butunlay o’zgarib ketibsan.
– Besh yil hazil gapmi axir, buning ustiga meni bir-ikki borgina ko’rgan bo’lsangiz.
– Juda ozib ketibsan-ku.
Jessi jim bo’lib qoldi. Oraga sukunat cho’kdi. Birdan Breket jonlanib

    – Nimaga qaqqayib turibsan, qani kel, o’tir-chi, ukam, –  dedi va Jessining qo’lini qisib qo’ydi. – Seni ko’rganimdan judayam xursandman, shu xolos, boshqa hech narsa deb o’ylama!
– Hechqisi yo’q, – ming’illadi Jessi va sekingina joyiga o’tirdi.
– Nimaga oqsoqlanyapsan?
– Toshga qattiq qoqilib ketdim; tuflimni ham yirtib oldim.
U oyog’ini stul ostiga yashirdi, tuflisining yirtiqligidan uyalib ketdi. Ertalabdan beri biror ishni boshlashdan avval tufli sotib olishni o’ylab o’tiruvdi.
Breket uning tuflisiga qaradi. U bolaning ahvolini tushundi va rahmi kelib ketdi. Bu holni umrida birinchi marta ko’rib turishi edi. Singlisi unga har hafta xat yozib turgan bo’lsa-da, lekin biror marta shunchalik yomon ahvolda yashayotganini aytgan emasdi.
– Yaxshi, menga quloq sol, -gap boshladi Breket, - qani, menga hammasini aytib ber-chi, Ellaning ahvoli qalay?
– O, u juda yaxshi, – darhol javob qildi Jessi.
– Bolalari-chi?
– Ular ham yomon emas.
    – O’zing-chi? O’zing nima ish qilyapsan? Ishing nima bulyapti?
Jessi xuddi shu savolni kutib turgan edi:
– Tom, iltimos, meni eshiting, sizning oldingizga maslahatga keldim. Yordamingizga muhtojman.
Breket ingrab yubordi. U Jessining shunday deyishini bilardi, shu bois darhol javob berdi:

    – Qo’limdan kelmaydi. Haftasiga bor-yo’g’i 35 dollar olaman, xolos.
     – Bilaman, -dedi Jessi, - bilaman, siz bizga pul berolmaysiz. Lekin biz sizning qo’lingizda ishlaydigan kishi bilan gaplashdik. U shahrimizga kelgan ekan. O’sha odam menga ish topib bera olishingizni aytdi.
Breket baqirganday bo’lib so’radi:

     – Sen Kanzas shahridan ikki hafta ichida piyoda kelganing uchun ish topib berishim kerakmi?
     – Bo’lmasa-chi, Tom, yo’qsa, men nima ham qila olaman?
      – Xudo haqqi, menda birorta ishning o’zi yo’q. Buning ustiga, neft ishi qanday bo’lishini ham bilmaysan-ku.
Jessi bo’sh kelmadi:
     – Axir o’sha odam sizga har doim ishchi kuchi kerakligini aytdi-ku!
  – Voey... Sen mening bo’limimdagi ishni nazarda tutyapsanmi? – so’radi Breket past ovozda.
  – Ha, Tom, shunday!
  – Yo’o’q, bo’lmaydi, sen bo’limimda ishlolmaysan, buning qanaqaligini sen bilmaysan axir!
  – Nega bilmas ekanman, bilaman! – qat’iy turib oldi Jessi, - o’sha odam sizning dispetcher ekaningizni aytdi-ku, siz yuk mashinalarini jo’natar emishsiz, shundaymi?
  – Kim ekan o’zi o’sha odam?
   – Adashmasam, uning oti Everet...
   – Egbert emasmi mabodo, bo’yi men bilan tengmi? – so’radi Tom.
  – Ha-ha, Egbert edi, Egbert, endi esimga tushdi.
Tom barmoqlarini bir-biriga chalishtirdi. Yuzi g’alati tus oldi.

      – Yo’q, menga ma’qul emas, – dedi u.
Jessi chinqirib yubordi. U Tom ish berishga rozi bo’ladi deb o’ylagandi.

     – Yo’q, - dedi u va yalinishga tushdi, - boshqa biron ish yo’qmi?
– Ish bor, – dedi Tom, - Egbertning ishi bor!
– U ishdan ketdimi?
– U o’ldi. Ish jarayonida o’ldi. O’tgan kechasi tamom bo’ldi, agar bilmoqchi bo’lsang.
– Oh! Shunday deng...
  – Endi menga qara, Jessi, senga ba’zi narsani aytib qo’yay. Sen haydaydigan narsa oddiy narsa emas. Bu - nitroglitserin!
  – Xabarim bor, siz meni bilmaydi deb o’ylamang.
– Jim tur bir oz, - buyurdi Breket, - sen bir marta aksa bersang, bu narsa hamma tomonga uchib, birpasda zaharlaydi. Bilasanmi uni qanday qilib olib yurishlarini?
– Men asta-sekin, ehtiyot bo’lib haydayman, –  dedi Jessi, - mashina boshqarishni juda yaxshi bilaman.
Breket battar tutoqib ketdi:

    – Sen Egbert ehtiyot qilib haydamagan deb o’ylaysanmi?!
– Tom, - iltimos qildi Jessi, - shashtimni qaytarmang, qanday bo’lsa ham eplayman, Egbert bir mil uchun bir dollar haq olishini aytgandi, men ham shunday maosh olsam bo’lmaydimi?
– Albatta, sen ham shuncha olishing mumkin. Bu aytishga oppa-oson. Faqat nimaga kompaniya buncha ko’p pul to’laydi deb o’ylab ko’rganmisan o’zi? Bu oson - Egbertga o’xshab boshing toshga borib urilmaguncha yuraverasan. Vaqti kelib, mashinang bilan birga ag’darilib tushganingda bilasan. Biz endi Egbertdan unga nima bo’lganligini so’rab bilolmaymiz. Biror narsani aniqlash uchun mashinasi ham endi yo’q. Tanasi ham qolmadi. Hech vaqo yo’q! Ha yo’q! Endi tushungandirsan?
Oraga bir oz sukut cho’kdi. Jessi uzun oriq qo’llarini chalishtirib o’tirardi. U ko’zini yumdi-da, muloyim ovozda

    – Hech narsaga ahamiyat bermayman, Tom, siz menga bir yaxshilik qilib, ish bersangiz bo’ldi, –  deya o’tindi.
Breket qo’lini stolga qarsillatib urdi.

    – Yo’q!
– Meni eshiting, Tom, - davom etdi Jessi, - nega meni tushunmaysiz?  

U ko’zini ochdi. Ular jiqqa yoshga to’lgan edi.

     – Menga qarang, men endi ortiq bunday yasholmayman. Agar ko’chada tentirab yuraveradigan bo’lsam, uyda ochimizdan o’lamiz, Tom…
– Unday bo’lsa, sen menga aytishing kerak-da, - baqirdi Breket, - erkak kishi oilasi och turganda, soxta g’urur bilan bemalol yurishga hecham haqqi yo’q! Men ozroq qarz olaman va biz uni Ellaga jo’natamiz.
– Undan keyin-chi?
– Keyinmi, keyin ozroq kutishga to’g’ri keladi. Yosh bola emassan, hayotdan to’ydim deb aytishga-da haqqing yo’q. Albatta, bir kunmas bir kun ish ham topasan.
– Yo’q!- dedi Jessi o’rnidan sapchib, - yo’q, men ham shunga ishonardim, lekin endi bunday kutib o’tirolmayman. Siz boshimni ko’tarib yurishimga ko’maklashing. Yoki yana besh-olti yil kutib o’tiradi deb o’ylayapsizmi?
Breket o’rnidan turdi.

    – Xo’p, shunday deb ham o’ylaylik. Sen nima, o’zingcha Ellani o’ylayapman deysan. Qilayotgan ishing unga yoqadi deb o’ylaysan shekilli. Mabodo bir kori hol bo’lsa-chi?
– Balki, mening baxtim kulib boqar, - o’zini oqladi Jessi.
– Afsuski hamma shunday deb o’ylaydi, - to’ng’illadi Tom nafrat bilan. - Bu ishni boshlaganingdan keyin esa o’z-o’zidan omad so’roq belgisiga aylanadi-qo’yadi. Anig’i shuki, ertami-kechmi baribir o’lasan.
– Shunday bo’lsa ham mayli , - darhol javob qildi Jessi. – O’ldirsa o’ldiribdi-da! Axir ungacha nimagadir ega bo’laman-ku. O’zimga tufli sotib olaman, bolalarga qand-qurs deganday. O’zimning ham qornim to’yib yuradi. Har kun bir marta bo’lsa ham ozroq pivo ichib turarman. Ellaga yaxshi kiyimlar olib berishni xohlayman. Oilam bilan kinoga borishni istayman...
Breket yana joyiga o’tirdi.

    – Bo’ldi, bas qil! - dedi u.
– Yo’q, - davom etdi Jessi, - mendan aslo qutila olmaysiz. Tom, o’zingiz bir o’ylab ko’ring, agar uch oy ishlasam, ming dollardan ortiq pul ishlar ekanman. Kim bilsin, balki, men bundan ko’proq yasharman. Ellani ham oyoqqa turg’izarman.
– Nimaga bunday deb aytyapsan?- qarshi chiqdi Breket, - o’ylashimcha, sen judayam baxtiyor bo’lmoqchisan-a? Har daqiqa –  yurganingda, yotganingda –  tinching bo’lmaydi, ahmoq, yuragingni hovuchlab ertaga o’lamanmikin, deb turasan-ku. Eng yomoni hordiq kunlarida ishlamay yotganingda bilinadi. Bu kunlardagi asab qaqshashini kim ortga qaytarib berardi senga? Qanday qilib baxtiyor bo’lishing mumkin-a?
Jessi iljaydi.

    – Men albatta baxtli bo’laman! Siz tashvishlanmay qo’yavering. Shunchalik baxtiyor bo’lamanki... Tom, faqat... men ham boshimni ko’tarib yashasam bo’ldi, - dedi u.
– E-e, bo’ldi qil endi!-jerkidi yana Breket.
Bolakay jim bo’ldi. Ozroqdan keyin uning pichirlagani eshitildi:

    – Tom, o’tinaman, unday demang... Tom, yordam bering... Tom, meni tashlab qo’ymang...
Oraga qayta jimlik cho’kdi. Breket ikki qo’lini boshiga ko’targan holda kaftlarini chakkasiga qattik bosib turardi.
– Tom, Tom… - yalindi Jessi.
Breket indamadi. Va nihoyat:

    – Hay, mayli! –  dedi u, - Sen aytgancha bo’laqolsin. Xudoning o’zi madad bersin senga.

Uning ovozi zo’rg’a eshitildi.

    – Agar bugun kechasi haydayman desang, mayli, bugundan boshlayqol.
Jessi indamadi. Aniqrog’i, u hech nima deyolmasdi. Breket unga qaradi. Shashqator yoshlar Jessining yuziga oqib tushmoqda edi.
Breket turishga shaylanarkan «Ishim ko’p, mayli» deb aytdi.
Jessi asta yurib tashqariga chiqdi. Yuragida tasvirlash qiyin bulgan qandaydir quvonch g’imirladi. «Men dunyodagi eng baxtli odamman!» –  pichirladi u o’ziga-o’zi. – «Men butun yer yuzidagi eng baxtiyor kishiman!»

Ingliz tilidan A’zam Obidov tarjimasi


Ushbu realistik hikoyani nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2016, 30-Dekabrda yuklangan

343 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
eng baxtli odam jessi tom breket egbert baxtiyor ish kanzas ovoz joy tosh tufli kechasi ehtiyot iltimos ella jiyan uka pul e'tibor baxt qarash sukunat ishchi mashina dollar yaxshilik erkak g'urur
Muallif
Albert Malts

Albert Malts

U 1908-yilda Nyu Yorkda kambag’al oilada tug’ildi. Kolumbiya Universitetini tugatgach, Drama maktabida o’qidi va tez orada o’zining bir qator pyesalarini e’lon qildi. Asarlari ko’proq ekspluatatsiyaga, ishsizlikka va irqiy kamsitishga qarshi ruhda sug’orilgan.

Batafsil


Yangi Realistik hikoyalar Albert Malts Realistik hikoyalari Albert Malts asarlari