Sahifa yuklanmoqda . . .


Adashgan ruh

(Doston)

I

Quyoshning yog‘dusi qoradir,

Yulduzlar muzlardir to‘kilgan.

Bu daryo uzangan yaradir,

Daraxtlar egilgan, bukilgan.

 

Yulduzlar muzlardir to‘kilgan,

Toshlardek qotmishdir tumonlar.

Yerlarga tikonlar ekilgan,

Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar.

 

Bu daryo uzangan yaradir,

Hasratdir tinmagan hech qachon.

Jimirlab qaylarga boradir,

Boradir bezabon, bemakon.

 

Daraxtlar egilgan, bukilgan,

Yer tishlab yotibdir yaproqlar.

Toshlarga, mixlarga chekilgan,

Lochinlar, kaptarlar, chorloqlar.

 

Quyoshning yog‘dusi qoradir,

Quyoshning sochini o‘rgaymen.

Nahotki, eng so‘nggi choradir,

Adashgan Ruhni men ko‘rgaymen.

 

II

Toshlardek qotmishdir tumonlar,

Bulutlar falakning ohlari.

Kechmakda eronlar, turonlar,

Tubanda qorong‘u chohlari.

 

Bulutlar falakning ohlari,

Ingrog‘i, singrog‘i uchadir.

Tubanda musibat tog‘lari,

Qora qon ichindan kechadir.

 

Kechmakda eronlar, turonlar

Sudranib, paypaslab, itarib.

Kemakda solarak suronlar,

Eng go‘zal, eng dono, eng g‘arib.

 

Tubanda qorong‘u chohlari,

Qa’riga chaqirar, yaltirar.

Itlari, otlari, zog‘lari,

Xarsangga aylanar, qaltirar.

 

Toshlardek qotmishdir tumonlar,

Bilgisiz ochunning asari.

Tubanda gunohlar, imonlar,

Adashgan Ruh kezar sarsari.

 

III

Yerlarga tikonlar ekilgan,

Toshlarga, xarsangga sanchilar.

Turkiston tug‘lari tikilgan,

Betlashgan joni bor yanchilar.

 

Toshlarga, xarsangga sanchilar,

Cheki yo‘q yo‘qlikning nolasi.

Diydalar tomchilar, qamchilar,

Sabrning — Insonning bolasi.

 

Turkiston tug‘lari tikilgan,

Vatansiz zotlarning yo‘li berk.

 Zorlangan, zo‘rlangan, to‘kilgan,

Erkidan ayrilgan qutlug‘ erk.

 

Betlashgan joni bor yanchilar,

Tuyoqlar ostida bo‘zlaydir.

Jangchilar, pulchilar sanchilar,

Yog‘iylar yolg‘onni so‘zlaydir.

 

Yerlarga tikonlar ekilgan,

Dov uchun, ov uchun, g‘ov uchun.

Turkiston tug‘lari tikilgan,

Yov uchun, yov uchun, yov uchun.

 

IV

Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar,

Tarixning temirdan devori.

Akkadlar, sumarlar, yunonlar,

Bilingiz, bu — Turon diyori.

 

Tarixning temirdan devori,

Yilt etgan bir ziyo ko‘rinmas.

Moziyning ko‘milgan mozori,

Atrofda tirik jon urinmas.

 

Akkadlar, sumarlar, yunonlar,

Turkiylar, nahotki, kechmishdir.

Ketmishdir, yitmishdir jahonlar,

Yo‘qlikning zahrini ichmishdir.

 

Bilingiz, Bu Turon diyori,

Qonlari dunyoga sochilgan.

Yo‘q erki, yo‘q do‘sti, yo‘q yori,

Darchasi barchaga ochilgan.

 

Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar,

Bergaydir, albatta, mevasin —

Bu tunlar, bu kunlar, bu tonglar,

Men va Sen, Men va Sen, Men va Sen.

1991- yil 11- dekabr


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 21-Martda yuklangan

99 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
ruh quyosh yog'du yulduz muz dunyo yara daraxt tosh yer tikon yolg'on gumon hasrat zabon makon tish yaproq mix lochin kaptar chorloq soch chora bulut falak oh eron turon choh ingroq qon it ot zog' xarsang
Muallif
Rauf Parfi O'zturk

Rauf Parfi O'zturk

O'zbek milliy modern she'riyatining asoschilaridan biri va eng yirik vakili. Birinchi she’ri 1957-yilda e’lon qilingan. „Karvon yo’li“ (1968), „Aks-sado“ (1970), „Tasvir“ (1973), „Xotirot“ (1974), „Ko’zlar“ (1976), „Qaytish“ (1981), „Sabr daraxti“ (1986), „Sukunat“ (1991), „Tavba“ (2001) she’riy to’plamlari nashr etilgan. Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so’zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o’ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi Bayronning „Manfred“, Nozim Hikmatning „Inson manzaralari“, Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening „Dengiz xayoli“, A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa jahon she’riyati klassiklarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Rauf Parfi O'zturk She'rlari Rauf Parfi O'zturk asarlari