Sahifa yuklanmoqda . . .


Chol bilan dev

(O’zbek xalq ertagi)

Qadim zamonda bir chol bilan kampir bor ekan, ularning farzandi yo'q ekan. Chol o'tin terib sotib, tirikchilik qilar ekan. Har kuni o'tinga ketayotganida kampir unga qatirma qilib berar ekan. Chol qatirmani qo'yib, o'tin tergani ketsa, unga o'rgangan bir tulki kelib har kuni cholning qatirmasini yeb qo'yar ekan. Bir kuni chol o'tinga ketayotganida yo'ldan bir dona tuxum topib olibdi. O'tin teradigan joyga borganida birdaniga quyun ko'tarilibdi. Momoqaldiroq bo'lib, yomg'ir yog'a boshlabdi. Chol belidagi arg'amchini, qo'lidagi ayrikaltakni va qo'ynidagi tuxumni yerga ko'mib qo'yibdi.

Bir vaqt quyunning ichidan bitta dev kelibdi va choldan:

- Sen kimsan, ajinamisan, insmisan, jinsmisan? - deb so'rabdi.

- Men odamman, - debdi chol.

- Odam bo'lsang seni yeyman, - debdi dev.

- Bo'lmasa shartlarim bor, agar shu shartlarimni bajarsang, meni yesang mayli, bo'lmasa, seni men yeyman, - debdi chol.

- Shartlaringni ayt, - debdi dev.

Chol shartlarini aytibdi:

- Birinchidan, yerning miyasini yorib, qatig'ini chiqarasan; ikkinchidan, yerning qovurg'asini sindirasan; uchinchidan, yerning ichagini sug'urib olasan.

Dev, bu shartlarni bajarish oson, deb yerni rosa tepibdi, lekin yerga hech nima bo'lmabdi.

Chol endi navbat menga, deb tuxum ko'milgan yerni bir tepgan ekan, tuxum pachaq-pachaq bo'lib ketibdi. Chol uni ko'rsatib:

- Mana, bu yerning qatig'i bo'ladi, - debdi. Dev tan beribdi.

Dev endi yerning qovurg'asini sindirmoqchi bo'lib, yerni rosa tepibdi, yer larzaga kelibdi-yu, lekin uning qovurg'asi chiqmabdi.

Chol kaltak ko'milgan yerga borib, bir tepgan ekan, kaltak sinib, yer ustiga chiqibdi. Chol uni ko'rsatib:

- Mana bu yerning singan qovurg'asi bo'ladi, - debdi.

Dev bunga ham tan beribdi. Dev, endi yerning ichagini chiqaraman, deb chiqara olmabdi. Navbat cholga kelibdi. U arg'amchi ko'milgan joyda borib, bir tepgan ekan, yerdan arg'amchi chuvalanib chiqibdi, dev bunga ham tan beribdi.

Shartga muvofiq, chol devni yeyishi kerak ekan, shuning uchun chol unga yopisha boshlabdi. Dev choldan qo'rqib:

- Shoshmay tur, sen meni yema, nima tilaging bo'lsa, bajo keltiraman, senga xizmatkor bo'lay, - debdi. Chol: "Uyimga olib borib qo'y", - deb devning yelkasiga minibdi.

Uyiga yetay deganda kampiriga:

- Qozonga oq dev bilan qora devning kallasini solib sho'rva qil, uyga mehmon kelyapti, - deb qichqiribdi.

Bu gapni eshitib dev cholni ustidan yiqitib, orqasiga qaramay qocha boshlabdi. Dev choldan qo'rqib qochib ketayotsa, cholning qatirmasini har kuni yeb yurgan tulki uning oldidan chiqib qolibdi va undan:

- Ha, nega qochayapsan?, - deb so'rabdi.

- Mana bu yerda bir chol bor ekan, u devlarni so'yib yer ekan, bugun meni ham kurashda yengib, o'ziga bo'ysundirdi.

- Ey, shu choldan qo'rqdingmi? Yur, hozir men seni o'zim boshlab boraman, - debdi. Dev qo'rqib cholning uyiga qarab yurmagan ekan, tulki uni dumiga bog'lab boshlab ketibdi.

Uzoqdan ularning kelayotganini ko'rgan chol kampiriga baqiribdi:

- Ey, kampir, bitta dev edi, tulkijon yana bittasini yetaklab kelyapti, senga xudo berdi!

Dev cholning bu gapini eshitib, tulki meni aldab cholga tutib bermoqchi ekan, deb tulkini sudrab orqasiga qarab qochibdi.

Devning tez yugurganidan tulkining etlari yo'lda parcha-parcha bo'lib ketibdi.

Shunday qilib, chol ayyor tulkidan va devdan qutulib, murod-maqsadlariga yetibdi.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2016, 31-Dekabrda yuklangan

1107 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
chol dev tuxum o'tin arg'amchi qatirma ayrikaltak tulki yer ajina ins jins kampir uy tilak momaqaldiroq yomg'ir quyun shart
Muallif
Xalq og'zaki ijodi

Xalq og'zaki ijodi

Batafsil


Yangi Sehrli ertaklar Xalq og'zaki ijodi Sehrli ertaklari Xalq og'zaki ijodi asarlari